18 +  RSS  E-mail
17:01, 09 11 2018

Iqror


Mening yuragimda ogʻriqlar bisyor,

Har bandi jahannam, har ohi tutun.

Seni unutganim – barchasi bekor,

Senga boʻlgan sevgim hali ham butun.

Koʻzingning maʼnosi koʻzimda qolgan,

Orzu umidlaring koʻksimda yashar,

Seni kutaverib koʻzlarim tolgan

Seni sevaverib yillarim oshar.

Majnuntol siridek sirlarim beun,

Kokilim oʻpadi faqat anhorlar

Sening visolingga yetmogʻim uchun,

Hali kelar yana ming-ming bahorlar.

Boshimda yostiqlar qurimay qolgan,

Qadami toliqqan har bitta onim.

Meni bu dunyodan koʻtarib ol-da,

Mayli, oʻz qoʻling-la ol mening jonim!

Senga tashakkurim boʻlmas bundan zoʻr,

Hatto, sensiz kunim kechirarman, rost.

Meni qoʻllaringda oʻlmogʻimni koʻr,

Oʻlmoqlik emas bu – tiriklik xolos.

Senga nafratlarim qanchaki uzun,

Buyuk sevgim esa undan ham nari.

Yuragim tubida ming-minglab tugun,

Kelsang gar bir pasda yechilar bari.

Seni unutmoqlik oʻzi ulugʻ gʻam,

Sensiz yashash esa jahannam, zorim.

Seni sevmoq uchun yaratgan Egam

Va yana seni deb oladi jonim!

Nurxon ELMIRZAYEVA


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.