18 +  RSS  E-mail
16:50, 12 12 2018

Dunyoni ranglarga boʻyaymiz


Xalqimiz azaldan oʻz ijodiy salohiyati va ijodkorlari bilan dunyo ahlini hayratga solib kelmoqda. Koʻplab insonlarning olqishlariga sazovor boʻlayotgan ijodkorlar orasida oʻz matonati va sabri bilan, tinimsiz mehnati natijasida milliy sanʼatni rivojlantirayotganlar ham bor. Ular oʻzlariga ato etilgan imkoniyatdan foydalanib, dunyoni goʻzalliklar bilan bezashga intilishadi.

Ana shunday matonat egalari ijodini qoʻllab-quvvatlash maqsadida, Urganch shahri markazida joylashgan Oʻzbekiston zamonaviy sanʼati muzeyida  respublika Yosh ijodkorlar kengashi Xorazm viloyati boʻlimi hamda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi viloyat boʻlinmasi, «Respublika Yoshlar markazi»  Inklyuziv taʼlim markazi viloyat boʻlinmasi  hamkorligida «DUNYoNI RANGLARGA BOʻYaYMIZ»  deb nomlangan imkonyati cheklangan yosh ijodkorlar uchun ijodiy ishlar koʻrgazmasi tashkil etildi.

Koʻrgazmada tasviriy sanʼat, haykaltaroshlik va kulolchilik yoʻnalishida ijod qilayotgan yoshlar oʻz ishlari bilan ishtirok etishdi.  Koʻrgazmaga qoʻyilgan ijod namunalari ustoz rassom va hunarmandlar, tashrif buyurganlar eʼtirofiga sazovor boʻldi.

— Bugungi koʻrgazmaga qoʻyilgan ijodiy ishlarda hayot bor. Ularning har birida olam goʻzalligi aks etgan. Ona Vatanga boʻlgan mehrni ijodkorlarning asarlarida koʻrish mumkin. Bunday ijodkorlarni yuzaga chiqarishda eng katta mezonlardan biri bu eʼtibordir. Bugungi oʻtkazilayotgan koʻrgazma ham ularni yanada faol boʻlishga chorlaydi, — deydi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi, rassom Soli Qodirov.

Oʻtkazilgan ushbu koʻrgazmaning muhiti oʻzgacha, har bir ijod namunasida hayotga intilish, oʻzini boshqalardan kam emasligini anglash hissi aks etgan. Borliqqa boshqacha nigoh bilan qarash, oʻzligini boricha qabul qilish va rivojlantirish gʻoyasi bor.

— Men bugungi koʻrgazmada oʻzimning “rang tasvir” sanʼatida ishlagan ijodiy ishlarim bilan ishtirok etdim. Ijod namunalarimda yurtimizning goʻzal jamoli, bunyod etilgan goʻzal maskanlari aks etgan. Koʻrgazmada ustozlarimiz tomonidan ishlarim yuqori baholandi. Aytishlaricha kelajakda usta rassom boʻlishim mumkin ekan. Ularning ishonchini oqlash uchun tinimsiz ijod qilib, albatta mahoratli rassom boʻlaman, — deydi   koʻrgazma  ishtirokchisi Hamidjon Ilhomov

Tadbir soʻngida koʻrgazmada ishtirok etgan ijodkorlar Faxriy yorliq va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlanishdi.

Sevinchoy SOBIROVA,

Respublika Yosh ijodkorlar kengashi Xorazm viloyati boʻlimi koordinatori.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.