18 +  RSS  E-mail
9:12, 11 02 2019

“Hovli” serialini maqtaganlar uchun AKS-SADO


Bugungi kunda xalqimiz va ayniqsa, yoshlarimiz ongiga salbiy taʼsir koʻrsatib kelayotgan turk seriallari muammosi dolzarbligi bilan koʻpchilikni tashvishga solib kelmoqda. Bizning oʻzbek milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz qolaversa, odob-ahloq va tarbiya mezonlariga umuman toʻgʻri kelmaydigan bunday seriallarni toʻxtatish vaqti kelmadimikan?

“Amerika Ovozi” OAV muxbiri Navbahor Imamovaning bu seriallar oʻzbek mentalitetining tub darajada yomon ahvolga solib qoʻyishi borasida xavotirga oʻrin yoʻqligini taʼkidlamoqda. Uning feysbukdagi shaxsiy sahifasida bunday axloqsiz seriallardan qolaversa, xorijiy media kontentlardan havotirlanish mantiqsiz, deb yozmoqda.

BIRINCHI IQTIBOS:

Masalan, «Hovli» faqat Turkiyada emas, Oʻzbekistonda ham bor. Ayollar koloniyasida oʻtirganlarning taqdiri turklarnikidan engilroq deb oʻylaysizmi? Efirdan olish bilan muammo yoʻq boʻlib qoladimi?

Birgina yuqoridagi iqtibosga nazar solib, tafakkur qiladigan boʻlsak, Navbahor Imamova yozayotgan “Hovli” Oʻzbekistonda balki bordir, lekin men istiqomat qilayotgan shaharda, uning atrofidagi tumanlarda, viloyatda borligini bilmayman. Aksariyat insonlar uchun bunday jirkanch epizodlar qorongʻu. Bu aniq fakt! Ularni taqdiri yengilmi ogʻirmi, muammo bunda emas! Muammo — ushbu serial orqali Oʻzbekiston hududida yangidan-yangi “Hovli”lar vujudga kelishida!

Azaldan xalqimiz soddalik, begʻuborlik singari hokisor tuygʻular bilan tarbiya topishgan. Bunday seriallar hozirgi oʻsib kelayotgan yosh avlod tarbiyasidagi boʻshliqni egallab olishi turgan gapdir. Boʻshliqni yaxshi odatlar bilan toʻldira olmaslik bu haqiqatdan ham jamiyatimiz muammosi. Biroq, turk seriallaridagi nomaqbul odatlar, qizlar qurol koʻtarib kimdandir qasos olishi, eri boʻla turib boshqasi bilan don olib yurishi singari bir talay jirkanch holatlar bilan toʻldirish kerak degani emas!

IKKINCHI IQTIBOS:

Oʻzbekistonda sevgi-muhabbat, vafosizlik, nafrat, adovat va jinoyat yoʻqmi? Odamlar hissizmi? Shu oʻlgur seriallarni koʻrmasa, odamlar odobli, iymonli va vijdonli boʻlib qoladimi?

Oʻzbekistonda siz taʼkidlayotgan adovat, jinoyatlar yoʻq emas. Amerikada bizdan battarlari bor. Turkiyada aql bovar qilmaydigan jinoyatlar sodir etiladi. Nima endi, bizda ham shunday jinoyat olami yuksak choʻqqilarga erishishi kerakmi? Shularga qarab jinoyat olami yanada rivojlanishi kerakmi? Shu mantiqli iqtibosmi? Agar shu iqtibos mantiqli boʻlsa kechdim bunday mantiqdan!

Shu oʻlgur seriallarni oʻrniga tarbiyaviy ahamiyatga ega, mardlikni, or-nomusni islom ahkomlarini, halol va haromni, ota-onani eʼzozlash, siylai-rahm, toʻgʻrisoʻzlikni targʻib qiladigan seriallarni qoʻysin oʻsha telekanal!

Albatta taʼsiri boʻladi!

Birgina oʻzimizning “Otalar soʻzi” qanchalik tarbiyaviy ahamiyatga ekanligini hayotiy misollarda koʻp koʻrganman.

UCHINCHI IQTIBOS:

Koʻzni va quloqni kattaroq ochib, yurak va dunyoqarashni kengroq qilish kerak. Qochib ketolmaysiz. Hamma bir goʻrda.

Koʻzni va quloqni Sizga oʻxshab kattaroq ochgan bilib turibdi ushbu serial qanchalik xavfli ekanligini? Dunyoqarashi keng boʻlgani uchun ushbu serialga qarshi chiqishmoqda.

“Farzandingga oʻzing tarbiya ber” — deydiganlar ham topiladi. Oʻzimiz berib olamiz tarbiyani ,lekin tarbiya bera olmaydigan oilalarni farzandlarini kim oʻylaydi? Jamiyatimizda seriallarga xavas qiladiganlar koʻpayib ketsa, qanday jamiyat boʻladi?

Bir tafakkur qiling! Siz havas bilan tilga oladigan demokratiya rivojlangan Amerika va Yevropada hayot qandayligini yaxshi bilamiz! Soʻz erkinligi bordir, xaq-huquqi poymol boʻlmas, amaldorlar xalqni qiynab tashlamas. Ammo, bizning azal-azaldan islom diniga shakllangan oʻzbek mentaliteti singari mentalitet bormi oʻsha Amerikada?

Ota-onasini qariganda eʼzozlaydigan, farzandini kelajagi uchun qaygʻuradigan, qoʻshnisiga bir kun ovqat chiqarmasa halovati yoʻqoladigan, qarindoshlariga siylai-rahm qiladigan, zakot-ehsonlarini toʻxtatmaydigan millat bormi? Mana shunday mentalitet bormi?

Har qalay “oʻzimga ziyon boʻlmasa boʻldi, begonaning farzandini tarbiyasi bilan necha pullik ishim bor, demasa boʻldimi?

Yana nima kerak Sizga?

Shumi tsivilizatsiya?!

Shumi zamonaviylik?

Shumi amerikacha hayot?

Agar jamiyat mana shunday illatlarga qarshi bosh koʻtarmasa, bosh koʻtarganlarni dunyoqarashi past, omi deb qaralsa, mana shunday ahloqsizlikni targʻib qilgan seriallar odatiy hol deyilsa, tupurdim bunday chirkin jamiyatga!

Tupurdim bunday demokratiyaga, bunday tsivilizatsiyaga!

Shuxrat YUSUPOV.

“Xalq fikri”dan

Foto: gunes.com


© 2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali O’zbеkiston matbuot va axborot agеntligi tomonidan elеktron OAV sifatida 2018 yil 1 iyunda 1233-sonli guvohnoma bilan davlat ro’yxatidan otkazilgan.
Dadil.uz dagi materialning bevosita manziliga faol havola qilinib, xat boshida “DADIL.UZ xabar beradi” deb ko’rsatilgan taqdirda ushbu materiallardan qisman yoki toʻliq foydalanishga ruxsat etiladi.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.