18 +  RSS  E-mail
8:02, 23 01 2019

Menga Jannatim Onam kerak!


Taʼsirli hikoya

Yangi kelinchak qaynonasi kelib oʻtirgan dasturxon ustidan ensasini qotirib turib ketdi. Uning bu qiligʻi eriga gʻalati tuyuldi.

— Nimaga dasturxondan turdingiz, xonim? Sizga nimadir yoqmadimi? — dedi.

Ayol:

— Oyingizning qoʻllari kir ekan. Ishtaham bugʻilib, koʻnglim aynib ketdi!

— Shu sabab turdingizmi? Hoʻp, nima qilish kerak, azizam? Ayting!

— Oyingiz oʻzi ovqatlansin! Biz bilan bir dasturxon uzra oʻtirmasin! Bundan keyin uni biz bilan birga koʻrishni xohlamayman!

— Xoʻp, xoʻp boʻladi. Bugundan eʼtiboran, oyim alohida, oʻzlari oʻtiradilar. Lekin men, siz aynan onamning biz bilan taomlanishlaridan emas, bir uyda yashashlaridan ham qalbingiz siqilayotganini sezyapman. Sizga qolsa, onam biz bilan yashamasalar, a?

— Gapning ochigʻi shunday, men oʻz uyimda ular sabab xotirjam yasholmayman! Erkinlikka oʻrganganman!

— Xabaringiz bor. Onamning yolgʻiz farzandiman. Ular keksa boʻlib qoldilar. Nima qilishim kerak?

— Masala hal, qariyalar uyiga olib borish kerak. Vaqti-vaqti bilan borib koʻrib kelasiz. Agar shunday qilmasangiz, ota uyimga ketaman. Oldingizga qaytib kelmayman.

— Xoʻp boʻladi, azizam! Menga siz baxtli boʻlsangiz boʻldi. Onamni qariyalar uyiga olib boraman! — deb ayoliga tabassum qildi.

— Ha aytgancha, kecha dadangiz menga qoʻngʻiroq qilib, uylariga chaqirdilar-a?

— Ha, chunki men iltimos qilgan edim!

— Takliflarining sababi nima, azizam?

— Ertaga borganimizda bilib olasiz! Endi men borib uxlab dam ola qolay! — dedi ayol.

Soʻng onasining xonasiga kirdi. Onasi:

— Bolam, xotiningga nima qildi? Ovqatlanmadi? Betobmi?

— Ha, onajon, mazasi yoʻq!

— Ha, unda nega oldimga kelib oʻtiribsan? Borib doktor chaqir! Dori-darmon sotib ol! U kasal boʻlib, yemak yemay och uxlab kolsa, Alloh oldida javob berasan! Undan masʼulsan!

— Yoʻq, onajon! U qadar emas. Biroz dam olsa, oʻziga kelib qoladi. Havotir olmang!

— Alloh sizlarni sogʻ-salomat qilsin, bolajonim!

— Omin! Ona, ertaga sizni bir joyga olib boraman! Undan keyin hamma narsa oʻzgaradi.

— Qayerga bolajonim?

— Ertaga bilib olasiz! Siz faqat u payt mening qilgan ishimdan gʻazablamang! Urishmang!

— Oʻgʻlim, sen hamma narsani hikmat bilan bajarishingga ishonaman!

— Alloh sizni asrasin, onajon!

Ertasi kuni hammalari birga ayolning ota uyiga borishdi. Kuyov onasining qoʻlidan tutib mashinadan tushirdi.

Ayoli sekin kelib erining qulogʻiga pichirladi:

— Oyingizga nima bor edi? — dedi.

— Xotirjam, boʻling! Bu yerdan chiqib keyin tashlab kelaman! — dedi eri.

Kelinning ota-onasi ularni kutib oldi. Peshin namozini oʻqib, tushlik qilmoqchi boʻlishdi. Kelinning otasi kuyovi bilan yolgʻiz gaplashib olish maqsadida boshqa xonaga taklif qildi.

— Siz bilan muhim masala yuzasidan gaplashib olishim kerak! Qizim — yolgʻiz farzandim! Uning baxti men uchun hamma narsadan ustun! U menga qoʻngʻiroq qilib, onangiz bilan yashashni istamayotganini aytdi. Tez yechim topmasangiz boʻlmaydi. Erkatoyim siqilishini xohlamayman! Boʻlmasa, qizim uyingizga qaytib ketmaydi! — dedi.

— Demak, oʻsha muhim-m-m masala, mening onam ekan-da? Ha, biz qizingiz bilan yechim topdik! Bu yerdan chiqib, onamni qariyalar uyiga olib borib qoʻyaman!

— Tushunganingiz uchun rahmat! Masala hal, demak! — dedi qaynota.

Dasturxonga taomlar tortildi. Ayolning barcha oila aʼzolari kelib oʻtirdi. Lekin kuyovning onasi yoʻq edi.

— Onam qanilar? — deb soʻradi kuyov.

— Ha, ularmi… ular boshqa xonada oʻzlari ovqatlanadilar.

— Buni siz ularga aytdingizmi, azizam?

— Ha.

Kuyov qayn oilasiga biroz qarab turdi-da, ular dasturxonga qoʻl uzatishlaridan oldin:

— Rostini aytsam, men sizlar bilan ovqatlanishdan hazar qilaman! Chunki hammangizni qoʻllaringiz yuvuqsiz, kir! Sizlar bor joydan nafas ololmayman! Koʻnglim siqiladi! — dedi.

Hammalari dahshatga tushishdi.

Ayol shasht bilan oʻrnidan turib:

— Bu nima deganingiz?- dedi.

-Qalbing yondimi? Kecha onam haqida ham shunday deganingda yuragim yondi! -dedi. Soʻng qaynotasiga qarab:

— Siz-chi, kap-katta odam! Onangdan qutil! Uni haydab sol, degani Xudodan uyalmadingizmi? Kuni kelib, siz ham munkillab qolsangiz, farzandlaringiz sizni koʻchaga uloqtirishsa, nima qilgan boʻlardingiz?

Alloh insof bersin, sizlarga! — dedi.

Soʻng onasi oʻtirgan xonaga kirib uni olib chiqdi. Onaizorning hech narsadan xabari yoʻq edi. Onasining yuz-koʻzidan oʻpib:

— Ketdik onajon, ketdik! — dedi.

— Qayerga bolam?

— Men roziligingizga erishay, roziligingiz ila meni jannatga yetaklang, Ona! -dedi.

Va onasini bagʻriga olib, odimladi. Chiqishidan oldin, ayolining oilasi tomon qarab:

— Menga Jannatim (Onam) kerak! Dunyoingiz (qizingiz) oʻzingizga siylov! — dedi.

 Muxtabar XASANOVA.

“Ona mehri”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.