18 +  RSS  E-mail
9:00, 28 11 2018

Oʻsmirning hayot haqidagi oʻylari…


Ilk bor maktabga qadam qoʻygan bolani men quruvchiga oʻxshataman. Inson hayotida oʻqish va yozishni oʻrganar ekan u kelajak hayoti uchun uy qurishni boshlaydi. Ilk marta sinf partasiga oʻtirib, harf yodlab savodini chiqarar ekan, bola oʻsha qurayotgan uyining asosiy poydevorini mustahkam ravishda qura boshlaydi.

Boshlangʻich sinfni tugatgan oʻgʻil-qizlar esa dunyoviy ilmlarni oʻrganib borar va uyining qaddini rostlayotgan, uning jismini koʻtarayotgan boʻladi. Maktabni tamomila bitirib, baxtli talabalar safiga qoʻshilgan yigit-qizlar esa uyining qurilishini tugallayotgan boʻladi.

Universitetni ham bitirib, oʻz ish faoliyatini boshlagan inson qurib bitirgan uyini chiroyli qilib bezayotgan, uni pardozlayotgan boʻladi.

Qarilik chogʻiga yetgan, chiroyli hayot yoʻlini bosib oʻtgan buyuk qalb egasi oʻz qoʻllari bilan qurgan uyda umrguzaronlik qilayotgan, farzandlari va nabiralariga oʻzining ibratli hayoti haqida soʻzlab berib, ularga nasihat qilayotgan boʻladi.

Bu dunyoda hech bir narsa abadiy qilib yaratilmagan. Agar shunday narsa ixtiro qilinsa ham, baribir kun kelib uning hech kimga keragi boʻlmay qoladi va borib-borib yoʻqqa aylanadi.

Bu hayot qoidasiga rioya qilmasdan bizning ilojimiz yoʻq. Biz ham baribir kun kelib oʻzimizning mazmunli hayotimiz poyoniga yetamiz.

Biz shunday inson boʻlaylikki, oʻzimizning ibratli, nurafshon, hayot yoʻlimizni farzandlarimizga meros qilib qoldiraylik. Ular ham biz kabi chiroyli, mazmunli hayot kechirishsin. Bunday boʻlishi uchun yuqorida aytganimdek “Hayot”  atalmish uyimizni chiroyli bezaklar bilan bezaylik.

Chiroyli bezaklarni inson qayerdan oladi? Albatta ilm olish davomida yaxshi oʻqishi orqali oladi. Oʻqish davomida kimdir aʼlo, yana kimdir esa aksincha oʻqiydi. Sinfdagi aʼlochi oʻquvchilar oʻzlashtirishi past boʻlgan oʻquvchilarga koʻmaklashsa nur ustiga aʼlo nur boʻlar edi, deb hisoblayman.

Ammo afsuski baʼzi bir oʻquvchilar aʼlochi boʻla turib, sinfdoshlariga yordam berishni hoxlashmaydi, chunki ular doʻstlikning qadrini bilishmaydi.

Ha azizlar, bu dunyoda hamma har xil. Kaykovusning “Qobusnoma” asarida shunday zikr qilinadi: “Ey farzand, bilgʻilki, soʻz toʻrt nav boʻlur, undoqkim, xaloyiq ham toʻrt nav boʻlgʻondek. Biri ulkim, bilur va bilgʻonin ham bilur. Ul olimdur, unga tobe boʻlmoq kerakdur. Biri uldurkim, bilmas va bilmagʻonin bilur, ul qobildur, unga oʻrgatmoq kerakdur. Biri uldurkim, bilur va bilgʻonin bilmas, ul uyqudadur, uni bedor qilmoq kerakdur. Biri uldurkim, bilmas va bilmagʻonin ham bilmas, u johildur, undin qochmoq kerakdur”.

Kaykovus judayam toʻgʻri fikr yuritgan. Haqiqatan ham insonlar shu 4 “nav”ga boʻlinadi. Maktab oʻquvchilari shu ajoyib jumlani oʻqishsa, hayotga boʻlgan dunyoqarashi oʻzgaradi, deb oʻylayman. Biz bu jumlaning boshida yozilgan: “Bilur va bilgʻonin ham bilur. Ul olimdur, unga tobe boʻlmoq kerakdur”,  degan gapga rioya qilib yashab, mana shu olimlar safiga qoʻshilishimiz zarur. Ularning safiga qoʻshilish uchun aʼlo oʻqish va odobli, tarbiyali boʻlib, “Hayot” atalmish uyimizni qurishda davom etishimiz lozim.

Tabiiyki, taʼlim jarayonida oʻquvchilar uchun muammolar tugʻiladi. Bunday muammolarni hal etishda bizga ota-onalarimiz juda katta yordam beradi. Demak ota-onalarimiz yordamlaridan behad minnatdor boʻlishimiz va ularning qadriga yetishimiz, duosini olishimiz lozim.

Har kim ota-onasiga eʼtibor berib, ularni qadrlab, eʼzozlashlari va eng asosiysi ularga VAQT ajratishlari kerak. Kimki shu savobli amallarni bajarasa, shu yaxshiliklari albatta unga farzandidan qaytadi va “Hayot” uyida ulardan yomonlik koʻrmaydi.

Inson universitetni bitirib, mutaxassisligi boʻyicha oʻz ish faoliyatini boshlaydi. Ammo aksariyat yigit-qizlar “Oilamga yordam qilaman”, deb qaysidir korxona va tashkilotlarga yoshligidan ishga kirib, ishlay boshlashadi.

Men bir choyxonaga oilam bilan ovqatlangani kirdim. Choyxonaga bizdan soʻng ikki kishi keldi. Ularga bir yigit astoydil, chin dildan xizmat qildi, chunki ularni yaxshi odamlar, deb oʻylagan edi.

Yigit koʻzoynak taqar ekan. Xoʻrrandalar toʻyishdi va hisob-kitob qilish uchun kassaga kelishdi. Gʻaznada choyxona egasi bor edi, xoʻrrandalarga gʻaznachi hisobni aytdi: “Atigi 39 ming soʻm”. Xoʻrrandalar: ”Namuncha koʻp!? Boshidan hisoblang!”, deyishdi. Gʻaznachi atigi 1 ming soʻm adashib hisobni 39 ming soʻm degan edi, ammo hisob haqiqatan 40 ming soʻm boʻlgan edi. Gʻaznachi boshidan hisoblab, yeyilgan taomlar 40 ming soʻm boʻlganligini aytdi.

Haligi kishilardan biri: “Voy! Oʻzi 39 ming soʻmni koʻp degan edik, endi nimaga 1 ming soʻm koʻp?”, deb soʻradi.

Gʻazna yonida haligi koʻzoynak taqqan ofitsiant yigit ham bor edi. Xoʻrranda kishi oʻsha yigitning ustiga tushib: “Oʻzi mana shu koʻzoynak taqqanlar oʻtaketgan aferist, yulgʻuch boʻlishadi. Buni menga bobom aytgan, men bundaylarni koʻpini sinaganman”, dedi.

Tabiiyki, ofitsiant yigitning bu gaplardan koʻngli buzildi, chunki u majburligidan bu koʻzoynaklarni taqar edi. Uning koʻrish qobiliyati sust edi.

Choyxonadagi boshqa xoʻrrandalar: “Siz oʻylab gapirayapsizmi? Axir yigitning koʻnglini ogʻritib qoʻyaman deb oʻylamaysizmi?”, deyishdi.

Ammo oʻsha kishi bu gaplarga quloq solmadi va oʻz gapini maʼqullayverdi.

Shunda yigit: “Aka, menga qarang! Men bu koʻzoynakni oʻynaganimdan taqmayman. Hamma ham bir xil boʻlavermaydi-ku. Men sizning yegan narsalaringizni hisoblab aytdim-ku axir. Menga sizning haqqingiz kerak emas!”, dedi. U kishi baribir oʻz gapini takrorlayverdi.

Shunda u yigit ozgina xoʻrsindi va nim jilmayib: “Akaginam, men sizga tushuntirishga urindim, ammo siz tushunmayapsiz. Hali aytgandim, besh barmoq teng emas, hamma ham bir xil emas. Men sizni Xudoga soldim. Siz ham koʻzoynak taqsanggiz, bu qanday azob ekanligini bilasiz. Agar siz taqmasangiz ham ertaga farzandingiz, agar u boʻlmasa albatta nabirangiz bu baloga duchor boʻladi. Ana oʻshanda siz hozir xato ish qilganingizni tushunib yetasiz va bu ishingizga afsuslanasiz. Yana bilmadim”,  dedi.

Ha doʻstlar, bu kishi albatta jazosini oladi. Axir bu dunyo qaytar dunyo-ku. Biz yoshlar bunday shaxslardan uzoqlashib, faqat yaxshilikka intilishimiz lozim. Ana oʻshandagina “Hayot” uyimizda yaxshi yashaymiz.

Vaqt oʻtgan sari hayotni qandayligini anglaymiz, “Hayot” soʻzini magʻzini chaqamiz. Bu foniy dunyoda har narsa boʻlishi mumkin. Shunga koʻnikib yashasak, maqsadimizga erishamiz va oʻz mazmunli va ibratli hayotimiz poyoniga yetamiz.

Keling yoshlar biz ham ibratli hayot kechiraylik!  Doimo yaxshilikka intilaylik!

Zafarbek RUSTAMOV,

Urganch shahridagi 15-sonli maktabning 10-sinf oʻquvchisi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.