18 +  RSS  E-mail
13:04, 07 01 2019

“Yamalgan” ishonch yoxud qarzini undirmoqchi boʻlgan ayolning etigi to’zdi


Tan uchun sihat qanchalik muhim boʻlganidek, muomalaga kirishish uchun ishonch shunchalik ahamiyatli. Ishonch — munosabatlar halqasi. Xudo koʻrsatmasin, bu halqadan birortasi uzilib ketsa agar, ming chiranmaylik, ming istamaylik, befoyda. Undan faqat shubha-gumon qoladi, xolos. Buni qarangki, oldiniga ishonchga kirib, soʻng pinjiga qoʻl solishni oʻzi uchun kasb-korga aylantirib olganlar ham bor ekan oramizda.

2012 yilning saratoni edi oʻshanda. M.Q.ning uy derazalarini taʼmirlab berishi uchun kelgan A.S. kutilmaganda oʻzi uchun goʻyoki xazina topib oldi. Aniqrogʻi, u mijozning opasi Z. Q. bilan tanishdi.

2013 yilning kuzagida u oʻz firmasiga sarmoya kiritishni taklif qilib, opa-singilni yetaklab boradi. Ish faoliyati bilan obdon tanishtiradi. Mahsulotlari hamda qabul qilib olayotgan buyurtmalarini koʻrsatadi. Agar ular xususiy korxonaga sarmoya kiritadigan boʻlsa, ish yanayam yurishib ketishini, buning evaziga keladigan daromaddan ularning qoʻliga oyiga “ancha-muncha” foyda tegib turishini aytadi. Z.Q. ham oʻz ishiga pishiq ayol ekani sababli, oldiniga xususiy firmaning ish faoliyati bilan sinchiklab tanishib chiqadi. Soʻngra taklifga rozi boʻladi.

Bozor yonida Z.Q. singlisi guvohligida 10 ming AQSh dollarini tutqazarkan, A.S. agar ularning oʻziga pul zarur boʻlib qoladigan boʻlsa, bir oy oldin ogohlantirib qoʻyishlarini maʼlum qiladi. Bu orada firmaga sarmoya sifatida kirib ketgan pul foydasi uchun Z.Q. bir muddat oyiga 2 million soʻm atrofida pullik boʻlib turdi.

A.S. oradan bir yilcha vaqt oʻtib, ayolni yana bezovta qiladi. Toshkent shahridan katta miqdorda mahsulot olayotganini roʻkach qilib, bu gal ham oʻshancha 10 ming “koʻk” kerak boʻlib turganini aytadi.

Oradan ozmuncha vaqt oʻtib, Z.Q.ning oʻzi Toshkentdan uchib keladi. Pullarini qaytarib berishini soʻraydi. Yana oʻsha gap: “Ishlar  yurishmayapti, korxonaga tegishli mahsulot va stanoklarni sotib yubormoqchiman, lekin sotib yuboradigan boʻlsam, mahsulotlarni buyurtmachilarga yetkazib bera olmayman, ish faoliyatimiz toʻxtab qoladi”.

A.S. yoniga oʻz oyogʻi bilan kelib turgan ayolni tagʻin ishontiradi. Yana 10 ming AQSh dollari kerakligi, agar oʻshancha chiqim qiladigan boʻlsa, stanoklar oʻzida qolishini, buyurtmalarni vaqtida bajarib egalariga yetkazishi va pullarini toʻliq qaytarib berishini aytadi. Soʻngra Z.Q.ni ishxonasiga olib kelib stanoklarni koʻrsatadi. Sarmoyador ayol bu safar ham uning soʻziga laqqa tushadi. Qarzlarimni undiraman deb kelgan ayol qaytanga yana qarz berib ketadi. Shu bilan ayoldan jami 30 ming AQSh dollari qarz boʻldi. Bu pullar rahbarning oʻz ehtiyojlariga ishlatib yuborildi.

A.S.ning qarzni qaytarib bera olmayotganiga qator sabablar bor edi. Yaʼni, u oʻsha oraliqda D.J. bilan plastik oyna va eshik romlari yetkazib berilishi boʻyicha shartnoma imzolagandi. Oz emas, koʻp emas naqd 100 million soʻm. Pul xususiy korxona hisob raqamiga kelib tushgach, D.J.ga shartnomada koʻrsatilgan mahsulotlar yetib bormadi. Aksincha, bu pullar evaziga olingan mahsulotlar boshqa shaxsdan olingan qarzlarni yopishga sarflandi.

Boshqa mijoz O.Sh. bilan ham xuddi shunday tarzda kechdi. O.Sh. bilan tuzilgan shartnomada 45 million soʻmga imzo chekilgandi. Biroq na plastik oyna yetib bordi, na eshik romlari.

Tadbirkorlik ishonchdan boshlanadi. Faoliyatga zigʻircha shubha oraladimi, mana shu ishonchga butkul darz ketadi. Keyin uni har qancha “yamab” ham oʻziga qaytarib boʻlmaydi. A.S. ham shuncha kishi, mijoz ishonchini suiisteʼmol qilishni ehtimolki istamagandir, biroq sud oldida javob berishga majbur edi. Unga nisbatan uch yil olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Akmal JUMAMURODOV

Foto: orlada.com


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.