18 +  RSS  E-mail
12:32, 28 11 2018

“Xorazm durdonalari” koʻrgazma-savdosi


Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi tashabbusi bilan 2018 yilning 28 noyabr kuni Urganch tumani Turkmanlar mahallasida joylashgan “Ulli-hovli” majmuasida “Xorazm durdonalari” mavzusida xalq amaliy sanʼati va milliy hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazma-savdosi oʻtkazildi.

Koʻrgazma savdodan koʻzlangan maqsad Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi «Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF–5242-sonli Farmonining qabul qilinganiga bir yil toʻlgani munosabati bilan Xorazmda xalq hunarmandchiligi va amaliy sanʼatini namoyish etish, hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda hunarmandchilik mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda sotishlariga koʻmaklashishdan iborat.

Koʻrgazma-savdoning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi, Koʻrgazma-savdoda keng jamoatchilik,  turli vazirlik va idoralar  xodimlari, respublikamizning viloyatlaridan kelgan mehmonlar shu bilan birgalikda yurtimizda mehmon boʻlib turgan chet ellik sayyohlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Farmonda xalqimizning madaniy merosi va tarixiy anʼanalarini  saqlab qolish, xalq badiiy va amaliy sanʼatini yanada rivojlantirish, hunarmandchilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarolarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maqsadli va kompleks chora tadbirlarni amalga oshirish, shu asosda aholi, ayniqsa yoshlar, ayollar va kam taʼminlangan oilalar bandligini taʼminlash maqsadida “Hunarmand” uyushmasiga bir qator vazifalar yuklangan.

Olib borilgan keng targʻibot va tashviqot ishlari natijasida “Hunarmand” uyushmasidan roʻyxatdan oʻtgan hunarmandlar soni 2 barobardan ortiq koʻpaydi, 2018 yilning boshida jami roʻyxatdan oʻtgan hunarmandlarning soni 11 915 nafarni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning 1 sentyabr holatiga ularning soni 27 321 nafarni tashkil etdi. Shu oʻrinda Xorazm viloyatida Farmon qabul kilingunga qadar 489 nafar hunarmandlar uyushmaga aʼzo boʻlgan boʻlsa, hozirda  aʼzolar soni 1287 nafarni tashkil etmoqda.

Hunarmandchilikni rivojlantirish orqali yangi ish oʻrinlariga toʻxtaladigan boʻlsak, 2018 yil boshidan  respublika boʻyicha 45071 tani tashkil etib, jumladan Xorazm viloyatida 1781 ta yangi ish oʻrni yaratilishi  aholi daromadlarining oshishiga turtki boʻldi.

Farmonning 2-ilovasiga muvofiq “2018-2019 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga amalga oshiriladigan loyihalarning yigʻma dasturi” tasdiqlangan boʻlib, ushbu dasturga muvofiq respublikada 105 449 mln soʻmlik jami 3 015 ta loyihalarni amalga oshirish boʻyicha manzilli dasturlar ishlab chiqilgan.

Bugungi kunga kelib respublika boʻyicha 261 mlrd soʻm miqdorida 6973 taloyihalar amalga oshirildi.  Azaldan hunarmand va yaratuvchan boʻlgan xalqimizning mehnati mahsuli boʻlgan kashtachilik, zargarlik, oʻymakorlik, zardoʻzlik, haykaltaroshlik nafaqat shu yurtda yashaydigan odamlarni, balki butun dunyoni oʻziga rom etib kelgan. Mazkur farmonda «Hunarmand» uyushmasi aʼzolariga imtiyozli kreditlar berish koʻzda tutilganligi esa soha rivojiga xizmat qilish bilan birga uyushmaning oʻrni va nufuzini ham oshirdi.

2018 yilning yanvar-noyabr oylarida respublika hududlarida jami 102 ta turli darajadagi tadbirlar, xususan 21 ta festivallar, 38 ta koʻrgazmalar, 15 ta savdo-koʻrgazmalari va 12 ta boshqa turdagi ommaviy tadbirlar 16 ta tashkil etilgan boʻlib, ushbu tadbirlarni oʻtkazish orqali aholi oʻrtasida xalqimizning anʼanaviy hunarmandchiligi keng targʻib qilinmoqda. Xorazm viloyatida jami 25 ta tadbirlar amalga oshirildi.

Koʻrgazma-savdo mamlakatimizda hunarmandchilikni rivojlantirish, uni keng targʻib qilish, yurtimiz iqtisodiyoti, kichik biznes va xususiy sektorning rivojlanishida faol ishtirok etayotgan shijoatli, tashabbuskor usta-hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning vatanimiz kelajagi yoʼlidagi intilishi, izlanishlaridagi faol ishtirokini ragʻbatlantirish, ular faoliyatlariga har tomonlama koʻmaklashish ijodiy ishlarini yurtimizda va xorijda namoyish etilishiga koʻmaklashish  hamda yoshlarni milliy anʼanalarga sadoqat ruhida tarbiyalash, hududda turizmni rivojlantirish, hunarmandlar va xalqaro ekspertlarning maʼlumot va tajriba almashinuvlariga yordamlashish, milliy hunarmandchilik mahsulotlari savdosi ham tashkil etish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston dunyo mamlakatlari ichida xalq amaliy sanʼati va hunarmandchilikning eng qadimiy turlari, anʼanalari, oʻziga xos uslublari va maktablari saqlanib qolgan  mamlakat sifatida alohida oʻringa ega. Oʻtgan yilning noyabr oyida qabul qilingan Farmon va qaror hunarmandlarga, shu bilan birgalikda hunarmandchilik sohasida oʻsish, rivojlanish, taraqqiyot yoʼlidan borish imkoniyatlarini yaratib berdi. Hunarmandlarning erkin faoliyat olib borishlari uchun juda koʻplab imtiyozlar berildi.

Uyushma tomonidan hunarmandchilik mahsulotlarini chetga eksport qilish va hunarmandlar faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilda dunyoning 20 dan ortiq davlatlarida, jumladan, Germaniya, Shveytsariya, Rossiya, Italiya, Koreya, Malayziya, Ozarbayjon, Latviya, Finlyandiya, Hindiston, Frantsiya, Gretsiya, Turkmaniston, Eron, AQSh, Ukraina, Turkiya, Xitoyda 113 ta koʻrgazma va yarmarkalar oʻtkazilishi rejalashtirildi va bugungi kungacha 10 dan ortiq xorijiy davlatlarda oʻtkazilgan xalqaro koʻrgazmalarda 50 nafardan ortiq hunarmandlar ishtirok etdi.

“Xorazm durdonalari” koʻrgazma-savdosi doirasida 60 nafardan ortik hunarmandlar va amaliy sanʼat ustalarining mahsulotlari koʻrgazmasi, mohir usta-hunarmandlar tomonidan hunarmandchilik va amaliy sanʼatning barcha yoʼnalishlari boʻyicha mahorat saboqlari  namoyish etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi axborot xizmati


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.