18 +  RSS  E-mail
15:11, 18 01 2019

Himmat OQBOʻTAYEV: Osmonga qarab oʻtiradigan payt emas


Qoʻshrabotliklar osmonga qaragan xalq.

Elimiz oʻrtasida juda ommalashgan bu gap tumanimizning tabiiy sharoiti, aholining turmush-tarzi, kasb-koridan kelib chiqib aytilgan.

Haqiqatdan ham yomgʻir, qor yogʻishi Qoʻshrabotga, umuman, dashtga xudo berdi, degani. Dehqonchiligimiz, chorva va bogʻning barakasi yogʻingarchilik bilan bogʻliq. Ammo keyingi yillarda tabiatdagi oʻzgarishlar, iqlimning isib borayotgani tufayli yogʻingarchilik ham kamaymoqda. Dala-dashtning oppoq qorga burkanib turganiga ahyon-ahyonda koʻzimiz tushadi. Bu esa yer osti suvlarining ham pasayib ketishiga sabab boʻlmoqda.

Albatta, bunday sharoit har bir dehqon, chorvador va bogʻbondan omilkorlik bilan ish tutishni, zamonga mos harakat qilishni talab etadi. Shuning uchun ham bugun qoʻshrabotliklar faqat osmonga qarab qolmasdan, yerdan samarali foydalanishning turli yoʻllarini izlamoqda, tadbirkorlik bilan shugʻullanyapti. Bu borada xorij tajribasini oʻrganib, oʻzimizda qoʻllayapmiz.

Prezidentimizning tumanimizga tashrifidan keyin lalmi yerlarda tomchilab sugʻorish texnologiyasi asosida intensiv bogʻlar yaratish keng ommalashdi. Zamonaviy yongʻoq plantatsiyalari, tokzorlar tashkil etilmoqda. Chorvachilik sohasi ham takomillashib, xorijdan naslli qoʻy va echki keltirib, ularni shu yerda koʻpaytirish choralarini koʻryapmiz. Bu borada xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, xalqaro moliya uyushmalari kredit mablagʻlaridan samarali foydalanilmoqda.

Jumladan, qishloq xoʻjaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligi mablagʻlari orqali 6 ta fermer xoʻjaligi va korxonalar 4 million 18 ming AQSh dollarilik loyihalarni amalga oshirishga kirishdi. “Chorbuloq” fermer xoʻjaligi 50 ming AQSh dollari hisobiga Qozogʻistondan 250 bosh zotdor qoʻy olib keldi. Ayni paytda “Sarvarbek naslli chorva” fermer xoʻjaligi 330 bosh, “Buloqboshi durdonasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati esa 160 bosh ana shunday naslli qoʻy olib kelish harakatida.

Bundan tashqari, hozirda “Samarqand invest garden” jamiyati tumanimizda 500 gektar yerda intensiv bogʻ yaratishni boshladi. “Oqtepa unumdor zamin” fermer xoʻjaligi esa uzumchilikni rivojlantirish maqsadida 10,0 milliard soʻm mablagʻ hisobiga 400 gektar maydonda tokzor yaratish boʻyicha ish olib bormoqda. “Registon Parranda” masʼuliyati cheklangan jamiyati 31,0 milliard soʻmlik loyiha asosida parrandachilik fabrikasini tashkil etmoqda.

“Qoʻshrabot uzum eksport” masʼuliyati cheklangan jamiyati bu yil Turkiyadan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyalarini keltirib, mahsulotni shu yerda qadoqlash va qayta ishlashni yoʻlga qoʻymoqchi. Bu ayni paytda tumanimizda yetishtirilayotgan va lekin boshqa hududlar hisobidan eksport qilinayotgan mahsulotlarni oʻzimiz xorijga sotishimiz va tumanimiz eksport salohiyatini oshirish imkoniyatini beradi.

Keyingi paytda tumanimizning Rossiya, Xitoy va boshqa qoʻshni davlatlar mintaqalari bilan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilishidan tadbirkorlarimiz samarali foydalanmoqda. Xususan,  “Qoʻshrabot agro servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati Rossiyadan zamonaviy artezian quduq qazish texnikasi, Orenburg viloyatidan tivit beradigan 100 bosh echki olib keldi. Shuningdek, bu tadbirkorlar Xitoydan lalmi maydonlarni sugʻorish uchun yuqori samarador asbob-uskunalar, Navoiy kon metallurgiya kombinati ishchi-xodimlari uchun havo tozalash niqoblari ishlab chiqaradigan texnologiya keltirib, ish  boshladi.

Tumanimiz qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun ham boy xom ashyo zahirasiga ega. Ammo bugun bu imkoniyatdan ham toʻla foydalana olganimiz yoʻq. Beshta gʻisht ishlab chiqarish korxonasi, Shavona mahallasi Zarband hududida marmar blok va plitalar ishlab chiqaradigan oʻndan ortiq qayta ishlash korxonalari ishlamoqda. Urganji, Navkat, Quvkalla hududlarida tarkibida kvars rudasi mavjud boʻlgan konlar bor. Ushbu qazilma boyliklar Ohangaron va Olmaliq zavodlariga olib borib qayta ishlamoqda. Bundan tashqari Qizilbel hududida turli xil koʻrinishga ega boʻlgan 52,2 foizli granit bloklari va granit plitalari koni mavjud.

Hozirda oldimizda ushbu yoʻnalishlardagi faoliyatni kengaytarish, yangi korxonalar tashkil etish boʻyicha vazifalar turibdi. Bu ishlarning amalga oshirilishi avvalo, minglab qoʻshrabotliklarni ish bilan taʼminlash, tumanimiz iqtisodiyatini rivojlantirish imkoniyatini beradi. Eng muhimi, Qoʻshrabotning obod boʻlishi, xalqimiz turmush darajasining oʻsishiga xizmat qiladi.

Darvoqe, Prezidentimizning 11 yanvar kuni viloyatimizga tashriflari davomida bergan topshiriqlari va oldimizga qoʻygan vazifalari asosida kuni kecha eng olis va katta qishloqlarimizdan biri boʻlgan Joʻshda “Obod qishloq” dasturi asosida bunyodkorlik ishlari boshlandi. Viloyatimiz hokimi hamda mutasaddi idora va tashkilotlar rahbarlari qishloqqa kelib, aholi bilan uchrashdi, ularning dardlarini, takliflarini eshitdi. Qishloqda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.

Tumanimiz, xalqimiz hayotida yangi davr boshlanmoqda. Yurtdoshlarimizda ertangi kunga umid katta va shunga monand harakat, ishtiyoq kuchli. Bugun qoʻshrabotliklar faqat osmonga qarab qolgan emas, mavjud imkoniyat va salohiyatdan foydalanib, tumanni har tomonlama rivojlantirish uchun mehnat qilyapmiz.

Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.