18 +  RSS  E-mail
10:52, 22 11 2018

Hayot yoʻlida qoqilgan shoʻrlik qiz


Dunyodagi eng shirin bu chaqaloqdir. Mittigina chaqaloqning qoʻl harakati, jilmayishi har qanday qahri qattiq odamning ham koʻnglini yumshatadi. Begʻubor farzand har bir oilaning niyati va koʻrkidir.

Ammo ayrim qizlar hayotga yengil nazar bilan qarab, masʼuliyatni unutishadi. Hayot faqat huzur-halovatdan iborat deb qattiq yanglishadilar.

Uydagi notinchlik ham voyaga yetayotgan qizlar ruhiyatiga salbiy taʼsir qiladi.

Shovotlik Zevarjon Tohirova (ism-sharifi oʻzgartirilgan) ham puch orzu-havasga berilib, hayot yoʻlidan adashdi, aniqrogʻi toshga qoqilib, boshi devorga tegdi. Xoʻsh, uning bu yoʻlga kirishiga nima sabab boʻldi?

Ota va onasi ajrashib ketishdi. Opalari otasi bilan, oʻzi va singillari onasi bilan yashay boshladi. Ona boshqa tumanda ishlagani uchun faqat dam olish kunlari uyda boʻlardi.

Zevarjon ona nazoratisiz qoldi. U mahallasida yashovchi yigit bilan bir-birlarini sevib qolishadi. Oradan sakkiz oy oʻtib, yigit-qizning bir-biriga boʻlgan mayli kuchli ehtirosga aylanadi. Tez-tez uchrashuvlar qizning boshini aylantirib qoʻyadi.

Kuz kunlarining birida tungi soat oʻn ikkida yigit Zevarjonning uyi yoniga keladi va unga uylanmoqchi ekanligini aytadi. Shundan keyin ular uyning yonidagi somon ustida qovushadilar…

Bebosh yoshlar tez-tez qoʻngilxushlik qilib turishadi. Oradan ikki oy oʻtib qiz homilador ekanligini bilib qoladi. Zevarjonning qorni kattalashib, koʻzi yoriydigan paytlarda yigit ishlash uchun Rossiya Federatsiyasiga ketib qoladi.

Oʻsha kuni ertalab Zevarjonning boshi va qorni ogʻrib uyqudan uygʻonadi. Maktabga ketayotgan singlisiga suv keltir, deydi. Xuddi ogʻriqni qoldiradigandek, suvdan toʻyib ichadi. Mazasi boʻlmaganligi sababli uy ichkarisida aylanib yuradi.

Singlisi maktabdan kelganidan keyin tugʻishini koʻrib qolmasligi uchun uni buvisining uyiga yuboradi. Keyin u oshxonasiga oʻtib, shu yerga toʻshalib turgan gilam ustida tugʻadi. Oshxona pichogʻi bilan farzandining kindigini kesadi, lekin bogʻlamaydi.

Farzandi yigʻlab yotardi. Qoʻshnilari chaqaloqni yigʻlagan ovozini eshitishlari mumkinligini oʻylab, ayollar qalin jemperiga yuz qismi bilan birga oʻraydi…  Keyin xushidan ketadi. Nima boʻlganini bilmay yotadi.

Zevarjonning onasi kelib tez tibbiy yordamga qoʻngʻiroq qiladi. Shifoxonada uni tuqqanligini bilib qolishadi va tegishli joyga xabar berishadi.

Bechora ona shifokorlarga qizi tugʻmaganligini, uni hali turmushga chiqmaganligini aytadi. Uyiga kelib, oshxonasidagi kiyimlar orasidan chaqaloqni oʻlik holda topib oladi.

Sudda hukm oʻqildi. Z.Tohirovaga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Muhtaram ota-onalar! Voyaga yetayotgan farzandlaringizning qalbiga yoʻl toping, ularning gʻam-tashvishlari va quvonchlariga sherik doʻst boʻling. Shundagina farzandlaringiz Zevarjon kabi hayot yoʻlida toshga qoqilib yiqilmaydilar.

Qodirjon MASHARIPOV,

Shovot tumani prokurorining ish oʻrganuvchi yordamchisi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.