18 +  RSS  E-mail
16:17, 11 11 2018

Ismi kasbiga monand


https://t.me/dadiluz/30

Ijtimoiy tarmoqlarda DAN xodimlar shaʼniga noxolis gap-soʻzlar tez-tez uchrab turadi. Bu soha vakillari ichida ham oʻz kasbining fidoyilari, keng fikrli, halol va mard kishilar borligini koʻpincha unutib qoʻyamiz.

Men poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi gavjum chorrahalarida bir DAN xodimlaridan birini tez-tez uchrataman. U oʻziga biriktirilgan hududda ikki-uch soatlab tik turgan koʻyi avtoulovlar oqimini nazorat qiladi, yoʻlchiroq pand bergan kezlari, ertalabki, kechki tirbandlik paytlari chorraha oʻrtasida qoʻlidagi qizil tayogʻini chapdastlarcha oʻynatib, qator-qator mashinalarni kerakli yoʻnalishlarga shu qadar mohirona boshqaradiki, beixtiyor qoyil qolamiz.

Qay kuni chidayolmadim. Zavqim toshganidan uning hatti-harakatlarini tasvirga olishga urindim. Mening qiziquvchanligim shuhbali tuyuldimi, yoki boshqa sababmi, oʻsha DAN xodimi ildam qadamlar bilan yonimga keldi.

-Kichik serjant, Yoʻlchi Sultonov,-dedi u rasmiy tarzda oʻng qoʻl uchini bosh kiyimiga tegizib qoʻyarkan,-bu yerda turishingiz mumkin emas, chorrahadagi harakatga xalaqit berasiz.

-Uzr, sizning professional boshqaruvingizdan hayratlanib, beixtiyor tasvirga oldim,-dedim va shu barobarida uning koʻksidagi nishoni raqamlariga koʻz tashlab qoʻydim: “0921”

Yoʻlchi Sultonov xijolatomuz jilmaydi.

-Tasvirga olgingiz kelsa, mendan oʻn karra mohir hamkasblarim bor, oʻshalar bilan tanishtirib qoʻyaman.

-Xoʻp,-dedim.

-Hozir olgan tasvirlaringizni, iltimos, oʻchirib tashlang,-dedi u

-Xoʻp,-dedim yana.

Ammo koʻzim qiymadi. Ijtimoiy tarmoqda ulashgim kelib ketdi. Chunki, ismi kasbiga monand, yoʻlimiz ravon, bexatar boʻlishi uchun ertayu kech mardona mehnat qilayotgan yana bir oʻgʻlonimizni borligini hamyurtlarimiz bilib qoʻyishlarini istadim.

Luqmon Boʻrixon


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.