18 +  RSS  E-mail
16:12, 29 01 2019

Muammolarni hal qilish kechiktirilmaydi


Jamoatchilik nazorati guruhi oʻn kundan buyon Payariq tumanida boʻlib, aholi bilan muloqot qilmoqda.

Yangiobod mahallasi hududidagi 9 qishloqda 840 xonadon mavjud. Ularda 4820 nafar aholi istiqomat qiladi.

Hududda bir qator korxonalar boʻlishiga qaramay ishsizlik muammolari bor. Yoshlarning aksariyati ishsiz. Shuningdek, oʻrganish jarayonida mahalladagi tibbiyot va taʼlim muassasalari hamda boshqa ijtimoiy soha obʼektlarida yechimini kutayotgan muammolar koʻpligi aniqlandi. Ichki yoʻllarni taʼmirlash, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz taʼminotidagi muammolar borligi kuzatildi. Muhimi, muammolarga yechim topish boʻyicha oʻsha kuni yoki uch kun ichida mutasaddilar tomonidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Mahallada yashovchi X.Rajabovning xonadonini borib oʻrganganimizda oilaning nochor ahvolda ekanligini koʻrdik. Oilaning olti nafar farzandi bor. Turmush oʻrtogʻi bilan sharʼiy nikohda yashaydi. X.Rajabovning oʻzi oʻn kundan buyon oyogʻi ishlamay toʻshakda yotibdi. Shifokorlarga murojaat qilishmagan. Uyda na oʻtin, na koʻmir va na gaz balloni bor. Zudlik bilan chaqirtirilgan tez yordam mashinasi loy tufayli yoʻldan oʻtolmagach, shifokorlar bemorning uyigacha piyoda borishiga toʻgʻri keldi. Shu kuni unga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilib, tashxis qoʻyilgach, shifoxonaga yotqizildi.

Yoʻltepa qishlogʻida yashovchi asr bilan yuzlashgan Xurum momo Umirovaning xonadonida yetishmovchilik yoʻq. Ammo 1919 yilda tugʻilgan momoning haligacha biometrik pasporti olmagani maʼlum boʻldi. Shuningdek, onaxon 4 yil muqaddam yiqilib, oyoqlari singan ekan, toʻshakda yotib qolgan. Nogironlik aravachasiga muhtojligi bor.

Shu qishloqda yashovchi 83 yoshli Tursunoy Norqulova hanuzgacha sobiq SSSR pasporti bilan yuribdi. Shu joyning oʻzida mahalla raisi T.Xudoyberdiyev yordamida tuman ichki ishlar boʻlimi bilan bogʻlanib, ularning pasportini almashtirish choralari koʻrildi.

Yoʻltepa-2 qishlogʻida yashovchi Q.Toshboyev oilasida nogiron qiz yashaydi, oʻgʻli esa 8-sinfda oʻqiydi. Oila bekasi ikki yil ilgari vafot etgan. Xonadonda otadan boshqa ishlab, oila boquvchi yoʻq. Mahalla fuqarolar yigʻini tomonidan bu oilaga moddiy yordam tayinlandi.

Toʻgʻrisi, dastlab aholi jamoatchilik nazorati guruhlariga ishonmay qaradi. Chunki ilgari ham koʻp marta hokimiyat vakillari kelib, muammolarni yozib ketgan, lekin muammolar hal boʻlmagan ekan. Bu safar ham shu gap takrorlanadi-da, deguvchilar boʻldi.

Biror xonadon muammosini shu yerning oʻzida hal qilib bersangizgina uy egalarining fikri oʻzgarmoqda. Ayrim muammolar qaysidir bir tashkilotning eʼtiborsizligi sababli paydo boʻlgan. Masalan, uy-joy kadastri xizmati tumandagi barcha xonadonlarni xatlovdan oʻtkazganiga qaramay, oʻrganilgan har beshta xonadonning uchtasida kadastr hujjatlari yoʻq. Aholiga oʻz vaqtida uy-joy hujjati qilinmasa, jarima toʻlashiga toʻgʻri kelishi tushuntirilmagan.

Oʻrganish davomida birgina Yangi¬obod mahallasida 300 ta suyultirilgan gaz balloniga ehtiyoj borligi maʼlum boʻldi. Tuman gaz taʼminoti boʻlimidagilar esa mahallaning 200 tadan koʻproq ortiqcha gaz balloni olganligini aytishmoqda.

Darvoqe, muammolar nafaqat aholida, balki ularni boshqarib turgan mahalla fuqarolar yigʻinida ham bor ekan. Yaʼni, mahallaning oʻz binosi yoʻq. Oqsoqol va xodimlar bolalar bogʻchasining bir xonasidan foydalanib turisharkan.

– Aslida bizning bu yerda faoliyat yuritishimiz notoʻgʻri, – deydi mahalla fuqarolar yigʻini raisi Tirkash Xudoyberdiyev. – Shunda ham kechqurun bolalar yoʻq vaqtida borib ishlashimizga toʻgʻri keladi. Boshqa vaqtlarda fuqarolarni uyda qabul qilishga toʻgʻri kelmoqda.

Bu muammoning yechimi bor ekan. Buning uchun eski maktab hududidan joy ajratib berilsa kifoya. Ammo mahallaning shu hududdan joy ajratib berish toʻgʻrisida tuman hokimligiga bergan taklifi haligacha koʻrib chiqilmagan.

Bir haftalik oʻrganishlar davomida xonadonma-xonadon kirish, odamlar bilan muloqot qilishning qanchalik samarali ekanligiga oʻzimiz ham guvoh boʻldik. Demak, davlatimiz rahbarining mutasaddilarni ushbu tartib asosida ishlashga daʼvat etishi bejiz emas ekan. Haqiqatan ham rahbar, xalq bilan ishlaydigan masʼul bugun kabinetida murojaatchini kutib oʻtirishi kerak emas, ular huzuriga oʻzi borishi lozim. Shu nuqtai nazardan joriy yilning 1 fevralidan boshlab joylardagi Xalq qabulxonalarining ham aholi muammolarini uyma-uy yurish orqali aniqlashi, davlat organlarining xalq bilan yanada yaqin boʻlishini taʼminlaydi.

Dilmurod TOʻXTAYEV,

Jamoatchilik nazorati guruhi aʼzosi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.