18 +  RSS  E-mail
8:19, 26 10 2018

Sud raislari jurnalistlarga axborot berdi


Samarqand viloyati Matbuot uyida sudlar faoliyatidan jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida brifing oʻtkazildi.

Foto: Samarqand viloyati xokimligi matbuot xizmati

Prezidentimizning 2018 yil 13 iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi sud raislari joriy yilning toʻqqiz oyidagi faoliyati boʻyicha axborot berdi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand viloyati sudi raisi O.Hayitovning qayd etishicha, jinoyat ishlari boʻyicha viloyat, tuman, shahar sudlari tomonidan hisobot davrida 4084 nafar shaxsga nisbatan 3256 ta jinoyat ishi koʻrib, tamomlangan. Tamomlangan ishlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 828 ta, shaxslar soni esa 2243 nafarga kamaygan. Jinoyat ishlarining 1544 tasi sayyor sud majlislarida koʻrilgan. 755 ta jinoyat ishi taraflar yarashgani munosabati bilan tugatilib, 840 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan. Viloyat sudining birinchi bosqichida 1 ta jinoyat ishi boʻyicha 5 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan boʻlsa, barcha instantsiyalarida 31 nafar shaxs oqlangan.

Fuqarolik ishlari boʻyicha Samarqand viloyat sudi raisi oʻrinbosari B.Norov hisobot davrida 18 ming 840 ta fuqarolik ishi koʻrilganini maʼlum qildi. Bu raqam oʻtgan yilning shu davri bilan qiyoslaganda, 3990 taga kamaygan. Koʻrilgan ishlarning 16 ming 879 tasi yuzasidan hal qiluv qarori chiqarilib, 14 ming 249 ta daʼvo qanoatlantirilgan, 2630 tasi esa rad etilgan. Nikohdan ajratish bilan bogʻliq ishlar boʻyicha chiqarilgan hal qiluv qarorlari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 368 taga koʻpayib, 4441 tani tashkil etgan. Lekin daʼvo qanoatlantirilgan qarorlar 2421 ta boʻlib, avvalgi yilga qiyoslaganda 156 taga kamaygan, 234 oila yarashtirilgan.

— Yilning toʻqqiz oyida koʻrib tamomlangan 22 ming 940 ta maʼmuriy ish boʻyicha 26 ming 109 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllash haqida qaror chiqarilgan, — dedi Samarqand viloyati maʼmuriy sudi raisi B.Diyorov. — Jumladan, 18 ming 34 nafar shaxsga nisbatan jarima jazosi, 5ming 125 kishiga muayyan huquqdan mahrum qilish, 2 ming 581 shaxsga nisbatan maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanilgan. Transport vositalarini mast holda boshqarishga oid 5379 maʼmuriy ish boʻyicha 5479 nafar shaxs javobgarlikka tortildi. Shuningdek, transport vositalarining belgilangan harakat tezligini oshirgani uchun 1055 nafar haydovchi jarima toʻlashga majbur boʻldi. Umuman, hisobot davrida viloyatdagi maʼmuriy sudlar tomonidan koʻrilgan ishlar boʻyicha 11 milliard 815 million soʻmdan ortiq jarima jazosi tayinlanib, 9 milliard 637 million soʻmning ixtiyoriy toʻlanishiga erishilgan.

Samarqand viloyati iqtisodiy sudi raisi M.Bozorovning axborot berishicha, joriy yilning toʻqqiz oyida viloyat va tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlariga 35 ming 356 ta daʼvo arizasi kelib tushgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 7744 taga koʻp, demakdir. Koʻrib chiqilgan 26 ming 649 ta iqtisodiy ishlar boʻyicha daʼvogarlar foydasiga 411 milliard 443 million soʻm undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan.

Oʻtgan davrda eng koʻp iqtisodiy ishlar Pastdargʻom tumani iqtisodiy sudi (5525 ta), Kattaqoʻrgʻon (4642 ta), Payariq (4253 ta), Jomboy (3673), Tayloq (3563) tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan koʻrib, hal etilgan.

Gʻ.XASANOV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.