18 +  RSS  E-mail
18:14, 08 02 2019

TIV konsullik-huquqiy departamenti maʼlumoti


Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mamlakatimiz fuqarosi Otabek Boltayevning 2019 yil 5 yanvar kuni Moskva shahridagi fojiali oʻlimi va keyinchalik ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan nashrlar bilan bogʻliq vaziyatdan xabardorligini maʼlum qilamiz.

Avvalambor vafot etgan vatandoshimizning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdarligimiz va taʼziyamizni izhor etamiz.

Shu oʻrinda qayd etish joizki, Oʻzbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi Konsullik boʻlimining maʼlumotiga koʻra, marhumning qarindoshi deya tanishtirilgan Baxodir Axmedov 2019 yil 9 yanvar kuni Konsullik boʻlimiga murojaat qilishidan bir kun avval O.Boltayev ishlagan joyi “Jilishnik Presnenskogo rayona” davlat byudjet muassasasi (DBM) rahbariyatidan marhumning jasadini Oʻzbekistonga olib kelish va dafn etish uchun 100 ming rublni (1.500 AQSh dollari) imzo qoʻyib olgan. Bunda, marosim xizmatlari va aviatashuv narxi 50 mingdan 100 ming rublgacha boʻlgan qiymatni tashkil etadi.

Shuningdek, DBM direktori I.N.Kostinning buyrugʻiga binoan marhum O.Boltayevning turmush oʻrtogʻi Sh.Boltayeva nomiga 250 ming rubl miqdoridagi bir martali moliyaviy yordam B.Axmedov taqdim etgan bank kartasiga oʻtkaziladi.

Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 220, Fuqarolik kodeksining 1084 va 1088-moddalariga koʻra, ish jarayonida shaxsga yetkazilgan zarar uchun javobgar tomon toʻliq ravishda ish beruvchi hisoblanadi.

Bundan maʼlum boʻladiki, B.Axmedov Elchixona Konsullik boʻlimiga murojaat qilishidan oldin marhum O.Boltayevning jasadini yuborish uchun yetarli moliyaviy mablagʻga ega boʻlgan va uning moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelganligi toʻgʻrisidagi xabari haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.

Elchixona Konsullik boʻlimi O.Boltayevning qarindoshlari yuqorida koʻrsatilgan pul mablagʻlarini olganligi yoki huquq tartibot organlariga (Rossiya qonunchiligiga muvofiq) boquvchining vafoti sababli ish beruvchi tomonidan yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni qoplash hamda aybdorlarni texnik xavfsizlikni taʼminlashda yoʼl qoʻygan xatolari uchun jinoiy javobgarlikka tortishni soʻrab arz qilganliklari toʻgʻrisida maʼlumotga ega emas.

TIV Konsullik-huquqiy departamenti marhum O.Baltayevning oila aʼzolari yoki qonuniy vakili murojaat qilgan taqdirda, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga tayyor ekanligini bildiradi.

Oʻz navbatida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 3839-sonli Qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish Jamgʻarmasi tashkil etilgan. Mazkur Qarorga koʻra, xorijda vafot etgan fuqarolarimizning jasadlarini Vatanga olib kelish bilan bogʻliq harajatlar Jamgʻarma tomonidan qoplanishi belgilangan.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.