18 +  RSS  E-mail
15:05, 17 11 2018

Qoʻlbola isitish moslamasining noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi


Havo haroratining keskin pasayib ketishi bilan fuqarolarimiz tomonidan xonadonlarni isitish maqsadida har xil yoqilgʻi mahsulotlari, turli isitish pechlari va gaz uskunalaridan foydalanishga boʻlgan ehtiyoj kundan kunga oshib boradi. Bu esa oʻz navbatida yongʻin va texnika xavfsizligi qoidalari talablarini buzilishi natijasida xonadonlarda tabiiy gaz va havo aralashmasining chaqnashiga, fuqarolarning is gazlaridan zaharlanib qolish ehtimolining oshishiga olib kelishi tabiiy.

Afsuski joylarda olib borilayotgan tushuntirish va targʻibot tadbirlariga qaramasdan aholi orasida tabiiy va is gazlaridan zaharlanish, turli xil tan jarohatlari olish bilan bogʻliq noxush holatlar uchramoqda. Ana shunday baxtsiz hodisalar kelib chiqishining oldini olish hamda xavfsiz foydalanish qoidalarini aholiga keng miqyosda tushuntirish va targʻibot ishlarini olib borish maqsadida 2018 yil 1 noyabrda Vazirlar Mahkamasining “Aholi xonadonlarida isitish tizimi va yoqilgʻi mahsulotlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga binoan Davlat soliq qoʻmitasiga qoʻlbola yasalgan nostandart isitish moslamalarini ishlab chiqarish hamda ularning bozorlar va turli savdo shoxobchalarida sotilishining oldini olish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrish vazifasi topshirildi.

Ushbu qarorning ijrosi yuzasidan Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda qatʼiy choralar ishlab chiqildi. Yaroqsiz, nosoz, qoʻlbola yasalgan isitish pechlari va gaz moslamalarini ishlab chiqarish va aholiga sotishning oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlar amalga oshirildi.

Tadbir davomida Xonqa tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro B.S. hech qanday hujjatlarsiz qoʻlbola, nostandart yasalgan isitish moslamalarini ishlab chiqarayotgani aniqlanib, belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi. Natijada ushbu “ishbilarmon”ning 6 turdagi umumiy bahosi 1,8 million soʻmlik tovar moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlash uchun olib qoʻyildi.

— Aksariyat xollarda is gazidan zaharlanish va gazdan chaqnashlar qoʻlbola yasalgan va chet elda ishlab chiqarilgan sertifikatga ega boʻlmagan isitish uskunalari, gaz soʻrish nasoslaridan foydalanish oqibatida yuzaga kelmoqda, — deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi katta inspektori Dilshod Isoqov. — Barcha tadbirkorlik subʼektlari va fuqarolarga eslatib oʻtmoqchimanki, bunday nazorat tadbirlari barcha shahar va tumanlarda olib borilmoqda.

Siz qoʻlda yasalgan nostandart isitish moslamalari ishlab chiqarilayotganligidan yoki ularning savdosidan xabardormisiz? Agar shunday boʻlsa, hududiy davlat soliq inspektsiyalariga oʻz vaqtida murojaat qiling. Unutmang, xavfsizligimiz va tinchligimiz uchun har birimiz masʼulmiz.

Roman OTAJONOV,

Xorazm viloyat DSB jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻʼbasi boshligʻi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.