18 +  RSS  E-mail
14:34, 11 11 2018

Yaxshi ham kitobni oʻrtoq bilibman


Foto: m.fotostrana.ru

 

Esimni tanibman kitobdir doʻstim,

Eslayman bogʻchada yigʻlaganlarim.

Onam artib mening koʻzdagi yoshim,

Alifbe qoʻlimga tutqazganlarin.

 

Besh yoshda onamni nuqtab turtkilab,

Maktabga borganim hamon esimda.

Oʻzimdan katta bir papka orqalab,

Kitoblar tutganim turar yodimda.

 

Shundan buyon oʻzim qargʻayman nuqul,

Nega buncha erta kitobni suyding?

Erta olaman deb boshinga aql,

Nega buncha oʻzing azobga qoʻyding?

 

Kitobdan boshqaga ishonmay aslo,

Kutubxonalarni bearmon kezdim.

Kitobning ilmiga boʻlib mahliyo,

Hayotim damlarin yelga sovurdim.

 

Kitob oʻgʻirlagan oltin damlarim,

Oʻrgansam boʻlardi “paxta qoʻyishni”.

Kitobni quchoqlab oʻtgan kunlarim,

Oʻrgansam boʻlardi xoʻp “kiydirishni”,

 

Maktabga bormayin olardim hujjat,

Bozorda arava tortsam boʻlardi.

Shunda men toʻplardim kattakon davlat,

Bozor berganidan gʻaznam toʻlardi.

 

Balki haqsizlikni koʻrmasdi koʻzim,

Adolat yoʻlini qalbim sezmasdi.

Achchiq boʻlmas edi aytajak soʻzim,

Dushman yoʻllarimni balki toʻsmasdi.

 

Halol ne, harom ne qilmasdim parvo,

Kishining haqidan hazar qilmasdim.

Gapimni tinglardi butun bir dunyo,

Hech kimga gap berib, gapirtirmasdim.

 

Kimningdir “qulogʻi”i boʻlardim balki,

Odamlarni chaqib koʻrardim kunim.

Hamma meni koʻrsa qoʻrqib turardi,

Yoʻlda uchraganlar qilardi taʼzim.

 

Doʻst boʻlib olardim melisa bilan,

Koʻylakka tiktirib “latta pogon”ni.

Orqa qilib, yurib shu kimsa bilan,

Dodlatib tashlardim butun olamni.

 

Uyat ne, vijdon ne suvday ichardim,

Hatto tuqqanimdan, soʻzsiz kechardim.

Kitobsiz yashasang qandayin rohat,

Yashab oʻtasan sen misli bir jonzot.

 

Men shunday bir hayol surib turgandim,

Eshik taqilladi, dedim keldi kim.

Dedi kelgan odam salom muallim,

Men sizni toʻyimga aytib kelgandim.

 

Ustimdan muzday suv quyuldi goʻyo,

Oʻylagan oʻylarim chinniday sindi.

Bildimki, hayolim zaif bir roʻyo,

Tanimga astayin sovuqlik kirdi.

 

Birdan hurpaydim-u turdim oʻrnimdan,

Bekor hayollardan foyda yoʻq aslo.

Gaz-u soliqdan qarz, toʻlab kelayin,

Qarzdan qutilib, soʻng ishga borayin.

 

MIBga borsam navbat, keti koʻrinmas,

Oʻyladim bu ishim buguncha bitmas.

Shunda bitta odam qoʻlimdan tutdi,

Ishim bitkazdiyu uyimga eltdi.

 

Yordam bergan yigit shogirdim edi,

MIBlik ishdan aslo gʻam yemang dedi.

Soliqqa borsam ham yana shu ahvol,

Shogirdim yordamga shoshildi darhol.

 

Shunda takror aytdim astahfurulloh,

Hayolim haromdur, kechir yo Olloh.

Yaxshi ham kitobni oʻrtoq bilibman,

Kimgadir insofdan saboq beribman.

Oybek ALIYEV


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.