18 +  RSS  E-mail
10:07, 04 02 2019

Singapur kompaniyasi Kasbida toʻqimachilik mahsuloti ishlab chiqaradi


Joriy yil oxiriga qadar Kasbi tumanida «Indorama-agro» xorijiy korxonasi tomonidan tekstil fabrikasi faoliyati yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutilgan. Umumiy qiymati 35 million AQSh dollariga baholangan ushbu istiqbolli loyiha doirasida toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish tashkil etiladi. Ushbu tashabbus toʻliq chet el sarmoyasi hisobidan roʻyobga chiqariladi. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali — regulation.gov.uz da eʼlon qilingan «2019-2020-yillarda Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanining sanoat salohiyatini oshirish toʻgʻrisida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida shu haqda soʻz boradi.

Bu hujjatga asosan Kasbi tumanida sanoatni rivojlantirish sohasidagi loyihalarning manzilli roʻyxati tasdiqlanishi belgilangan. Bu roʻyxatdan esa 64 ta sanoat yoʻnalishidagi loyiha oʻrin olgan. Ularni amalga oshirish uchun jami 394 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. Shuning 44 million AQSh dollarini xorijiy investitsiyalar tashkil etishi kutilayapti.

Singapurning tekstil sanoatidagi yirik kompaniyasi taʼsischiligida faoliyat boshlagan «Indorama-agro» xorijiy korxonasi ilgari surgan tashabbus, shubhasiz, eng yirigidir. Loyiha hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilsa, 70 kishining bandligi taʼminlanadi.

Boshqa bir yengil sanoat korxonasi — «Big region» masʼuliyati cheklangan jamiyati Kasbi tumanida trikotaj va jinsi mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etishga doir biznes-rejani taklif etgan.

Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, shu paytgacha Kasbi tumanida paxta tolasini chuqur qayta ishlash va undan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi yirik korxona mavjud boʻlmagan. Eʼtiborlisi, hududda har yili katta miqdorda tarmoq barqaror ishlashi uchun zarur qimmatli xom ashyo yetishtiriladi.

M.SHUHRATOV.


© 2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali O’zbеkiston matbuot va axborot agеntligi tomonidan elеktron OAV sifatida 2018 yil 1 iyunda 1233-sonli guvohnoma bilan davlat ro’yxatidan otkazilgan.
Dadil.uz dagi materialning bevosita manziliga faol havola qilinib, xat boshida “DADIL.UZ xabar beradi” deb ko’rsatilgan taqdirda ushbu materiallardan qisman yoki toʻliq foydalanishga ruxsat etiladi.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.