18 +  RSS  E-mail
16:56, 09 01 2019

Toʻyxona uchun jihozlar birovning choʻntagidagi puldan bajarilmasligi kerak!


Besh farzandning otasi boʻlgan bu shaxs  38 yoshida  yana jinoyatga qoʻl urdi. Sudlanuvchi  N.M. yaqinlari bilan qishloq hududida toʻyxona qurish istagida ekanligini aytib, oʻzaro maslahatlashdi. Doʻstlarining maslahati bilan N.M.  bankdan 1 milliard soʻm kredit olish uchun hujjatlarini toʻgʻriladi.  Toʻyxona uchun zarur boʻladigan stol va stullarni qoʻli gul hunarmand B.Q. tomonidan jilo topishini istadi va bu orzusini ustaga  aytdi.

Hunarmand yigit ish boshladi. U ham tanishlaridan stol va stul  uchun ketadigan mablagʻni qarzga oldi. Shu orada toʻyxona egasi N.M. kelib hunarmandga 5 million soʻm miqdorida pul tashlab ketdi.

— Qolganini  jihozlar bitganidan soʻng olasiz, — dedi u  hunarmandni ishontirib…

Shunday qilib gʻoyatda nafis va jimjimador, koʻplarning havasini keltiradigan, ayni paytda mustahkam  qilib  ishlangan jihozlar tayyor boʻldi. Endi ularni toʻyxonaga olib borish kerak edi…

…Shu kuni  N.M. stol-stullarni avtomashinaga yuklab olib ketdi. Yaqin orada bankdan 500 million soʻm kredit olsa, qolgan pullarini albatta berishini aytdi va hunarmandni ishontirish uchun yana ozgina pul  berdi.

B.Q. toʻyxona egasini olti oyga yaqin vaqt kutdi. Har gal  N.M. uni turli soʻzlar bilan aldab joʻnatardi. Oxiri  hunarmand bu haqda tegishli  idoralarga murojaat qilishga majbur boʻldi.

Uyiga kirib kelgan  huquq-tartibot  idoralarining xodimlarini koʻrgan N.M.ning hushi boshidan uchdi va oʻz qilmishining oqibatini anglab yetdi. 

Shu yuzadan boʻlib oʻtgan sud jarayonida u kelishilgan pullarni berganligini aytdi. Ammo guvohlar uning bu aldovlarini chippakka chiqarishdi. Oqibatda N.M.ning  yolgʻoni fosh etildi.

Endi u hunarmandga pullarini, yetkazilgan zararlarini  toʻla-toʻkis qoplab berishga majbur boʻldi. Bundan tashqari, unga toʻrt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Oʻzganing pulidan foydalanishni koʻzlagan, firibgarlikdan hazar qilmagan N.M. hayotining bir qismini panjara ortida oʻtkazadigan boʻldi…

Oydin NURIYEVA

Foto: livemaster.ru


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.