18 +  RSS  E-mail
16:16, 14 11 2018

Ayollar uchun ibratli rivoyat!


Men bu rivoyatni bir paytlar bobom rahmatlidan eshitgandim.

Bu voqea ayollarga dars beradigan madrasada boʻlib oʻtgan. Kunlardan bir kuni ustoz oʻquvchi ayollarga:

— Ey qizlarim, bugun men sizlar bilan savol-javob tariqasida bir aqlni sinovchi oʻyin oʻynamoqchiman. Agar orangizda kim birinchi boʻlib bunda qatnashmoqchi boʻlsa, iltimos, doskaga chiqsin!- deya ularning bilimini sinamoqchi boʻldi.

Bir payt oʻquvchi ayollardan biri oʻz xohishi bilan doskaga chiqadi. Shunda ustoz oʻrtaga chiqqan oʻquvchi ayolga :

— Senga yaqin boʻlgan yigirmata insonni doskaga yoz!- deydi.

Shunda oʻsha ayol birma-bir oʻziga yaqin insonlarni doskaga yoza boshlaydi.

— Otam, onam, turmush oʻrtogʻim, bolalarim, aka-ukalarim, opa-singillarim, togʻam, ammam, xolam, qoʻni-qoʻshnilar…,- xullas yigirmata insonni misol qilib yozadi.

— Endi bu yigirmatasini ichidan ikki kishini oʻchirgin!- deydi ustoz.

Shunda oʻsha ayol ikki kishini bu roʻyxatdan oʻchiradi. Shunda ustoz:

— Endi qolganlar ichidan yana toʻrt kishini oʻchirgin!- deydi.

Shunday qilib birma-bir oʻchiraverib, doskada faqat toʻrt kishining ismini qoldiradi. Bular: ota, ona, turmush oʻrtoq va farzandlar…

Shunda butun sinf jimjit boʻlib, bu hech qanday oʻyin emasligini anglagancha oʻylanib qolishadi. Shunda ustoz:

— Yana ikki kishini shu roʻyxatingdan oʻchir!- deya buyruq beradi.

Shunda oʻquvchi ayol qaysi birini oʻchirishga ikkilanib turardi. Koʻz yoshlari bilan ota-onani bu roʻyxatdan oʻchiradi. Oʻchiradi-yu koʻz yoshlarini tiyib turolmasdan oʻksib yigʻlab yuboradi. Buni kuzatib turgan boshqa ayollar ham hayolida nimalarnidir oʻtkazgancha ustozning keyingi savolini kutib turishadi. Doskada esa turmush oʻrtoq (er) va farzand yozilgan turardi, xolos. Shunda ustoz:

— Qani, yana bir kishini bu roʻyxatdan oʻchirgin! — deya buyruq beradi.

Shunda bu ayol yanayam qattiqroq yigʻlay boshlaydi. Ustoz esa bu holatga parvo qilmasdan:

— Men senga yana bir kishini bu roʻyxatdan oʻchirgin dedim!- deya gapini takrorlaydi.

Shunda ayol doskaga yaqinlashib ming bir oʻksik yigʻi bilan oʻz farzandlarini bu roʻyxatdan oʻchiradi. Doskada esa yolgʻiz turmush oʻrtogʻining ismi qoladi. Keyin ustoz unga:

— Qani, menga ayt-chi, ota-onang seni dunyoga keltirdi, ne-ne azoblar bilan katta qildi, lekin sen ularni ismlarini oʻchirding. Va oxirida senga aziz boʻlgan farzandingni ismini ham oʻchirding. Oxir-oqibat yolgʻiz turmush oʻrtogʻingni (erni) tanlading. Buni qanday izohlaysan? — deya undan soʻradi.

Ayol oʻquvchi esa koʻz yoshlarini roʻmoliga artib, shunday javob berdi.

— Ota-ona — bu Ollohning taqdiri, kuni kelib ular vafot etadilar. Farzandlar esa katta boʻlgach uylanishadi, turmushga chiqishadi. Va oyoqqa turgach, turli bahonalar bilan mendan uzoqlashadi. Men bilan bir umr birga qoladigan inson bu mening turmush oʻrtogʻimdir, — deya javob berdi.

Uning bunday javobini hech kim kutmagandi.

Oʻsha muslima singlimizning javobi barcha ayollarimizga dars boʻlsin. Chunki hozirgi kunda koʻpchilik ayollarimiz oddiy bir kiyim-kechak deb, tilla taqinchoq deb janjal chiqarishib oʻz eridan voz kechishib ajralib ketishyapti. Bugun qizlari nimani xohlasa olib berayotgan ota-onalarning boʻlajak kuyovlari qizlarini injiqliklarini koʻtaradimi? Oilasida oʻz aytganini qildiradigan qiz yangi oilasida qiyinchilikka uchramaydimi?

Aziz opajonlar, singiljonlar, eringizni rozi qiling. Oʻz erini rozi qilmagan ayol jannat yuzini koʻrmaydi. Agar bu soʻzlarim koʻnglingizga tekkan boʻlsa meni kechiring. Men barcha muslima opa va singillarimizni jannatda boʻlishlarini xohlardim…

Javohir ISMOILOV

“Sogʻinch sadosi”dan


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.