18 +  RSS  E-mail
12:23, 05 01 2019

Fotima va Shohsanamga «Spark» topshirildi


Ma’lumki, joriy yil 6-13 oktyabr kunlari Indoneziyaning Jakarta shahrida bo’lib o’tgan III Paraosiyo o’yinlari mamlakatimiz sportchilarining ulkan muvaffaqiyati bilan esda qolgandi. Ushbu yirik musobaqada eng ko’p medal suzish sport turi bo’yicha jamg’arilgani ahamiyatli. Ularni qo’lga kiritishda Qashqadaryo viloyati vakillari ham alohida jonbozlik ko’rsatishgandi. O’shanda mohir suzuvchilarimiz jami  10 ta oltin, 6 ta kumush, 3 ta bronza medalga ega chiqishgan.

Albatta, bu natijalarga erishishda yurtimizda soha rivojiga qaratilayotgan e’tibor ham muhim o’rin tutdi. Xususan, viloyatimiz markazida zamonaviy talablar asosida qad rostlagan yirik suv sporti majmuasi suzish ixlosmandlari uchun yanada keng qulaylik taqdim etdi.  Prezidentimiz  Qashqadaryoga tashrifi davomida mazkur majmua bilan yaqindan tanishgan, bir guruh sportchi yoshlar bilan suhbatlashgan, sportning bu turida mamlakatimiz dong’ini dunyoga taratayotgan iqtidorli sportchilarni munosib rag’batlantirish lozimligini alohida ta’kidlagan edi.

Qarshi shahridagi  mazkur mahobatli sport inshootida viloyat hokimligi, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda viloyat suzish sporti federasiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir ham xalqaro turnirlarda g’oliblikni qo’lga kiritgan yoshlar — Paraosiyo o’yinlari rekordchi va chempionlari Shohsanam Toshpo’latova va Fotima Amilovani taqdirlashga bag’ishlandi. Unga keng jamoatchilik vakillari, sportchilarning yaqinlari, sportsevar o’g’il-qizlar taklif etildi.

Mamlakatimizda aholining, ayniqsa, yoshlarning sport bilan muntazam shug’ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratib berilgani yutuqlar salmog’i oshishiga, iqtidorli o’g’il-qizlar o’zini namoyon qilishiga imkon berayotgani ta’kidlandi. Misol tariqasida, oxirgi yillarda ushbu ikki sportchimiz — Shohsanam va Fotima qayd etgan olamshumul yutuqlar e’tirof qilindi.

Ularga Prezident sovg’asi — «Spark» avtomobillari topshirildi.

Tadbir konsert dasturi, undagi vohamiz estrada xonandalari chiqishlari bilan yanada shukuhli o’tdi.

Sobir NARZIYEV
Muallif olgan suratlar.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.