18 +  RSS  E-mail
12:02, 12 02 2019

Qoʻqon — Butunjahon hunarmandlar festivali mezboni


Festival kunlari tarixiy ziyoratgohlar boʻylab uyushtiriladigan sayyohatlar, hunarmandchilik va milliy liboslar koʻrgazmalari, badiiy va hujjatli fil’mlar tomoshalari, kitoblar, al’bom va fotosuratlar savdolari, askiya va qiziqchilar, fol’klor va dorbozlik jamoalari, polvonlar chiqishlari xalqimizning asrlar mobaynida sayqallanib kelayotgan qadriyatlarni butun dunyoga tarannum etadi.

Ayni kunlarda Qoʻqon shahrida xalqaro festivalga qizgʻin tayyorgarlik ishlari olib borilayotir. Koʻhna kentda Xudoyorxon oʻrdasi, Jome masjidi, Norboʻtabiy va Sohibzoda Hazrat madrasalari, Modarixon dahmasi va Dahmai shohon kabi 62 ta madaniy meros obʼektlari mavjud.

Festivalga tayyorgarlik ishlari jarayonida har bir madaniy meros obʼekti boʻyicha turli tillarda bukletlar tayyorlash, tashrif buyuruvchilarga yuqori darajada xizmat koʻrsatish faoliyatini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan. Tayyorgarlik jarayonida shaharda shu yilning avgustiga qadar 10 ta yangi mehmonxonalar foydalanishga topshiriladi, 5 ta mehmonxona kapital rekonstruktsiyadan chiqarilmoqda. Festivalning “yuragi”ni tashkil etuvchi Xudoyorxon oʻrdasida mukammal taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.

— Xalqaro festivalda ishtirok etish uchun 2018 yil yakunigacha 66 mamlakatdan 111 ta nufuzli tashkilotlar roʻyxatga olindi, — deydi “Hunarmand” uyushmasi Qoʻqon shahar boʻlimi raisi, ishchi guruhi aʼzosi Muxtorali Azimov. — Festival bosh logotipini tanlashda 150 dan ortiq variantlar taklif etilmoqda. Internet saytini ochish va uning dizayni ustida ishlar olib borilmoqda. Koʻzda tutilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari uch smenada tashkil etilgan.

Festivalda Qoʻqon hunarmandlari oʻz mahsulotlari koʻrgazmasi bilan ishtirok etishadi. Ular orasida xalq amaliy sanʼati va yogʻoch oʻymakorligi ustasi Otabek Umarov ham bor. Taniqli hunarmand Qodirjon Haydarovning evarasi boʻlgan Otabek hozirdan tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordi. Jumladan, festival oʻtadigan Oʻrda oldi majmuasiga barpo etish rejalashtirilgan ramziy kirish darvozalari uchun naqshinkor ustunlar tayyorlamoqda.

— Mazkur kirish darvozalari tashrif buyuruvchilarga shahrimiz hunarmadchiligi haqida dastlabki xulosalarni beradi, — deydi Otabek Umarov. — Otam Mirzayunus Umarov, ogʻa-inilarim Jahongir va Jamshid Umarovlar bilan balandligi 3,5 metr boʻlgan ikkita naqshinkor ustun tayyorlab qoʻydik. Yana ustunlar tayyorlash ustida ishlayapmiz.

— Xalqaro festivalda Rishton tumanidan ham jami 100 nafar ustazoda kulollar ishtirok etishi belgilangan, — deydi “Hunarmandlar” uyushmasi Rishton tumani boʻlimi raisi Bunyodjon Yunusov. — Hozirda mukammal tayyorgarlik ishlarini davom ettiryapmiz. Festival doirasida “Rishton moviy afsonasi” koʻrgazmasining ochilish marosimi boʻlib oʻtadi. Unda 800 xildan ortiq kulolchilik nodir asarlari namoyishi bilan birgalikda, kulollarimiz oddiy tuproq sanʼat darajasiga borib yetadigan jarayonlarni oʻz ichiga olgan mahorat darslarini ham tashkil etishadi. Shu yilning 1-3 iyun kunlari boʻlib oʻtadigan “Rishton sehri” xalqaro kulollar va kulolchilik mahsulotlari festivalini ham xalqaro xunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik jarayonlarining uzviy davomi sifatida anglash mumkin.

Elyorjon EHSONOV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.