18 +  RSS  E-mail
12:41, 07 02 2019

Oʻgay…


Koʻpincha oʻz boshimizdan oʻtkazganlarimizni yaqinlarimizdan yashiramiz. Balki bu jigarlarimizni ayaganimizdandir?! Bugungi hikoyamiz ham xuddi shunday…

— Muhayyo, menga qara, almashib ish qilish joningga tegmadimi? Kel, onangning aytganini emas, oʻzimiz istaganimizni qilamiz, — dedi Gulshoda qisiq koʻzlarini battar qisib, lablari pirpirab.

Muhayyoga har galgidek, uning “onangni” degan soʻzi yoqmadi. Gulshodaga tekkan kasal. Ota-onasining oldida yaltoqlanib “aya, aya” deb oʻzini yaxshi koʻrsatadi. Yolgʻiz qolganida esa bunaqa gap. Gulshodaning ikkiyuzlamachiligi uni gʻazablantiradi. Lekin ichiga yutadi.

— Nima qilmoqchisan? — dedi u qosh chimirib.

— Biram badqovoqsanki… Men senga yomon gap aytmadim-ku. Shunchaki birimiz har doim uyning, ikkinchimiz har safar dalaning ishini qilaylik, demoqchi edim. Toʻgʻrisini aytsam, menga dalada ishlash juda yoqadi. Qizlar bilan qiyqirib, oʻynab paxta chopiq qilamiz. Uyda zerikadi odam. Tush mahali daryoga choʻmilishni aytmaysanmi? Mayli, sen bu yerda baribir yangisan. Sen har kuni dalaga chiqaqol. Ham dugona, tanish orttirasan, ham roʻzgʻorning ezib yuboradigan ishlaridan qutulasan, — dedi Gulshoda oʻzini mehribon tutib.

Muhayyo uning galdagi ayyorligini tushundi. Endigina oʻn uch yoshni qarshilagan, oʻzi tengi bu qizning qachon bunchalar pishiq boʻlib ulgurganini bilolmasdi.

Qoʻlini sovuq suvga ham urishni istamaydigan, yalqovligi uchun otasidan koʻp gap eshitadigan Gulshoda aslida yozning chillasida terga botib dalaga borishdan qutulishning yoʻlini topgandi. Biladiki, Muhayyo unga qarshi bir soʻz demaydi.

— Aya, biz Muhayyo bilan kelishib oldik. U har kuni dalaga ishga boradigan, men esa uyning ishlarini qiladigan boʻldim, — dedi kechki ovqatni yeyishayotgan vaqtda u ota-onasiga bir-bir boqib. — Muhayyoning oʻzi shuni istadi.

Bunga javoban Muhayyoning xoʻrsinishidan boshqa hech sas eshitilmadi. Oʻsha kundan boshlab u tong qorongʻisidan dalaga otlanardi. Aslida ularning dalada yeri yoʻq. Buni otasi tayinlagandi:

— Jonibek aka “Qizlaringiz dala ishlariga koʻmaklashib yuborsin. Kuzda mehnati uchun gʻoʻzapoya beraman. Sotib olib yurmaysiz”, dedi. — Har kun birortang uning qizlari bilan dalaga bor.

Murosakor onasi birdan dedi:

— Almashib borishadi. Shunda norozilik boʻlmaydi.

Mana, dalaga chiqa boshlashganiga bir hafta boʻlmasdan Gulshoda bu nayrangni topdi. U har doim “engilning ostidan, ogʻirning ustidan” yurib oʻrgangan.

Muhayyo daladan horib, ochqab keldi. Ertalab oʻzi bilan olib ketgan non va pomidor kuch boʻlarmidi?

— Keldingmi, Muhay, tez supaga suv sepib yubor. Hozir dadang kelsa baqiradi. Ukalaring ham koʻchaga chiqib ketgandi. Topib kel.

“Uy ishlarini Gulshoda qilaman, degan edi-ku?”

Muhayyo bu gaplarni tashqariga chiqara olmadi. Indamay qoʻliga chelak olib, ariq tomon yurdi.

— Birdan supurib yubor. Menga Shahlo toʻqishni oʻrgatayotgandi. Vaqt yoʻqotmay, — ichkaridan ovoz berdi Gulshoda.

Ogʻir xoʻrsiniqni ichiga yutgan Muhayyo onasiga qaradi. Onasi jon-jahdi bilan sigir sogʻayotgandi. Qiz bildiki, onasi ishdan endi kelgan. U — hamshira. Uch-toʻrtta qishloqni aylanib, bolalar va homilador kelinlarni roʻyxatga olib yuradi.

— Dada, qarang, men nima toʻqiyapman, — kechki ovqatni yeb boʻlishganda Gulshoda otasining eʼtiborini tortib.

— Dasturxonni olinglar, qani olib kel-chi? — dedi ota.

— Idishlarni ol, — dedi onasi ham Muhayyoga qarab.

Koʻzlari tolib, munkib ketayotgan qiz yana oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Xullas, Gulshodaning shumligidan roʻzgʻor yumushlari ham, paxta chopigʻi ham Muhayyoning gardaniga tushdi.

— Nimaga dalaga chiqaman, deding? Har kuni boshingdan issiq oʻtib, paxta chopib zarilmi, senga? Almashib borsanglar, harna bir kundan dam olarding-da — dedi oxiri onasi kuyinib. — Koshki, shu Gulshoda uyning ishini eplasa. Baribir roʻzgʻorning ikir-chikirini ham senga qildiryapti. Biram soddasanki…

Muhayyo onasining koʻzlariga tikildi. Bir soʻz deya olmadi.

— Yana “Onam Gulshodaga oʻgaylik qilyapti”, demagin. Men ikkalangni ham bir koʻzda koʻraman. Hatto, Gulshodaga koʻproq rahmim keladi. Onasizlik yomon-da. Shuning uchun koʻngliga qaray deyman. Lekin seniyam ayayman. Bolamsan, axir. Biz turmush qurayotganimizdayoq dadang bilan kelishib olganmiz. “Bolalarimizni ajratmaymiz, oʻgaylik qilmaymiz”, deb. Shuning uchun ham oilamiz tinch. Ammo rangingga qarab, chidolmay ketyapman. Ertadan boshlab dalaga almashib chiqinglar.

— Xoʻp…

“Bechora onam… Har kuni ikki oʻt orasida yonadi. Gulshodaga rahmi keladi, menga joni achiydi. Buni Gulshoda bilsa ekan…”

— Dalaga almashib chiqa qolinglar. Ertaga sen paxtaga bora qol, Gulshoda, — dedi onasi kechqurun.

Gulshoda Muhayyoga oʻqrayib qarab, baqira ketdi:

— Oʻzing dalaga chiqaman deb, endi aynib oʻtiribsanmi? Shahloga nima deyman? Unga har kuni toʻqishni oʻrgangani uylaringga boraman, deb qoʻyganman. Yolgʻonchiga chiqamanmi? Yo meni koʻra olmayapsanmi? Toʻqishga borib, bitta-ikkita uy ishini qilolmaganimga shunday qilyapsanmi, yo? Shuni ayamga aytmay, oʻzimga aytsang boʻlardi-ku!

Muhayyo gap topolmay qoldi. Onasi oʻngʻaysizlandi. Otasining esa qoshlari chimirildi.

— Toʻqishing esimdan chiqibdi, qizim. Muhayyoning oʻzi bora qoladi, — dedi keyin onasi.

Shu-shu to gʻoʻzapoyalar yigʻilib, dala ishlari tugamaguncha Muhayyo unini chiqarmadi.

Onasi bilan bu oilaga kelganiga yaqinda besh yil boʻladi. Bu yillar ichida u ikki ukaning opasiga aylandi.

— Uf-f, ukangning ovozini oʻchir. Hozir oʻlasi qilib uraman — zahrini sochardi Gulshoda.

— Ular sening ham ukang…

— Ovozini oʻchirasanmi, yoʻqmi?

Muhayyo ukasini bagʻriga bosib, ovutishga urinardi.

Eng dahshatli va kutilmagan voqea qishda, ikki qiz hammomda choʻmilayotganda yuz berdi.

— Vah, oyogʻimni pechga tekkizib oldim, kuydi, qara, — dedi Gulshoda pufakcha hosil qilgan tizzasini koʻrsatib. Soʻng oʻz-oʻzidan hazillasha boshladi:

— Mana, senga…

Muhayyo badaniga tekkan muzdek suvdan qiyqirdi:

— Muzday-ku.

— Issigʻi kerakmi, mana?

Endi yuzi aralash kelib tekkan qaynoq suvdan Muhayyo chinqirib yubordi:

— Ayajon! Koʻzim…

Uning kuygan yuzini koʻrib, onasi hushidan ayrilay dedi. Oʻzini tutib turolmay baqirdi:

— Gulshoda, hushing joyidami?

— Oʻzi boshladi. Mana, mening oyogʻimni kuydirdi avval. Endi sizam baqiryapsiz? Dada! — Gulshoda yigʻlay boshladi.

Muhayyo uning qiligʻidan qotib qoldi.

— Doim men aybdorman. Ayamga oʻgayman-da… Oʻzimning onam boʻlganida… — battar uvlashga tushdi Gulshoda.

Birdan Muhayyoning jarohati hammaning yodidan koʻtarildi.

— Nega bunaqa qilding? Nima uchun Gulshodaning oyogʻini kuydirding? — shundoq ham jizillab turgan yuziga shapaloq tortdi onasi.

— Nima deb kelishgandik? Men biror marta qizingga oʻgaylik qildimmi? Uni onangnikiga joʻnat — oʻshqirdi otasi.

“Men aybdor emasman. Men hech narsa qilmadim. Uning oʻzi… Oʻzi qildi-ku hammasini…”

Muhayyo bu soʻzlarni yana ichida aytdi. Tiliga koʻchira olmadi. Oʻksib-oʻksib yigʻlarkan, onasiga koʻz qirini tashladi. Onasi ham yigʻlardi. Qiz sezdiki, onasi qiynoqda, arosatda…

Shu voqeadan keyin shifoxonadan chiqqan Muhayyoni onasi togʻasinikida qoldirdi. Ikki oycha vaqt oʻtgach, mehmonga kelgan onasi unga dardini ochdi:

— Gulshodani bilmagan ekanman. Men yoʻgʻimda ukalarini tinmay urarkan, chimchilarkan. Oʻtgan hafta dadang uni xolasinikiga joʻnatib yubordi. Onasi oʻlganida ham shu xolasinikida yashagan ekan.

— Yana olib kelasizlarmi? — boʻgʻziga nimadir tiqilib dedi Muhayyo. Chunki uning oʻzi ham onasi bilan yashashni juda xohlardi. Afsuski…

— Olib kelamiz. Ozroq esi kirsin, dedi dadang, — koʻzlarini olib qochdi ona. — Balki, u kelgach, seni ham olib ketarmiz…

Uyga qaytayotganida esa qizining iltijoli nigohi yuragini ezib yubordi. Koʻzlarida yosh bilan kirib keldi uyiga. Ertasiga esa oʻgʻillarini qoʻshniga qoldirib, ishga ketdi.

— Soyli qishlogʻiga oʻtib kelsangiz. Endi oʻsha qishloq ham bizga qararkan. Chaqaloqlar, homilador ayollar, yangi turmush qurgan kelinlar, tugʻish yoshidagi ayollar hamma-hammasini roʻyxatga olish kerak, — dedi unga bosh shifokor.

Ayol yoʻlga tushdi. Begona joy, ilk tashrifi boʻlgani bois mahalla raisini surishtirdi.

— Anuv, oq binoga kirsangiz, oʻsha yer mahalla, — dedi bir bola.

Mahalla raisi qoʻshib bergan qiz bilan u qishloqni aylana boshladi. Bir payt kutilmaganda eshitilgan ovoz uni esankiratib qoʻydi.

— Aya, ayajon. Aya-ya.

Ovoz tanish, ammo kimnikiligini u anglab ulgurmasdan koʻzlari Gulshodaga tushdi. Qizaloq jon jahdi bilan unga qarab yugurib kelardi:

— Ayaj-o-on! Ayaj-o-on! — unga yetay deganda qiz yiqildi. Koʻzlaridan yuziga oqqan yosh tuproq bilan qorishdi. Shunda ham u oʻrnidan turib chopdi: — Aya!

— Bolam — ayolning ham mehri iydi. Bagʻri kuyib, unga intildi: — Bolajonim.

Gulshoda oʻzini uning bagʻriga otdi:

— Meni olib keting, ayajon. Olib keting…

— Olib ketaman, bolam. Olib ketaman.

Ayol oʻzi bilmagan holda Gulshodaning xolasi yashaydigan qishloqqa kelganini tushundi. Marhum kundoshining singlisi bilan gaplashib, Gulshoda bilan birga qaytdi. Albatta bu ishidan eri mamnun jilmayib qoʻydi.

— Dada, ertaga singlimni ham olib kelaylik, — dedi qiz yerdan koʻz uzmay. — Boshqa urishmayman u bilan.

Otasi bosh irgʻadi, onasi esa qizni quchib yigʻlay boshladi…!!!

Dilnoza XALMETOVA.

“Ona mehri”dan.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.