18 +  RSS  E-mail
15:03, 17 11 2018

Qadri galstukdan past taʼlim kimga kerak?


Finlyandiya, 2018 yil. Umumiy oʻrta-taʼlim maktabi. Razm solsangiz, maktab oʻquvchilarining kiyimlari turfa-xil, biri ikkinchisini takrorlamaydi. Hamma topganini kiyib kelgan. Oʻqituvchi tushmagur ham, birovini “qani forma, qani boʻyinbogʻ” yoxud “hammang qoʻlingni parta ustiga bir xil qoʻyib oʻtir” deya javramaydi. Umuman, oʻqituvchining dars oʻtishida na asabiylik, na tahdid bor. U boqibegʻam, shunchaki oʻrgatadi. Eng yomoni, biror kimsa qoʻqqisdan darsga kirib, yoʻqlama, galstuk va shunga oʻxshash narsalarni soʻramaydi-ey…

Ushbu manzarani koʻrgan odam Finlyandiyadagi taʼlim taraqqiyotiga fotiha oʻqib qoʻyaversa kerak…

Afsuski, u adashadi. Finlyandiya taʼlim samaradorligi va sifati jihatidan jahonda birinchi oʻrinda turadi, oddiy fin oʻquvchisi toʻqqiz yoshidan bir, oʻn ikki yoshidan ikki va nihoyat oʻn olti yoshidan uchta xorijiy tilda bemalol gapirishni boshlaydi.

Oʻzbekiston, Buxoro, 2018 yil. Falon universitetda dars beruvchi falonchi darsga boʻyinbogʻ taqib kelmagan talabalarni kaltakladi…

Akademik litsey va universitetda oʻqib yurgan vaqtimizda bizni kechikkanimiz, galstuk taqmaganimiz va hokazo “ayblarimiz” uchun kirish eshigi oldida ushlab, rosa nasihat yoki doʻq-poʻpisa qilishardi. Negadir qoʻyib yuborishgach, oʻquv xonasiga kirishga yuragim bezillardi: chunki forma va davomat tufayli rosa jon kuydirganlar xonaga kallasini suqib “dars qanday oʻtilyapti?”, “nima oʻrganyapsizlar”, “shu fan sizlarga kerakmi oʻzi?”, “Nima qilsak, taʼlim sifati oshadi, bizdan nima istaysizlar?” deya soʻramasdi. Galstuk bu oʻquv binosiga kirish uchun tashrif qogʻozi, u boʻyningda boʻlsa, senga kulib qarashadi, yaxshi gapirishadi, yoxud shunchaki nordon gaplardan ozod boʻlasan.

Universitetni bitirayotgan yilimiz fakul’tetga yuqori idoradan tekshiruv kelayotgani xabar qilindi. Negadir shu safar ularning talabalarni eshitishiga, qayoqdagi rasmiyatchiliklarni emas, haqiqiy taʼlim sifatini tekshirishlariga ishongim keldi. Ammo oʻsha “umidbaxsh” kunda kelganlar auditoriyaga kirgandan, formada boʻlmagan talabalar uchun oʻqituvchini koyidi va kim necha soat dars qoldirganini aniqlash uchun jurnalni titkilay boshladi….

Taʼlim muassalarimiz devorlariga bir boqing: u yerda oʻquvchining oʻzini tutishi, qanday kiyinishi haqida eslatmalar, tavsiyalar, nasihatlar juda koʻp. Albatta, bu yaxshidir, ammo talaba yoxud oʻquvchi bu yerga kelib eng asosiy vazifasi — ilm olishni bajarmayapti.

Yaqinda bir oliy oʻquv yurtining sahifasida “Tartib taʼlimdan muhim!” degan balandparvoz jumlani oʻqib qoldim. Unda oʻquv muassasasi rahbariyati shaxsan oʻzi talabalarning ertalab kiyinib kelishini nazorat qilayotgan ekan.

Faraz qilaylik sen jurnalistika fakul’teti talabasisan, dekanga yoqishing uchun boshingni qotirib, oʻtkir maqolalar yozishing, tajribani oʻrganishing, yoxud jon kuydirib xorijiy tilni egallashing emas, galstuk taqib kelishing kifoya. Senga kechikkaning va oʻquv formasida emasliging uchun soatlab nasihat qilishlari mumkin, ammo auditoriyada bekor oʻtgan vaqting katta yoʻqotish ekanligi haqida hech kim aytmaydi.

Bugun maktab formasidagi oʻquvchi olti soat darsda oʻtirib, quruq qaytmoqda, universitetni tugatgan ayrimlar ikki qatorni eplab yozolmayapti. Ammo bu haqda oʻsha “boʻyinbogʻchilar” jim. Goʻyo bu muammolar ularga qorongʻu. Tinchgina aybni yana “oʻquv muassasasi ichki tartib qoidasiga rioya qilmaganlar”ga agʻdarib qoʻyaverishadi.

Xullas, taʼlimdagi muammolar majburan taqdirilgan boʻyinbogʻlar ortida qolib ketar ekan, yapon talabasi ixtirosi uchun patent olayotgan vaqtda oʻzbek talabasi oddiy matoni taqish taʼna-dashnomlardan qutilish uchun yagona yoʻl deb bilaveradi.

Ulugʻbek ORIPOV

“Xalq fikri”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.