18 +  RSS  E-mail
7:49, 27 11 2018

Kam oylik oladiganlar endi yanada koʻproq soliq toʻlaydigan boʻlishadimi?


Soliq kodeksini loyihasi muhokamaga qoʻyilibdi. Loyiha bilan toʻliq tanishib chiqmagan boʻlsam ham baʼzi joylari bilan tanishib chiqdim va menda bir nechta eʼtirozlar paydo boʻldi.

Birinchidan, loyiha faqat rus tilida tayyorlangan. Savol tugʻiladi rus tilini bilmaydigan soliq toʻlovchilar nima qilishlari kerak bu loyihaga fikr bildirish uchun??? Tarjimon yollashlari kerakmi? Oʻzi bu loyiha Oʻzbekiston Respublikasini soliq kodeksi uchun ishlab chiqilgan loyihami yoki boshqa davlat uchun ishlab chiqilganmi??? Xullas til masalasida shuncha gapiriladi, ayrim kattalarga farqi yoʻq shekilli. Ha mayli.

Ikkinchidan, bu loyihada oldingi loyihaga nisbatan turli sanktsiyalar koʻproq. Liberallashtirish sanktsiyalarni koʻpaytirish bilan amalga oshmaydi. Shuni unutmaslik kerak.

Uchinchidan, agar bu loyiha joriy etiladigan boʻlsa soliq tekshiruvlari yanada koʻpayadi. Tekshiruvlar boʻlishi esa oʻz-oʻzidan korruptsiyaga yoʻl ochadi.

Toʻrtinchidan, ayrim tushunchalarga aniq-tiniq qilib taʼrif berilmagan. Tushunchalarga taʼrif berilayotganda tavtologiyaga yoʻl qoʻyilgan joylari mavjud. Agar tushunchalarga aniq taʼrif berilmasa, uni xohlagan tarafga qarab burish mumkin boʻladi.

Beshinchidan, soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasida “soliq kelishuvi”ni boʻlishi korruptsiya uchun qoldirilgan yana bitta “teshik” boʻlib xizmat qilishi mumkin.

Oltinchidan, eng kam oylik ish haqini 10 barobaridan kam oylik oladiganlar endi yanada koʻproq soliq toʻlaydigan boʻlishyapti. Aksariyat odamlarning maoshi eng kam oylik ish haqining 10 barobaridan kam ekanligini hisobga olsak, bu ularning daromadini kamayishiga olib kelishi mumkin.

Xullas kalom, loyihani qaysi tashkilot ishlab chiqqandi? Moliya vazirligimi? Menimcha Jamshid Qoʻchqorov bu loyihani puxta ishlab chiqib keyin muhokama qoʻyishlari kerak. Shoshma-shosharlik bilan kodeksni qabul qilib odamlarga qoʻshimcha muammo yaratgandan koʻra, uni puxta ishlab chiqib keyin qabul qilgan maqsadga muvofiq.

Shunday ekan Jamshid Qoʻchqorov va loyihaga masʼul boʻlgan boshqa kishilar oʻz ishlariga jiddiy va masʼuliyat bilan yondashishlarini istardik.

Bekzod BOBOMUHAMEDOV.

maslahat.uz dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.