18 +  RSS  E-mail
12:53, 19 12 2018

“Sehrgar” sud’yagina maktab sportzali tomini 1,6 million soʻmga quradi


Afsuski, ayrim sud’yalar tomonidan hali ham adolatsiz qarorlar qabul qilinmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchiga putur yetkazmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev

Foto: kulturologia.ru

Yoshligimizda sehrgar ibn Hattob haqidagi badiiy fil’mni sevib tomosha qilardik. Ibn Hattob soqolidan bir tolani uzib, afsun oʻqirdi va yoʻq joydan koʻz oldingizda chiroyli bino paydo boʻlardi.

Urganch tumani prokurori D.Madirimov tadbirkorni 100 million soʻm xomiylikka jalb qilib, ish bajartirmoqchi boʻldi. Rozi boʻlmaganimdan keyin JKning 205-moddasi bilan asossiz jinoyat ishi qoʻzgʻadi. Aslida tadbirkorlarga nisbatan bu modda qoʻllanilmaydi. Keyin portalga huquqlarimizni himoya qilishlarini soʻrab chiqqanimizdan keyin Gurlan tumani prokurori J.Axmedov va ish oʻrganuvchi tergovchi B.Davletovlar yana 5 ta modda qoʻshib berishdi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Yangiariq tuman sudi raisi Oʻ.Masharipovning 2018 yil 28 fevraldagi hukmiga koʻra, tadbirkorlar oʻzlashtirish va boshqa 5 ta modda bilan nohaq ayblanib, ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Shuningdek, sud raisi Urganch tumanidagi 3-son maktab sport zali tomini mukammal taʼmirlash uchun ajratilgan 148 million soʻmlik mablagʻning 95,6 million soʻmi maqsadsiz, 50,8 million soʻm zarar deb, jami 146,4 million soʻmini tadbirkorlar oʻzlashtirganlikda asossiz ayblab, undirishni belgiladi. Xolbuki ajratilgan mablagʻ hisobiga zanglagan, qulash xavfi katta boʻlgan yaroqsiz 16 ta 3×12 metrlik plitalar oʻrniga maktab sportzalining 625 metr kvadrat tomi yengil metall ferma va profnastil bilan qoplandi.

Birinchidan, tumandagi 3-maktabning 32 yil davomida yomgʻir suvidan zanglab chirigan, ikki santimertlik betonning himoya qatlami qolmaganligidan yaroqsiz holga kelgan 3×12 metrlik keng gabaritli xavfli plitalari GOST 13015-2012 va GOST 31937-2011 talablarga javob bermasligi haqida Toshkentdagi 2 ta laboratoriya tashkilotining xulosasi berilgan. Lekin yaroqsiz 12 ta plita, ustidagi yaroqsiz keramzit 64,1 million soʻmga baholandi va maqsadli shifer qilib yangidan qoplangan 31,5 million soʻmlik profnastilni ham qoʻshib jami 95,6 million soʻm maqsadsiz ishlatilgan deb yozilgan bank xodimining asossiz xulosasi bilan tadbirkorlar boʻyniga urishdi.

Aslida bank xodimining 95,6 million soʻm maqsadsiz ishlatilgan deb koʻrsatilgan 2017 yil 31 maydagi dalolatnomasi maqbul emas (yaroqsiz) dalildir.

Maqsadsiz ishlatilgan degani bu zarar hisoblanadimi? GOST talablariga javob bermaydigan, xavfli boʻlgani uchun ishlab chiqarishdan olib tashlangan 3×12 metrlik yaroqsiz plitalarga qoʻshib, shifer qilib maqsadli qoplangan 31,5 million soʻmlik yangi profnastil, jami 95,6 million soʻm maqsadsiz ishlatilgan deb kiritilganligi asossiz emasmi? Sud jarayoni oʻrtasida viloyat DAQN inspektsiyasi bosh mutaxassisi R.Oʻdayev tomonidan soxtalashtirib yaroqli deb tayyorlangan 2016 yil 22 avgustdagi 388-a-sonli sinov laboratoriya xulosasi ham asossiz, chunki 388-a degani bu qalbakidir. Aslida yomgʻir suvidan zanglab chirigan plitalar umuman laboratoriya sinovidan oʻtkazilmagan.

Ikkinchidan, bank xodimlarining aslida bajarilgan ishni 50,8 million soʻm zarar deb koʻrsatilgan 2017 yil 14 sentyabrdagi va 2018 yil 28 sentyabrdagi dalolatnomalari maqbul emas (yaroqsiz) dalildir.

Chunki H.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi Xorazm viloyat boʻlinmasining 2018 yil 7 fevraldagi xulosasida belgilangan tartibda nazorat oʻlchovi oʻtkazilmaganligi sababli 50,8 million soʻm zararni aniqlash imkoni boʻlmaganligi, joriy taʼmirlash smetasini mukammal taʼmirlash smetasi bilan solishtirish belgilangan Tartibda koʻzda tutilmaganligi koʻrsatilgan.

Sud ekspertizasining ushbu xulosasi ustuvor dalil hisoblanadimi? Belgilangan tartibga zid ravishda qonuniy kuchga ega boʻlmagan joriy taʼmirlash smetasi ekspertizadan oʻtgan, qonuniy kuchga ega mukammal taʼmirlash smetasi bilan solishtirilib, 50,8 million soʻm zarar chiqarilgani qaysi qonunchilikda koʻrsatilganligini asoslab berar olishadimi? Zarar ikkita qogʻozni kabinetda oʻtirib solishtirib aniqlanmasligini, maktabga borib oʻlchovdan oʻtkazilishini sud’yalar nahotki bilishmasa?!

Uchinchidan, ekspertizadan oʻtgan, qonuniy kuchga ega mukammal taʼmirlash loyiha-smetasi boʻyicha maktab sportzali yangidan metall ferma va profnastil bilan 625 metr kvadrat qilib qoplandi va 148 million soʻmlikdan ziyod qurilish ishlari bajarildi.

Oʻzbekiston Respublikasi JKning 167-moddasida, aybdorga ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida boʻlgan oʻzganing mulkini oʻzlashtirish yoki rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Yaroqsiz plitalar va keramzitlar maktab hududida turibdi-ku!

U.Bakturdiyev, Sh.Razzaqov, S.Toganov tarkibdagi Xorazm viloyat apellyatsiya sudi ham “sehrgar” ibn Hattobdek 1,6 million soʻmga maktab sportzali tomini qursa boʻladi, deb oʻzlarini ishontirishdi, ammo guvohlarni emas.

Oliy sudga yozgan nazorat tartibida shikoyatimizni ikki oy ushlab, Oliy sud JIB sudlov hayʼati raisining oʻrinbosari V.Nazarov tomonidan Xorazm viloyat prokuraturasiga (!) qaytarib yuborgani JPK talablarini qoʻpol ravishda buzish emasmi? Axir sud tomonidan qoʻshimcha tergovga qaytarish instituti allaqachon bekor qilingan-ku!

Oliy sud raisi K.Kamilov 2018 yil 18 avgustda Xorazmda sayyor qabul qilganida uchrashib, holatni tushuntirgan edik. Bu ishni shaxsan oʻzi nazoratga olishga, adolatli va haqqoniy koʻrilishiga vaʼda berdi.

Ikki oydan keyin Oliy sud sud’yasi Sh.Rajabovning Xorazmdagi sayyor qabulida boʻldik. “148 million soʻmlik qurilish mablagʻidan 5 million soʻmini oʻzlashtirgan deyishsa, ishonsa boʻladi, lekin 146,4 million soʻmini oʻzlashtirishni hech aqlimga sigʻdira olmayapman, bu umuman sportzal tomi yopilmadi degani-ku. Bu ish albatta haqqoniy va adolatli koʻriladi”, deb vaʼda berdi.

Hayriyat, imonli va insofli sud’yalar ham borligidan, respublikamizda sud hokimiyati mustaqil ekanligidan xursand boʻldik.

Ammo xursandchiligimiz uzoqqa choʻzilmadi. Asli xorazmlik oʻsha Oliy sud sud’yasi X.Berdiqlichev 2018 yil 28 maydagi nazorat tartibidagi shikoyatimizni besh (!) oy sudrab, 1 noyabrdagi ajrimi bilan hukmni oʻzgarishsiz qoldirdi. Axir 1,6 million soʻmga 625 metr kvadrat  sportzal tomini qura oladigan sud’ya “sehrgar” emasmi?  Yoki yana kimningdir “buyurtmasi” bilan ish koʻrildimi?

Oliy sud sud’yasi X.Berdiqlichev maktab sportzalining 625 metr kvadrat tomini metall ferma va profnastil bilan qoplashga 1,6 million soʻm yetishini hamda tadbirkorlar 146,4 million soʻmni oʻzlashtirganligini asoslab bera olarmikan?

Shuhrat HAKIMOV,

“Agrotemir qurilish servis” xususiy korxonasi rahbari


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.