18 +  RSS  E-mail
16:22, 12 02 2019

Firib berganning kosasi oqarmaydi


Hayotda shunday insonlar boʻladiki, umrining eng navqiron  va goʻzal damlarini  panjara ortida oʻtkazishga majbur boʻlishadi. Endigina  23 yoshga kirgan F.M. ham ana shunday kimsalar sirasidan ekan.

U dastlab jinoyatga qoʻl urganida yigirma bahorni qarshilagan yigit edi. Qilmishlari uchun ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga  ushlab qolgan holda uch yil axloq tuzatish  ishlari jazosi tayinlangan.  Oʻtalmagan muddat 2 yil 6 oyni tashkil etardi.

Har bir qadamini oʻylab bosadigan bir paytda, nazoratda boʻlishiga qaramasdan u yana jinoyatga qoʻl urdi.

Oʻzganing mol-mulkini firibgarlik, yaʼni aldash yoʻli bilan qoʻlga kiritish maqsadida sodda kishilarning ishonchiga kirishga ahd qildi. Tanishi X.E.ning uyiga ana shu niyatda qadam  qoʻydi.

X.E. “doʻsti”ning ishi “chandon yurishib ketganiga” juda xursand boʻldi. F.M. oʻzining aldoviga X.E.ni juda ishontirdi. Yaʼnikim, F.M. ayni kunda ish haqining maʼlum foizini davlat daromadi  hisobiga ushlab qolgan holda emas, balki viloyat IIB qoʻriqlash boshqarmasiga “ishga kirib,  faoliyat koʻrsatayotganligi”ni aytdi. X.E.ning uyiga tashrifidan maqsadi — yangi  lavozimi uchun qoʻriqlash xodimining maxsus kiyimini tiktirish uchun pul zarur  boʻlib turganligini aytdi. Doʻsti uchun shunday “xotamtoylik” ham qildiki,  agar istasa uning haydovchilik guvohnomasiga qoʻshimcha ravishda “S” toifasini ham bostirib berishi mumkinligini aytishni ham unutmadi.

Shunday qilib “yaxshi niyat” bilan kelgan doʻst quruq qaytmadi. X.E. unga naq 4 million soʻm pulni qoʻshqoʻllab tutqazdi. Axir  bermay boʻladimi, doʻsti yaxshigina joyga oʻrnashgan, undan madad soʻrab kelgan boʻlsa…

Oradan koʻp oʻtmadi. X.E. “doʻstiga” yana oʻqimasdan 100 AQSh dollarini haydovchilik guvohnomasiga qoʻshimcha toifa bostirib berish uchun chin dildan rozi boʻlib berdi. Chunki pixini yorgan F.M. doʻstining ishonchiga kirib olgan edi..

X.E. mardikorlik qilardi. Qaysidir hamqishlogʻining  duradgor va loy-suvoq  ustaga ishi tushsa, u bajonidil bajarar, xizmatiga berganini olib qoʻyaverar edi..

F.M. uning yana pulini shilishni oʻyladi. Agar istasa, unga viloyat huquq-tartibot organi va tijorat bankida ishlaydigan tanishlari yordamida X.E.ning akasini Markaziy bank viloyat boshqarmasining inkassatsiya xizmatiga ishga  kiritib berishini vaʼda  kildi. Bu xizmati uchun naq 400 AQSh dollarini, uning akasini ushbu vazifaga kiritish uchun yana 780 ming soʻm,  oradan 5 kunni oʻtkazib, yana 500 ming soʻm pulni firibgarlik qilib oldi.

Oradan oʻtib ketayotgan kunlar va oylar F.M.ning haqiqiy basharasini namoyon etdi. Uning  firibgarligi ayon boʻlib qoldi. Chunki u bergan vaʼdalar puch boʻlib chiqdi.

Aldanib qolgan shaxslar bu haqda huquq-tartibot idoralariga ariza berishdi. Oqibatda firibgarning qilmishlariga  yarasha jazo belgilandi.

F.M. 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Sud jarayonida uning yaqinlari  oʻzaro gap-soʻzlarida F.M. agar uylangan taqdirida jinoyatga qoʻl urmagan boʻlishi mumkinligini aytishdi. Ehtimol ular haqdir, balki u jinoyatlarini  “zerikkanidan”, boʻydoq yashayotganligidan qilgan boʻlishi mumkindir. Ammo uning ongi oʻzida emasmi axir?!

Oydin NURIYEVA.

Foto: blog.shopozz.ru


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.