18 +  RSS  E-mail
12:04, 13 02 2019

Suvni tejang azizlar!


Sokin oqshom. Charchoq hissi bilan alahsib, tun yarim boʻlsa hamki  anchagacha uxlolmay yotdim. Nimadandir koʻnglim notinch. Tongga yaqin biroz uxlabman. Kun yorishib ketganini sezmabman ham.

— Yaxshiyam tushim ekan.

Koʻzimni ochgach, birinchi aytgan soʻzim shu boʻldi. Hovliga chiqsam onam supada koʻrpa qovib oʻtiribdi. 

— Qizim, ranging bir ahvolda, yomon tush koʻridingmi?

— Ha, oyijon!

— Bor, tushingni suvga ayt!

Hovlimiz oldidan oqib oʻtadigan ariq yoniga bordim. Tushga nimalar kirmaydi, deysiz. Tushimni eslashim bilanoq seskanib ketdim. Koʻzlarimdan yosh qalqidi…

Katta hovlimiz boʻylab havotirda u yoqdan bu yoqqa chopib, tinmay yugurayotgan emishman. Hech qayerda suv yoʻq, ariqda ham suv qurib, qaqshab yotganmish. Suvsizlikdan chanqab, tilim boʻgʻzimga tiqilgan. Gapirsam tovushim chiqmasmish.

Qoʻrqib ketib, onam oldiga chopib borsam, onam boʻgʻiq ovozda: “Suv joʻmragini yop” deya qayta-qayta tayinlayotganmish. Men esa: “Baribir suv kelmayapti-ku!”, deb suv quvuri yoniga borib, uning joʻmragini yopishga urinaman, lekin u hech buralmasmish. Tanamni sovuq ter bosgan, ogʻzim qurib, chanqab yotgan ekanman.

Men onamning aytganini bajarish maqsadida hovlimiz yonidan oqib oʻtadigan ariq boʻyiga bordim va ancha paytgacha shu yerda qolib ketdim. Suvga tikilib oʻtirib, hayolimda boʻlib oʻtgan voqealar bir-bir jonlandi.

“Shu tushimni suvga aytib bersam, axir suv ham tirik xujayralardan tashkil topgan boʻlsa, barcha  yomon hislar, notinchliklarni oʻziga singdirib olgach, uni boshqa insonlar ichsa, nima boʻladi, unga faqat yaxshi soʻzlar aytish kerak”, deb oʻyladim.

Suv — tabiatning bizga bergan ilohiy neʼmati. U  tanamizga kirib, chanqogʻimizni bosishi bilan birga, bizga kuch-quvvat baxsh etadi. Unga yomon tushlarni aytib boʻladimi? U oʻzidagi yomon hislarni, notinchliklarni insonlar kayfiyatiga singdirishi mumkin-ku, degan  mulohazalar bir-bir hayolimdan kechdi.

Yoz kunlari kelsa, biz doim quvurdan kelayotgan suvni oqizib qoʻyib, tagiga qovun- tarvuz tashlab qoʻyardik. Qancha ichimlik suvi behudaga isrof boʻlib ketardi. Suv bu tabiatning bizga bergan benazir inʼomi boʻlsa. Uni asrab-avaylab ishlatish biz insonlar qoʻlida-ku!

Men aniq xulosaga keldim va endilikda suvni isrof qilmasdan, uni tejab-tergab ishlatish kerakligini, usiz hayot boʻlmasligini anglab yetdim.  Buni  boshqalarga ham doimo eslatib turishni lozim topdim.

Sevinchoy SOBIROVA.

Foto: calypso-club.ru


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.