18 +  RSS  E-mail
11:02, 08 02 2019

Mahoratli atletlar Samarqandda kuch sinashmoqda


Samarqand viloyati sportning oʻyin turlari va yengil atletika boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabida ogʻir atletika boʻyicha 2002 yil tugʻilgan va undan kichik yoshdagi oʻsmirlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati boʻlib oʻtmoqda.

Besh kun mobaynida oʻtkaziladigan musobaqada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 250 nafardan ortiq oʻgʻil-qizlar ishtirok etishmoqda. Mazkur musobaqa joriy yil boʻlib oʻtadigan Jahon va Osiyo chempionatlari uchun saralash vazifasini oʻtab beradi.

Mazkur musobaqa joriy yil mart oyida AQShdan oʻtadigan jahon chempionati oldidan muhim saralash bosqichi vazifasini oʻtab beradi. Musobaqa doirasida hakamlar va murabbiylar uchun seminar ham tashkil etish koʻzda tutilgan. Bunda asosan yoshlar bilan ishlash, sektsiya ishlarini tashkil etish, dopingga qarshi kurash boʻyicha treninglar oʻtkaziladi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, musobaqada sovrinli oʻrinlarni egallagan mahoratli sportchilar mamlakat yoshlar terma jamoalariga qabul qilinadi.

Musobaqada oʻgʻil-qizlar oʻn vazn toifasida bahslarga kirishmoqda. Bahslar qizgʻin kurashlar ostida oʻtmoqda. Musobaqaning dastlabki kunida navoiylik Ozoda Xodjayeva siltab koʻtarishda 67 kg, dast koʻtarishda 53 kg koʻrsatkichni qayd etib, umumiy natija 120 kg bilan birinchi oʻrinni egalladi.

Musobaqa 10 fevralga qadar davom etadi. Ishtirokchilarga musobaqa davomida koʻtarinki kayfiyat ulashish maqsadida tashkilotchilar va Samarqand viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan tarixiy obidalarga sayohatlar uyushtirilmoqda.

Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.