18 +  RSS  E-mail
13:53, 15 11 2018

Soliq imtiyozlari: turizm sohasi rivoji yoʻlida


Mamlakatimizda iqtisodiy taraqqiyotni va xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirishda, joylarda yangi ish oʻrinlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etuvchi turizm sohasini rivojlantirish, yurtimizning hali toʻla ishga solinmagan sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hududlarni jadal rivoj¬lantirish, valyuta tushumi, aholining turmush sifati va daromadlarini oshirishda mazkur sohaning oʻrni beqiyos. Keyingi yillarda yurtimizga kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimini koʻpaytirish, ichki turizmni kengaytirish maqsadida turizm sohasiga ham soliq imtiyozlari berilib, yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.

Foto: uz-obshina.ru

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi «Oʻzbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi 5326-sonli farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarishda muhim dasturilamal boʻlmoqda. Ushbu hujjat ijrosini taʼminlash, ayniqsa, ichki sayyohlik xizmatini rivojlantirish borasida Xorazm viloyatida ham keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi ham Xorazm viloyati turizmni rivojlantirish departamenti bilan hamkorlikda mazkur Farmonning mazmun-mohiyati hamda ijrosi boʻyicha davra suhbatlari, qolaversa joylarga chiqib tadbirkorlik favoliyati bilan shugʻullanish istagini bildirgan fuqarolarga imtiyozlar haqida batafsil maʼlumotlar berishmoqda.

— Yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan ushbu Farmonning mazmunini tushuntirish va ijrosini taʼminlashga soliq xizmati xodimlari ham alohida eʼtibor qaratishgan, — deydi Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Shuhrat Saidov. — Endilikda asosiy faoliyat turi tematik xiyobonlar xizmatlarini tashkil qilish boʻlgan yuridik shaxslar ular tomonidan tematik xiyobonlar foydalanishga topshirilgan kundan eʼtiboran 3 yil muddatga foyda soligʻi, yer soligʻi va mol-mulk soligʻi, shuningdek, yagona soliq toʻlovini toʻlashdan ozod etiladigan boʻldi. Bundan tashqari mazkur Farmon bilan sayyohlarga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar asosan davlat muzeylari, galereyalar, madaniy meros obʼektlari va qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar maʼmuriyatlari oʻz faoliyatidan tushadigan tushumlarning kamida 5 foizini oʻz faoliyati hamda taqdim etayotgan turizm xizmatlari bayon etilgan reklama-tarqatish materiallarini oʻzbek, rus va ingliz tillarida tayyorlash va adadini koʻpaytirish uchun majburiy tartibda yoʻnaltiradi. Bunda ushbu maqsadlarga yoʻnaltirilgan xarajatlar summasi bu tashkilotlarning soliqqa tortiladigan bazasidan chiqarib tashlanadi.

— Hozirgi kunda viloyatda 89 ta sayyohlik tashkiloti, 29 ta turistik firma faoliyat yuritmoqda. 60 dan ziyod mehmonxona xizmati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarning faoliyati yoʻlga qoʻyilgan, shuningdek, yana 17 ta mehmonxonada qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Natijada mehmonxonalardagi oʻrinlar soni yana 850 taga koʻpayadi. Bundan tashqari tadbirkorlar tomonidan sayyohlar uchun avtobuslar va 4 ta elektromobil sotib olindi. Yil yakunigacha sohadagi transport infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida sayyohlik sinfiga oid 10 ta avtobus va 10 ta elektromobil sotib olinishi belgilandi, — deydi viloyat turizmni rivojlantirish departamenti direktori vazifasini bajaruvchi A. Polvonov.

Viloyatdagi yodgorliklarni, tarixiy-madaniy merosni oʻrganishga kelgan sayyohlar soni oʻtgan 9 oyda 1 milliondan ortib ketdi. Shundan 80 mingga yaqini xorijiy, qolgan 937,1 ming nafari mahalliy sayyohlardir.

Yuqoridagi Farmon talablaridan kelib chiqqan holda viloyatda oilaviy mehmon uylarini tashkil etish boʻyicha 20 ta loyihalarning manzilli roʻyxati ishlab chiqildi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi bilan qoʻshimcha 194 ta mehmon oʻrinlari yaratiladi.  Bundan tashqari, “Urganch” xalqaro aeroporti hamda “Ichon qalʼa” hududida yangi internet tarmogʻiga simsiz bepul ulanish hududlari (Wi-Fi) takomillashtirilgan holda tashkil etildi.

— Mamlakatimizda tadbirkorlikning qoʻllab-quvvatlanayotgani mehmonxona xizmati faoliyatini yanada rivojlanishiga turtki boʻlmoqda, — deydi urganchlik tadbirkor Alisher Roʻzmetov. — Viloyatga kelayotgan sayyohlar soni kundan-kunga ortib bormoqda. Biz kabi tadbirkorlarga soliq xizmati xodimlari tomonidan bu sohada yaratib berilayotgan imtiyozlar haqida koʻp maʼlumotlar berilmoqda. Ushbu imtiyoz va imkoniyatlar kelajakda faoliyatimizni yanada kengaytirish, xizmatlar turini koʻpaytirish va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilishiga turtki boʻlishi aniq.

Demak, hududlarda turizmni jadal rivojlantirish maqsadida davlat rahbari tomonidan yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlar va imtiyozlar hududlarda xorijlik sayyohlar oqimi va turizm xizmatlari eksportini kengaytirishga, tarmoqda yangi ish oʻrinlari yaratish asosida aholining bandlik darajasini oshirishga, mazkur faoliyat subʼektlari sonining koʻpayishiga xizmat qiladi.

Romon OTAJONOV,

Xorazm viloyati DSB jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻʼbasi boshligʻi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.