18 +  RSS  E-mail
15:07, 26 10 2018

Oila “qoʻrgʻoni”dagi razillik yoxud taqdiri shu ekanmi?


Aql-idroki, tafakkuri orqali koʻp narsani qilishga qodir boʻlgan odamzod baʼzan bilibmi-bilmay xatoga yoʻl qoʻyadi. Hayotda qanday yashash va qaysi yoʻldan yurish insonning oʻziga havola, lekin har bir xatti-harakatni amalga oshirishda ishonch va masʼuliyatni ham unutmaslik lozim.

Foto: svet-lana.com.ua

Donishmandlar uch narsani ortga qaytmaydi, deya taʼkidlashadi. Bular ogʻizdan chiqqan soʻz, oʻtgan vaqt va yoʻqotilgan ishonch! Oilaning mustahkamligi eng avvalo er-xotin oʻrtasidagi oʻzaro ishonchga asoslanadi. Bir-biriga hurmat koʻrsatish hamda mehr-muhabbatli boʻlish bu oilaning baxtli hayot kechirishini taʼminlaydi. Afsuski, ayrim hollarda munosabatlar darz ketadi. Hatto kamdan-kam hollarda boʻlsa ham fojea bilan yakun topadi. Xoʻsh, buning kelib chiqish sabablari nimada? Viloyatda roʻy bergan voqea misolida bu kabi savollarga javob izlaymiz.

Tumanda yuz bergan mudhish voqea bir zumda yon-atrofga tarqaldi. D.E. ning oʻz joniga qasd qilganligi haqidagi xabarni eshitganlar holatni turlicha taxmin qildilar. Shum xabar tez tarqaladi, deyishardi. Bu fikr bu gal ham oʻz tasdigʻini topdi, ammo gap-soʻzlar qanchalik “bolalamasin” nega oʻzini oʻldirdi ekan, degan savolga aniq javob boʻla olmadi.

Bu gaplarning qanchalik asosli ekanligini oʻrganish, aniqrogʻi, vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida bir guruh ichki ishlar xodimlari tuman prokuraturasi hamda IIB xodimlari bu ishga jalb etildi. Oʻtkazilgan surishtiruvlar davomida bor haqiqat yuzaga chiqdi.

      UYDAGI NOTINCHLIK…

2011 yil dekabrda turmush qurgan T.B. hamda D.E. lar bir yildan soʻng qiz farzandli boʻlishdi. Oldiniga tinch yashagan oilada sekin-asta kelishmovchiliklar paydo boʻla boshlaydi. Hatto oʻrtalaridagi farzand ham er-xotinning oʻzaro munosabatlarini mustahkamlay olmaydi. Janjal uchun har gal yangi sabab topilardi, ammo maqsad boshqa edi.

Oila aʼzolaridan alohida yashash istagida boʻlgan kelinini tushunishga uringan nafaqa yoshidagi qaynota-qaynona alohida yashashlari uchun ham sharoit yaratib berishdi. Roʻzgʻori boshqa boʻlsa, oʻzlaridan tinib-tinchib ketishar, deb oʻylashgan edi. Afsuski, bunday boʻlmadi. Vaqt oʻtgani sayin turmush oʻrtogʻining xatti-harakati oʻzgarib, er oʻrnida koʻrmaslikka intilishi, ayniqsa, xohlagan vaqtda, xohlagan joyiga borib kelishi yigitning gʻazabini qoʻzgʻardi. Shu zaylda kechirilgan hayot tarzi erning koʻnglini oldiniga gumonga, keyinchalik nafratga toʻldiradi.

     QILIQLARI QINGʻIRLIKKA AYLANGAN

Odatda bu dunyoni tark etgan inson haqida yomon fikr bildirilmaydi. Gunohu savobi oʻzi bilan birga ketdi, deyishadi. Biz ham marhumaning tabiati xususida toʻxtalib, uni yomonlashdan yiroqmiz, faqat vaziyatga oydinlik kiritishni maqsad qilganmiz. Toki, boshqa bu holat takrorlanmasin! 2017 yil fevral oyida chet davlatga ishlash uchun joʻnab ketishgan er-xotinning kelishmovchiligi u yerda ham davom etadi. Begona yurtda musofirchilikda bir-birini qoʻllab-quvvatlash oʻrniga aksincha oʻzaro janjallashishadi. Keyinchalik uyga qaytib kelishadi. Oradan bir necha kun oʻtgach esa  mudhish voqea roʻy beradi. …

Tergov va sud jarayonida T.B. shunday koʻrsatma beradi:

-Oʻsha kuni ertalab nonushtadan soʻng bir joyga borib kelaman, deb kiyinib uydan chiqayotgandi. Men qayerga bormoqchiligini soʻradim. Undan aniq javob ololmagach, hech qayerga bormaysan, dedim. U xohlagan joyimga boraman, qarshilik qilishga haqqingiz yoʻq, deb baqira ketdi. Qarshilik koʻrsatsa-da koʻchaga chiqishiga yoʻl qoʻymadim. Tushlik paytidan oʻtib, u yana men bilan janjallasha boshladi. Qizimni oldida ortiqcha harakat qildi. Uni yuziga urdim. U oʻrnidan turib, yana men bilan janjallasha boshladi. Jahlim chiqib, uni boshidan tushgan roʻmolini oldim-da boʻynidan boʻgʻdim. Oldiniga qarshilik koʻrsatgan xotinim keyinchalik qimirlamay qoldi. Divanda hushsiz yotardi. Uni jahl va alam ustida oʻldirib qoʻydim… kechasi bilan uxlay olmadim. Tong otishini kutdim. Oshxonaga chiqib arqon tashlab keldim. Soat beshlarda onamga keliningiz oshxona ustuniga oʻzini osib qoʻyibdi, arqonni  kesib, xonaga olib kirib yotqizib qoʻydim, deb aytdim.

     JINOYATGA SABAB BOʻLGAN HOLATLAR

Sud hukmiga koʻra, sudlanuvchi T.B.ga nisbatan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. U qilgan qilmishiga yarasha jazosini oldi, lekin oilaviy nizolar, yuzaga kelgan kelishmovchilik oqibatida bir insonning umri zomin boʻldi.

Bu voqea boshqacha yakun topishi ham mumkin edi. Er-xotin oʻrtasidagi kelishmovchiliklarga sabab boʻlayotgan holatlarni oʻz vaqtida  oʻrganish va bartaraf etish imkoniyati bor edi. Xoʻsh, bu imkoniyat nega eʼtibordan chetda qoldirildi? Oilaviy kelishmovchiliklar tufayli T.B. fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudiga bir necha bor ariza bilan murojaat qiladi.

Har gal yarashtiruv bilan yakun topgan murojaatning aslida kelib chiqish sabablari oʻz vaqtida masʼullar tomonidan batafsil oʻrganilganda, nizo bartaraf etilganida, balki, bu mudhish voqea roʻy bermasligi ham mumkin edi. Keksa ota-onaning qaddi yanada bukilmasdi, yigit jinoyatga qoʻl urmas edi.

Shunga oʻxshash mulohazalar koʻp, ammo aniq va tayinli javob yoʻq.  Nahotki, mahalla faollari va boshqa tegishli tashkilotlarning masʼul xodimlari bu holatga ochiq koʻz bilan qarashmagan boʻlsa?! H.B. sud zalida bergan koʻrsatmasida ularni bir necha bor yarashtirishga uringani, alohida yashashga ham sharoit yaratib bersa-da, bu janjallar davom etaverganligini taʼkidlaydi.

— Mahalla faollariga va boshqa tashkilot xodimlariga qilgan murojaatlarim eʼtiborsiz qoldirildi. Hali yarashib ketishadi, yosh oila boʻlishsa, deya oʻzlarini chetga olishdi. Oʻgʻlim turmush oʻrtogʻining xiyonat qilayotganligini bilardi. Kelin oʻgʻlimni ham, hatto bizni ham hurmat qilmas edi. Oʻgʻlim ajrashish uchun bir necha bor sudga ariza yozdi. Sabablarini tushuntirdi, axir ayolning xiyonatini kechirib boʻladimi?!

Bu gaplarga marhumaning onasi R.K. qarshi bir ogʻiz fikr bildirib, shunday koʻrsatma beradi: — Qizim u boʻlsin, bu boʻlsin, lekin uni oʻldir, degan joyi bormidi?!

     XULOSA OʻRNIDA…

Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan turli salbiy fikrlar bildiriladi, aslida noqonuniy xatti-harakat qilgan insonni oqlab boʻlmaydi, lekin bir insonning oʻlimi bilan yakun topgan bu voqeaga eʼtiborsiz qarab, chetdan kuzatgan, masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan boshqa insonlar ham sababchi boʻlmadimikan?! Odatda sud zalida hukm oʻqilishi jinoyat ishiga yakun yasaydi. Mavzu xotimasi esa bu borada mulohaza yuritishga turtki bersa, demak, xulosa ham toʻgʻri boʻladi.

Nargiza BOʻRONOVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.