18 +  RSS  E-mail
10:34, 07 02 2019

24 soat ish, 4 ta xorijiy til


Tadbirkor xususiy bogʻcha faoliyatini shu tartib asosida tashkil qildi

Qarshi shahridagi Aralovul mahallasi hududida «Wunder children» (“Bilimdon bolalar”) nomli yangi xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi ish boshladi.

Prezidentimizning maktabgacha taʼlim tizimini tubdan isloh qilish, sohada xususiy sektor ulushini oshirish orqali oʻzaro halol raqobatni shakllantirish, xususiy bogʻcha tashkil etayotgan ishbilarmonlarga imkoniyat va imtiyozlar yaratib berish borasidagi tashabbuslaridan ruhlangan tadbirkor Xurshida Hakimova ana shu loyihani amalga oshirdi.

Binoga kirishingiz bilan tadbirkorning bu ishga astoydil yondashganini his etasiz. Beixtiyor kayfiyatingiz koʻtarilib, havasingiz ortadi. Yana bolalik damlariga qaytish orzusi uygʻonadi.

— Yaqindagina ish boshlaganimizga qaramay, tarbiyalanuvchilarimiz soni kundan-kunga oshib bormoqda, — deydi muassasa mudirasi Gulsara Vohidova. — Muassasamizda 90 nafar bolaga taʼlim-tarbiya berishni maqsad qilganmiz. Badiiy gimnastika, sport toʻgaraklari tashkil etyapmiz, shuningdek, ingliz, rus, koreys va xitoy tillaridan mashgʻulotlar olib boramiz.

 Ahamiyatli jihati, tadbirkor ishni tashkil etishda ota-onalar uchun barcha qulayliklarni yaratishga eʼtibor qaratgan. Bogʻcha aksariyat ota-onalarning ishda boʻlish vaqtini inobatga olgan holda, ertalab soat yettidan kechki yettiga qadar, yaʼni 12 soat ishlaydi. Bundan tashqari, talab asosida 24 soatlik guruhga ham tarbiyalanuvchilarni qabul qilish imkoni yaratilgan.

Xususiy bogʻchada tadbirkor foyda olishni koʻzlaydi va shu asosda eng avvalo ishni rivojlantirishni, mijozlar ishonchini qozonishni oʻylaydi. Taʼlim va tarbiyani sifatli tashkil etishga, yangi imkoniyatlarni ishga solishga harakat qiladi. Bunga tadbirkor Xurshida Hakimova amalga oshirayotgan ishlar misolida yana bir bora amin boʻldik.

Sobir NARZIYEV.

Muallif olgan suratlar.


© 2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali O’zbеkiston matbuot va axborot agеntligi tomonidan elеktron OAV sifatida 2018 yil 1 iyunda 1233-sonli guvohnoma bilan davlat ro’yxatidan otkazilgan.
Dadil.uz dagi materialning bevosita manziliga faol havola qilinib, xat boshida “DADIL.UZ xabar beradi” deb ko’rsatilgan taqdirda ushbu materiallardan qisman yoki toʻliq foydalanishga ruxsat etiladi.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.