18 +  RSS  E-mail
16:02, 01 11 2018

Jiyaniga firib bergan, togʻasini aldagan


Qirq bahorni koʻrgan, toʻrt farzandning onasi boʻlgan R.R. oʻzganing mulkini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritish  maqsadida pinhona reja tuzdi. Uning qarmogʻiga dastlab  ilingan odam oʻzining jiyani G.R. boʻldi.

Foto: infoport.live

R.R. jiyaniga telefon qilib sogʻligi yomonlashib yurganligini, zudlik bilan shifokorga  koʻrinib, operatsiya stoliga yotqizilishi haqidagi xabarni aytdi. Bu soʻzdan jiyanining  kayfiyati buzildi. “Bechora ammam, toʻrt bolasini boqayapti, ustiga-ustak ogʻir dardga chalingan boʻlsa-ya…  Soʻragan pulini bermasam odamgarchilikdan boʻlmas” degan oʻyda G.R. ammasi aytgan joyga 15 million soʻmni olib keldi.

Ammajonisi jiyanini quchoqlab oʻpdi. “Rahmat, senga bu saxiyliging uchun, albatta bir kuni qaytaraman…” dedi.

G.R. oʻzicha  oʻylandi: “Qiziq, saxiylik dedimi”.

— Siz ogʻir kasalman deganingiz uchun qarzga berayotgan edim, — dedi jiyan…

— Albatta qarzga, — dedi u. — Ammajonisi aylansin shunday mehribonidan…

Jiyanining pulini oʻzining ehtiyojlariga sarflagan ammasi qarzini qaytarishni oʻylab ham koʻrmadi.

Kunlarning birida togʻasi I.O.ning “holidan xabar olgani” uyiga keldi. Togʻasi yolgʻiz yashardi. U togʻani aldab avradi. “Agar ikkalamiz alohida xonada yashaydigan boʻlsak, sizga xotin boʻlib, uy-roʻzgʻor ishlariga  yordamlashaman, ovqatingizni pishirib beraman, kiyim-kechaklaringizni yuvaman. Kasal boʻlganingizda umringizning oxirigacha sogʻligingizdan xabar olib, er-xotin sifatida yashaymiz” dedi u. Oʻz soʻzining isbati uchun I.O. bilan birga yashadi. Toshkent va Buxoro viloyatlaridagi shifokorlarga togʻasining hisobidan koʻzini davolatib keldi. Shu yoʻl bilan uning ishonchiga kirdi.

Oʻtgan yilning may oyida I.O.ni avrab, uning bankdagi hisob raqamidan 80,4 million soʻm pullarini oldi. Ushbu pullar evaziga shaharda xonadon sotib olib, davlat notarial idorasi tomonidan oʻz nomiga rasmiylashtirishga erishdi.  Fuqaro I.O. ni aldash va ishonchini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan uning  80 million soʻmdan ziyod pullarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritdi.

Ammo, u katta pulga ega boʻlgach, birdan oʻz soʻzidan aynib qoldi. I.O. ning puli evaziga sotib olgan xonadonni “oʻzimning pulimga oldim” dedi va undan bir zumda “voz kechib qoʻydi”.

Qiziq boʻldi-ku, deb oʻyladi aldanib qolgan togʻa. Endi nima qilaman? Shuncha pulimni yeb ketaveradimi? Yoʻq, bunga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi…

Shunday oʻylar bilan I.O. bu haqda  huquq-tartibot idoralariga ariza bilan murojaat qildi.

Shu yuzadan sud boʻlib oʻtdi. Sudlanuvchi R.R. barcha qilmishlarini tan olmadi. Jiyanidan olgan 15 million soʻmni ham olmaganligini, togʻasining pulini oʻzlashtirmaganligini, uyni oʻzining puliga olganligini aytib qatʼiy turdi.

Ammo bu ishlarni koʻrgan va bilgan fuqarolar bor edi. Ular guvohlikka oʻtishdi.

Sudlanuvchi R.R. 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Uning olgan qarzlari  qoplanishi eʼtirof etildi.

Oydin NURIYEVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.