18 +  RSS  E-mail
8:03, 05 01 2019

Davlat siyosatining ustuvor vazifasi


Tarix sahifasiga zarhal harflar bilan bitilgan 2018 yilda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, diniy-maʼrifiy islohotlar samaradorligini oshirish boʻyicha muhim qadamlar tashlandi.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi, 2018 yil yil 16 aprelidagi “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlari faoliyat yoʻnalishida dasturulamal boʻlib xizmat qildi.

Yuqorida zikr etilgan hayotbaxsh hujjatlar ijrosini taʼminlash maqsadida Jizzax shahri va tumanlarda huquq-tartibot hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish maqsadida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. “Yoʻl xaritasi” asosida mahallalar kesimida ham keng qamrovli targʻibot-profilaktika tadbirlari olib borilganligi natijasida tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, diniy ekstremizm gʻoyalari taʼsiriga aldanib tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni sogʻlom hayotga qaytarish yoʻnalishida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishildi.

Ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, diniy-maʼrifiy islohotlarni kuchaytirish, ekstremizm va terrorizm holatlarining oldini olish maqsadida viloyatdagi tegishli boshqarmalar, oliy taʼlim muassasalari, “Mahalla”, “Nuroniy” jamgʻarmalari, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi hamda siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda yigirmaga yaqin chora-tadbirlar belgilangan, maxsus ishchi guruhlari tuzilgan. Yakunlangan yilda fuqarolar yigʻinlari, umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, oliy oʻquv yurtlarida mutasaddi tashkilotlar, mahalla masʼullari bilan hamkorlikda joylarda 1710 ta turli xil tadbirlar tashkil etildi. Ularga 213750 nafar tinglovchilar qamrab olinib, ommaviy axborot vositalarida 400 dan ziyod chiqishlar amalga oshirildi. 2018 yilning avgust-sentyabr oylarida oʻzini oʻzi boshqarish idoralaridagi maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlarda “Hujradagi zulmat”, “Tafakkur ehtiyoji” kabi fil’mlar namoyish etilganligi tadbirlarning taʼsirchanligini oshirishga xizmat qildi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻtgan yilning  8 fevralida “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorga imzo chekkan. Mazkur qaror asosida “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil” dasturi ishlab chiqilgan.

Davlatimiz rahbarining yuqorida tilga olingan qarori va dastur ijrosini taʼminlash yuzasidan oʻtgan yili 187 marotaba turli sayohatlar uyushtirilib, ularga 33361 nafar pedagog, oʻquvchilar qamrab olindi. Bunday ziyoratlarga turli yot gʻoyalarga adashib kirib qolgan fuqarolarning farzandlari ham jalb qilinganligi ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash samaradorligini oshirishga imkon yaratdi.

Diniy, maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi islohotlarda imom-xatiblarimizning faolligi oshib borayotganligi quvonchli hol. Ular chekka va chegaraoldi tumanlarda, diniy vaziyat oʻzgaruvchi hududlarda oʻtgan yili 80 dan ortiq uchrashuvlar tashkil etishdi. Ayniqsa, viloyat bosh imom-xatibi M.Jabborovning Zarbdor va Forish, A.Atabayevning Zomin, Yangiobod tumanlarida oʻtkazgan tadbirlari aholiga har jihatdan manzur boʻlganligini taʼkidlab oʻtish oʻrinlidir.

Imom-xatiblarning diniy va dunyoviy bilim-koʻnikmalari, saviyalari, kasbiy mahoratlarining oshirishlariga ustuvor vazifa sifatida yondashilmoqda. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining viloyat vakilligida har oyda imom-xatiblar uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil qilinmoqda. Ularda dunyoda sodir boʻlayotgan voqea-xodisalar, mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar, davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan farmonlar, qarorlar, farmoyishlarning mazmun-mohiyati diniy ulamolarga batafsil tushuntirilmoqda.

Shu oʻrinda tizimda izchil oʻtkazib kelinayotgan koʻrik-tanlovlarning ahamiyati haqida fikr yuritib oʻtishni joiz, deb hisoblayman. Oʻtgan yili respublikamizda ilk marta uch bosqichdan iborat “Eng maʼrifatli imom” koʻrik-tanlovi tashkil etildi. Mazkur bellashuvning tumanlar, shahar bosqichida gʻolib boʻlgan imom-xatiblar 2018 yilning 22 oktyabr kuni viloyat bellashuvida oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazdilar. Jizzax shahridagi “Xavastlik” masjidining imom-xatibi N.Ahmedov esa 19 dekabr kuni boʻlib oʻtgan respublika final bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qildi.

Tuman, shaharda faoliyat koʻrsatayotgan imom-xatiblar, imom-noiblar, otinoyilar va ularning oila aʼzolarini mamlakatimizda, shu jumladan viloyatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar bilan yaqindan tanishtirish asosiy maqsadimizga aylangan. Shu jihatdan olib qaraganda viloyat musiqali drama teatrida oʻtgan yilning 12 dekabr kuni oʻtkazilgan “Ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, aholi roziligini olishda imom-xatiblar va otinoyilarning tutgan oʻrni” mavzusidagi amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirning ahamiyati katta boʻldi.

XX asrning 90-yillarida viloyatda hashar yoʻli bilan 133 ta masjid qurilgan boʻlsada, ular tegishli tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmagan edi. Oʻtgan yili ularni boshqa maqsadlarda foydalanish uchun tuman-shahar hokimliklarining tasarrufiga oʻtkazib berildi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan hamkorlikda Jizzax shahridagi “Xoʻja Nuriddin” masjidida 84 nafar otinoyilar attestatsiyadan oʻtkazildi.

Viloyatda diniy ekstremistik oqim aʼzolari va maxsus hisobdan chiqarilgan shaxslar istiqomat qiladigan mahallalar roʻyxati shakllantirilgan. Diniy ekstremistik oqim aʼzolari roʻyxatdan oʻtgan mahallalar soni viloyat boʻyicha 101 tani tashkil etadi, bundan xoli fuqarolar yigʻini esa 189 taga teng.

Ana shu aholi punktlarida ijtimoiy-maʼnaviy barqaror muhitni yaratishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Oʻtgan yili shu maqsadga qaratilgan 4650 ta tadbir oʻtkazilib, uning 801 tasi diniy ekstremizm, aqidaparastlik, missionerlikning oldini olish mavzularida boʻldi. Targʻibot-tashviqot ishlari samarasi natijasida Zafarobod, Mirzachoʻl, Arnasoy, Yangiobod tumanlarida ijtimoiy-maʼnaviy muhit sezilarli darajada yaxshilandi.

Viloyatimizda maxsus hisobdan chiqarilgan fuqarolar bilan ishlash boʻyicha sinovdan oʻtgan mexanizm mavjud. Shu asosda shahar, tumanlar boʻyicha alohida “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqilgan.

Fuqarolar yigʻini huzuridagi “Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash” komissiyalarining ayni shu yoʻnalishdagi faoliyati haqida ayrim mulohazalarni bildirib oʻtishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Ana shu komissiya tomonidan maxsus hisobdan chiqarilgan fuqarolarning 90 nafari ish bilan taʼminlangan, 69 nafariga tibbiy yordam koʻrsatildi, 295 nafariga murabbiylar biriktirildi.

Maxsus hisobdan chiqarilgan shaxslar, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar Haj ziyoratchilari tomonidan munosib tarzda qoʻllab-quvvatlanmoqda. Oʻtgan yili muborak Haj safariga borib kelgan hojilarimizning sayʼ-harakati bilan shunday toifadagi fuqarolarga 198,3 million soʻmlik yordam koʻrsatildi.

Ayni paytda bu yil “Haj” va “Umra” ga boradigan fuqarolar bilan suhbatlar oʻtkazilib, ularga Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-, 2018 yil 28 dekabrdagi 1031-qarorlarining mazmun-mohiyati keng tushuntirilmoqda. Muborak safarlarni ixtiyor etish xohishida yurgan fuqarolar roʻyxatini xolisona va ijtimoiy adolat nizomlari asosida shakllantirish diqqat-eʼtiborimizda.

Oʻtgan yilgi tajribamizga tayanib, 2019 yilda Haj safarini oʻtagan kishilarga maxsus hisobdan chiqqan, avf etilgan, shuningdek, mahalladagi notinch, noqobil, farzand tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi shaxslarni biriktirib qoʻyamiz. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, namunali oilalar sonini koʻpaytirishdir.

Muhtaram Prezidentimiz taʼkidlab oʻtganidek, “Biz diniy ekstremizm gʻoyalari taʼsiriga adashib tushib qolgan fuqarolarni sogʻlom hayotga qaytarish boʻyicha ishlarni yanada takomillashtiramiz”. Davlatimiz rahbarining bu koʻrsatmalari ijrosini roʻyobga chiqarish maqsadida viloyatimizda ikkita maxsus ishchi guruhi faoliyat koʻrsatayotir. Mazkur ishchi guruhi aʼzolari 2018 yilning 27 aprel — 21 may kunlari diniy ekstremistik oqimlarga qoʻshilib, Toshkent, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpogʻiston respublikasidagi jazoni ijro etish muassasalarida saqalanayotgan 50 nafar jizzaxlik maxbuslar bilan uchrashuvlar oʻtkazishdi. Muqaddam diniy ekstremistik va terroristik harakatlar sodir etib, jazo muddatini oʻtab qaytgan shaxslarning hayotda ijtimoiylashuviga koʻmaklashish ham faoliyatimizda muhim oʻrin tutayapti. Bu borada Markaziy bank bosh boshqarmasi, “Nuroniy”, “Mahalla” jamgʻarmalari, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi bilan hamkorlikda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakat parlamenti — Oliy Majlisga taqdim etilgan Murojaatnomada 2018 yil yakunlariga tanqidiy-tahliliy jihatdan baho berilib, yangi istiqbol rejalari ilgari surildi. Tabiiyki, davlat rahbari Murojaatnomasi diniy, maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarni amalga oshirishda zimmamizga juda katta masʼuliyatli vazifalarni qoʻyadi. Istiqboldagi ulugʻvor marralarni muvaffaqiyatli egallash Sizdan, bizdan, hammamizdan juda katta gʻayrat-shijoat talab etadi. Buning uchun viloyatimizda kuch va imkoniyatlar yetarli. Gap undan oqilona foydalanib, Prezidentimizga, Vatanimizga boʻlgan sadoqatni halol va fidokorona mehnat bilan oqlashda qolgan.

Eshtemir ISMATOV,

viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar boʻyicha oʻrinbosari

Foto: Jizzax viloyati hokimligi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.