18 +  RSS  E-mail
14:46, 06 02 2019

Rossiyaga OPEKni isloh etishni taklif qilishdi


Rossiya Saudiya Arabistonidan OPEK (Neftni eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti) bilan yangi shartlar asosida hamkorlik qilish haqida taklif oldi, deya yozadi The Wall Street Journal.

Er-Riyodning yangi tashabbusi kartel tuzilmasi va faoliyatini oʻzgartirishga qaratilgan. Yangi shaklda u Moskva boshchiligidagi bir guruh mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Hozirda OPEKga aʼzo boʻlmagan davlatlar faqat neft qazib olishni qisqartirish boʻyicha kelishuv doirasida OPEK + da ishtirok etishadi. Kelishuv oxirgi marta oʻtgan yilning dekabrida uzaytirildi.

Taʼkidlanishicha, yangi taklif 18 fevral kuni Vena shahrida boʻlib oʻtadigan yigʻilishda muhokama etiladi va yakuniy qaror aprel oyida qabul qilinishi kerak. Agar tomonlar kelishuvga erishsalar, yangi ittifoq uch yilga tuziladi va uning qarorlari qonuniy kuchga ega boʻlmaydi.

Avvalroq, Saudiya Arabistoni OPEK oʻrniga yangi tashkilot tuzishni taklif qilgandi, unda Rossiya toʻliq aʼzo maqomiga ega boʻladi. Ushbu gʻoya Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonga tegishli edi. OPEK 1960 yilda tashkil etilgan. Hozirgi kunda unga 14 mamlakat aʼzo. 2019 yil 1 yanvardan Qatar aʼzoligi toʻxtatildi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.