18 +  RSS  E-mail
9:41, 18 12 2018

Filning kallasidek pora. 50 000 dollarga nechta kostyum beradi?


Foto: xabar.uz

Oʻn yildan ziyod vaqtdan beri Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida ishlab, sud’yalik u yoqda tursin, katta konsul’tantlikdan nariga koʻtarilmagan xodim bir ishni “hal qilish” uchun fuqarodan 50 ming (!) dollar pora soʻrabdi va summaning teng yarmini olayotgan paytida qoʻlga tushibdi! Bu haqda “Xabar.uz” axborot-tahliliy portali xabar beradi.

Albatta, konsul’tant  tayini yoʻq odam emas: ish joyi aniq, nimaga qoʻl urayotganini bilmaydigan darajada ahmoq deb ham boʻlmaydi! Qoʻrqmay-netmay otning… yoʻq, filning kallasidek pora soʻrashi esa uning dovyurakligidan koʻra tajribali ekanini mantiqan tasdiqlab turibdi. Bu mantiq esa adolatning oliy qoʻrgʻoni boʻlishi shart boʻlgan dargohdagi “oldi-oldilar” haqidagi gap-soʻzlar bejiz emasligini ham anglatib turibdi… “Baliq boshdan bijishi”…

…Baribir hayol tutqich bermaydi: Oliy sudning oddiy konsul’tanti ogʻzining bir chetidan 50 ming dollar chiqib ketaversa? Nima, sud xodimlari burnidan tortsang, yiqiladigan ahvoldami? Oilasidagilar oyda bir kilo goʻsht yemay, qiynalib qolishyaptimi? Bitta yangi kostyum ololmay, haliyam talabaligida kiygan kostyumi bilan  sudda ishlab yurishibdimi?

Darvoqe, 50 000 dollarga nechta kostyum beradi oʻzi?

Karimberdi TOʻRAMUROD


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.