18 +  RSS  E-mail
15:21, 20 10 2018

Nega bolalarning tarbiyasi ogʻir boʻlmoqda?


Bolalar yomon boʻlib tugʻilmaydilar!

Foto: sunhome.ru

2018 yil olti oy yakuni boʻyicha voyaga yetmaganlar oʻrtasida 362 ta jinoyatlar sodir etilib, jinoyatda ishtirok etgan voyaga yetmaganlar soni 436 nafarni tashkil etdi.

Ulardan 147 nafari umumtaʼlim, 239 nafari kasb-hunar taʼlim muassasalari oʻquvchilari hisobiga toʻgʻri keldi.

Sodir etilgan jinoyatlarning 19 tasi tan jarohati yetkazish, 3 tasi nomusga tegish, 4 tasi bosqinchilik, 14 tasi talonchilik, 205 tasi oʻgʻrilik, 27 tasi bezorilik, 2 tasi giyohvandlik va 82 tasi boshqa turdagi jinoyatlarni tashkil etadi. Shular qatorida voyaga yetmaganlar tomonidan 6 ta qasddan odam oʻldirish jinoyati sodir etilgan.

Har bir oilada shunday damlar boʻladiki, ota-onalar bola tarbiyasida muammolar keltirib chiqaradigan xatoliklarga yoʻl qoʻyishadi.

     XATOLAR:

     Boshqa yaxshi koʻrmasligini aytish

“Agar sen men xohlaganday bola boʻlmasang, seni boshqa yaxshi koʻrmayman”. Ota-ona bolasini bir marta aldash bilan uning ishonchini uzoq vaqtga yoʻqotishi mumkin.

Yaxshisi : “Men seni baribir yaxshi koʻraman, lekin bu harakatingni maʼqullamayman”, deb ayting.

     Loqaydlik

Ota-onalar oʻzlarini xuddi ularga farqi yoʻqdek koʻrsatmaslikka, aksincha, ular bilan munosabatlarni yaxshilashga harakat qilishi kerak. Masalan, quyidagicha tushuntirish mumkin: “Bilasanmi, bu masalada sening fikringga qarshiman. Lekin senga yordam berishni xohlayman, chunki seni yaxshi koʻraman. Senga yordamim zarur boʻlgan zahoti mendan maslahat soʻrashing mumkin”.

     Haddan tashqari qattiqqoʻllik

“Men senga nimani aytsam, shuni qilishing kerak, chunki men uyning kattasiman” qabilidagi gaplarni ota-onalar bolalar bilan suhbatida taʼkidlab turishadi. Oqibatda, bolalar ota-onalari oldida ularning aytganlarini soʻzsiz bajarishadi. Ular yoʻqligida esa barcha taqiqlarni esdan chiqarishadi.

Zarurat tugʻilganda, “sen hozir men aytganimday qilib turgin, kechqurun hammasini muhokama qilamiz” kabi soʻzlarni ishlatish mumkin.

     Napoleonchasiga rejalar

“Mening bolam musiqa bilan shugʻullanadi (tennis, rassomchilik bilan), u oʻzining imkoniyatini qoʻldan boy berishiga aslo yoʻl qoʻymayman”. Maqsad — imkon qadar maʼlumotli boʻlish, hatto bolam buni xohlamasa ham.

Zarurat tugʻilganda bolangizga “Oʻzingga yoqqanini tanla, biz seni qoʻllab-quvvatlaymiz”, deb ayting. Bolada ishtiyoq boʻlsa, yaxshi natijaga erishiladi

     Cheklangan erkalash

Erkalovchi xatti-harakatlar bola uchun juda muhim. Bu bola xarakterining ojiz jihatlarini rivojlantirish emas, balki parvarish va mehrning yuksak koʻrinishidir.

     Vaqt juda kam

Oʻz bolasiga “Afsuski, umuman vaqtim yoʻq”, deydigan ota-onalar farzandlari uchun ham vaqt topish muhim ekanligini unutib qoʻyishgan. Bola uchun ota-ona bilan hamkorlikdagi faoliyat zarur. Ular oʻz shaxsiga qiziqishayotganini his qilishni istashadi. Bolangiz bilan gaplashishdan qoʻrqmang.

Foto: uza.uz

     OTA-ONALARGA YORDAM

Jazo va taqiq usullarini qoʻllashga shoshmang. Bolaning bunday xulq-atvori sababini toping.

Doʻstona muloqot qiling, buyruq ohangi sizga naf keltirmaydi. Bolangiz uni tushunayotganligingizni his qilsin.

Bolalarning his-tuygʻularini mensimaslik va ularni ustidan kulish mumkin emas.

Farzandlaringizning doʻstlarini uyingizga taklif qiling, tanishing. Bu sizga bolangizni kimlar bilan munosabatda boʻlayotgani haqida obʼektiv tasavvurga ega boʻlish imkonini beradi.

Gʻazablanmang, oʻzingizni tajovuzingizni koʻrsatmang, bosiq va vazmin boʻling.

Ularga oʻzingiz haqingizda gapirib bering. Bu sizga farzandingiz bilan oʻzaro til topishishingizga imkon yaratadi.

Oʻsmirning qiziqishlaridan birini qoʻllab-quvvatlang, uning qiziqishlari va xobbisiga, kelgusidagi kasbiga qiziqayotganligingizni namoyon qiling.

Farzandingizning shaxsiy hayoti haqidagi oʻylarini va fikrlarini hurmat qiling. Bola uchun oʻzining xonasi, burchagi boʻlishi ahamiyatli. Bu printsip masofani talab qilganligi sababli ayrim ota-onalarga ilojsiz boʻlib koʻrinadi.

Farzandingiz salomatligiga, uning kun tartibiga, ovqatlanishi, uyqusiga eʼtibor qarating. Kasalliklarga qarshi profilaktikani unutib qoʻyish aslo mumkin emas.

Oilaviy anʼanalarni taʼsis eting, kechqurun barcha oila aʼzolari yigʻilganda, kun davomida har biri bilan sodir boʻlgan voqealar xususida suhbatlashing.

Farzandingizni notoʻgʻri qilingan ishi va xatti- harakatini toʻgʻirlashga oʻrgating. U bilan hurmat va doʻstona ohangda gaplashing.

Farzandingiz internetda nimalar bilan mashgʻul boʻlayotganiga diqqat qiling va bu bilan qiziqayotganingizni bildiring.

Bola eng avvalo oilada koʻrganlarini oʻrganadi, ota-ona ularga oʻrnak boʻladi.

Farzandingiz bilan muloqot uchun vaqt ajratishga harakat qiling.

Farzandingizning hayotida paydo boʻlayotgan muammolari va qiyinchiliklari bilan doimiy ravishda qiziqib boring.

Farzandingizning oʻz iqtidorini rivojlantirishida yordam bering.

Bolaga bosim oʻtkazmasdan muomala qiling, bu bilan siz uni mustaqil qaror qabul qilishiga yordam berasiz.

Bolangizning oʻsish davridagi barcha bosqichlari toʻgʻrisida aniq tasavvurga ega boʻling.

Bolaning mustaqil fikrlash huquqini hurmat qiling va shunday yoʻnaltiringki, u toʻgʻri qaror qabul qilishga erishsin.

Oilangizning barcha aʼzolarini hurmat qiling.

Bola bilan emas, muammo bilan kurashing.

Bolalar oldida zararli odatlardan saqlaning (chekish, ichish, giyohvandlik kabi).

Hayotga bola nazari bilan qarashni oʻrganing.

Aksariyat hollarda oiladagi salbiy shart-sharoit tarbiyasi ogʻip bola shaxsining shakllanishiga zamin yaratib beradi: Oilada sogʻlom muhit boʻlmasligi asosan xudbinlik va boshqa salbiy hislatlarni tarbiyalaydi.

Koʻpincha bunday nosogʻlom muhit ota-onalarning yoki qarindoshlarning axloqsizligi bilan bogʻliq boʻladi.

Farzandini sevuvchi, unga faqatgina yaxshilikni ravo koʻruvchi ota-onalar orasida ham zarur pedagogik madaniyat yetishmasligi oqibatida farzandi uchun nosogʻlom muhit yaratib berayotganlar ham kam emas.

Hurmatli ota-onalar!

Agar siz farzand tarbiyasida, u bilan munosabatda va muloqotda muammolarga duch kelayotgan boʻlsangiz, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi mutaxassislariga murojaat qilishingiz mumkin.

Telefonlar:

Toshkent sh. -0 (371) 281-50-18  Fargʻona sh. — 0 (373) 244-54-71  Samarqand sh.- 0 (366) 233-69-09

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.