18 +  RSS  E-mail
15:26, 08 01 2019

Yaxshilik qilgani uchun 14000 dollarlik brilliant soatni hadya etdi


Bayram arafasi edi. “Oʻrikzor” bozoridagi bir akamizning doʻkonida ishlar edim. Tanishim menga toʻla ishongani uchun doʻkonning hisob-kitobidan tortib, buyurtma mollargacha topshirib qoʻygan edi.

Yonimdagi doʻkonda savdo qiluvchi akaxon bir kuni oldimga kirib, hol-ahvol soʻragandan soʻng bayram oldi yaxshi ketadi deb Turkiyadan katta partiyada mandarin buyurtma qilganini, bojxona xarajatlari uchun 2 million pul yetmayotganligini, imkon boʻlsa, yordam berishimni aytib qoldi.

— Aka, bilasiz, doʻkon oʻzimniki emas, kassaga topshiraman, bir hisob-kitob qilib, sizga ertaga xabarini beraman, — dedim.

Ertasi kuni hisob-kitob qilib, uchinchi doʻkondor guvohligida 2 million soʻmni unga berdim. U ham xursand, mollarini olib chiqib savdoga tushdi. Oradan 2-3 kun oʻtib, u kishi bozorga kelmay qoʻydi, birinchi kuni eʼtibor bermadim, ertasi kuni ham, ahamiyat bermaslikka harakat qildim, uchinchi kuni guvoh boʻlgan doʻkondorga:

— Aka, vaqtingiz boʻlsa uylariga oʻtib kelaylik, — deb iltimos qildim. U kishining yuragi yomonligini, yolgʻiz yashashini bilardim. Uyiga borib, eshikni taqillatdik. Eshik ochiq, lekin ichkaridan zanjir ilingan, uyda odam borligi bilinib turardi. Haligi guvoh akamiz bilan tashqariga chiqib, mahalla raisini, posbonni, uchastka nozirini chaqirib keldik. Eshikning zulfini buzib, ichkariga kirsak, aka hushsiz yotar, nafas olmasdi.

Qoʻldan kelgancha, rasm-rusumlarini qilib, yuvib-kafanlab, dafn etdik.

Oradan 2 kun oʻtib haligi guvoh doʻkondor aka oldimga kirib “endi nima boʻladi” dedi. Gapidan piching, ham kinoya, xavotir sezilib turardi.

Sir boy bermaslikka harakat qilyapman-u, lekin ichimdan oʻtganini oʻzim bilaman. Har holda doʻkon oʻzimniki boʻlmasa ham, toʻyga deb yigʻib qoʻygan pullarim bor edi. Oyning oxiridagi hisob-kitobga oʻsha pulni qoʻshib, bu yil boʻlmasa keyingi yil uylanishni reja qilib, oʻzimni shunga tayyorlay boshladim.

Oradan 1 hafta oʻtdi, doʻkonchilar bilan suhbatlashib turgan edik, eshigimiz yoniga yap-yangi “Lacetti” kelib toʻxtadi (u paytlar “Lacetti” endi chiqqan, koʻcha-koʻyda onda-sonda koʻrinib turar edi). Ichidan bashang kiyingan, roʻmollarini keng qilib oʻragan ayol tushib:

— Doniyor degan bolaning doʻkoni qaysi? — deb soʻradi.

Guvoh boʻlgan doʻkonchi aka meni koʻrsatgan edi, ayol mashinaning bagajidan bir sumka pulni olib, doʻkonimga kirdi.

— Uka, men Ahmad akangizning ayoli boʻlaman. Oʻzim Turkiyada yashayman. Ahmad akangizga molni men chiqarib turardim. Bojxona xarajatlari uchun sizdan pul olganlarini aytgandilar. Uydagi daftarda ham yozilgan ekan. Hali sizga pulni qaytarmabdilar. Mana oʻsha 2 million soʻm — deb ayol pulni qoʻlimga tutqazdi.

— Mana bu Ahmad akangizning soati, doim taqib yurar edi, shu soatni sizga hadya qilsam, — deb doʻkondan chiqib ketdi.

Yonimdagi doʻkonchi aka hayron. Bir chiqib ketgan ayolga, bir menga, bir qoʻlimdagi soatga qaraydi.

2 kunlardan keyin oʻsha akamiz bilan TsUMga bordik. Aylanib yurib, soatni oʻsha yerdagi soat sotadiganlarga koʻrsatdik. Brilliant soat ekan, agar sotmoqchi boʻlsak, hozirning oʻzida 14000 dollar berishlarini aytishdi.

Keyinchalik, ayrim doʻkonchilar “pulni bekor men bermagan ekanman” deb afsuslanib qolishganini eshitdim.

Obidjon Ibrohimjon oʻgʻli

“Sogʻinch sohili”dan

Foto: creativenails.ru


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.