18 +  RSS  E-mail
17:29, 11 12 2018

Vazir yana ogohlantirdi. Bu oxirgisi…


Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov hududiy xalq taʼlimi boshqarma boshliqlariga maxsus xat yoʻlladi. “Shaxsan nazorat uchun” deb yoʻllagan ushbu xat internetda eʼlon qilindi.

Vazir buning sababini “hozirga qadar oʻqituvchilardan turli hisobotlar talab qilish davom etayotgani haqida xabarlar kelayotgani” bilan izohlagan.

Vazir xatda oʻqituvchilardan sinf jurnali, konspekt va yillik taqvim-rejadan boshqa hujjat talab qilinishi hamda ularning turli ishlarga jalb qilinishi taqiqlanishini yana bir bor eslatib oʻtgan. Shuningdek: “…taʼlim maskanlarida oʻqituvchilarni turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar uchun hisobot, bayonnoma, (foto) al’bom tayyorlash yoki sinf rahbarlarini oʻquvchilarning uylariga yuborish, ota-onalari bilan suhbat oʻtkazilganligi haqida fotosurat yoki hisobot talab etilishini, mahalliy hokimliklar tomonidan taʼlim muassasalari rahbarlari yoki oʻqituvchilarning har qanday majburiy mehnatga turli yigʻilishga, tadbirlarda zalni toʻldirish uchun “tomoshabin” sifatida jalb qilinishini ham taʼqiqlashini” taʼkidlab oʻtgan.

Xatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlaridan tashqari mahalliy hokimlik yoki turli tashkilotlar tomonidan tashkil etilayotgan hasharlarga pedagoglarni jalb etish va xodimlarning bir kunlik ish haqini tashkilotlarga oʻtkazib berishni ham man qilgan. Bundan tashqari: “Mahalliy hokimliklar, hududiy boshqarmalar tomonidan gazeta va jurnallarga majburiy obuna, komunnal toʻlovlar uchun oylik maoshdan olib qolinishini yoki boshqa noqonuniy badallar yigʻilishini qatʼiyan taʼqiqlayman”, — deyiladi xatda. Ushbu masalalar boʻyicha pedagoglar orasida tegishli tushuntirish ishlari olib borilishi, shikoyatlarni joylarga chiqqan holda oʻrganilishi aytilgan.

“Mazkur talablarni barcha maktab rahbarlariga yetkazishingizni hamda boshqarma boshliqlarini, tuman (shahar) xalq taʼlimi mudirlari va maktab rahbarlarini oʻqituvchilardan ortiqcha qogʻozbozlik, hisobotlar talab etishlariga chek qoʻyishlari haqida soʻnggi marta qatʼiy ogohlantiraman”, deydi provardida vazir Sh. Shermatov.

Bundan tashqari, Shermatov XTB rahbarlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining mahalliy hokimliklar tomonidan xalq taʼlimi xodimlarini majburiy mehnat, majburiy obuna va ommaviy hasharlarga jalb etilmasligi haqidagi 2018 yil 10 dekabrdagi 14/1-2774-sonli koʻrsatmasi ijrosini soʻzsiz taʼminlashni soʻragan.

Farhod ISMAILOV‎ 

“Oʻzbekiston Respublikasi. Xalq fikri”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.