18 +  RSS  E-mail
16:25, 19 10 2018

Muzokaralar har doimgidek oʻzaro ishonch va ochiqlik muhitida, konstruktiv ruhda oʻtdi


Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbarlarining samarali muzokaralari yakunida salmoqli hujjatlar qabul qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Qoʻshma bayonotni imzoladi.

Tashrif doirasida imzolangan 2019-2024 yillarda iqtisodiy hamkorlik dasturi, 2019-2021 yillarda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik dasturi, “Suffa” xalqaro radioastronomik observatoriyasini tashkil etish boʻyicha yoʻl xaritasi, Oʻzbekistonda Rossiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari filiallarini tashkil etish va faoliyatini taʼminlash toʻgʻrisidagi bitim, Toʻqimachilik sanoatida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim oʻzaro almashildi.

“Mustaqillikning 25 yilligi” konini qoʻshimcha razvedka qilish va jihozlash hamda Surxondaryo viloyatida gaz-kimyo majmuasini qurish boʻyicha “Oʻzbekiston mustaqilligi” investitsiya blokiga doir qoʻshimcha bitim, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma, Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining Oʻzbekistondagi filialini tashkil etish toʻgʻrisida bitim, Fanlararo ilmiy taʼlim markazini tashkil etish toʻgʻrisida bitim, Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari rektorlari kengashi va “Rossiya rektorlar kengashi” jamoat tashkiloti oʻrtasida bitim, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Rossiya Federatsiyasi Milliy gvardiya qoʻshinlari Federal xizmati oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi.

Tashrif asnosida turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 20 ta hujjat imzolandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ommaviy axborot vositalari uchun brifingda Prezidentlar tor va keng doiradagi muzokaralar har doimgidek oʻzaro ishonch va ochiqlik muhitida, konstruktiv ruhda oʻtganini taʼkidladi.

Hamkorlikning hozirgi holati va uni har tomonlama rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, mamlakatlarimizning dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalarga doir yondashuvlari mos yoki yaqin ekani tasdiqlandi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani qayd etildi.

Bugungi kunda Rossiyaning mamlakatimiz iqtisodiyotiga yoʻnaltirgan investitsiyalari hajmi 8,5 milliard dollardan oshadi. Tashrif doirasida birinchi bor oʻtkazilgan “Oʻzbekiston-Rossiya” hududlararo forumi bu borada katta ahamiyat kasb etdi. Uning yakunida qiymati 2 milliard dollardan ziyod loyihalar boʻyicha kelishuvga erishilgani qayd etildi.

Tomonlar BMT, MDH, ShHT, YeXHT va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida oʻzaro hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladilar.

Prezidentlar xavfsizlik sohasida oʻzaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish printsiplariga asoslangan sheriklik munosabatlarini kengaytirish Markaziy Osiyo mintaqasidagi yangi tahdid va xatarlarga qarshi kurashish vazifalarini birgalikda hal etishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Terrorizm, ekstremizm, ayniqsa, yoshlar orasida radikallashuvga qarshi kurashish boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar Afgʻonistonda tinchlikni afgʻonlarning oʻzi, afgʻonlar rahbarligida oʻrnatishi zarurligiga ishonch bildirdi. Rossiya Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik jarayoniga koʻmaklashish borasidagi muhim saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoda oʻzaro manfaatli va samarali mintaqaviy hamkorlik rivojida ijobiy tendentsiyalar kuzatilayotganini taʼkidladi.

Fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va turizm sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratildi. Joriy oʻquv yilidan Olmaliq shahrida Moskva poʻlat va qotishmalar instituti filiali ish boshladi. Mamlakatimizda samarali faoliyat yuritayotgan Moskva davlat universiteti, Rossiya iqtisodiy akademiyasi, Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiallariga qoʻshimcha ravishda Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti, “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti, Rossiya davlat kinematografiya instituti, Moskva energetika instituti, Rossiya kimyo-texnologiya universiteti filiallarini ochish rejalashtirilgan.

Fan sohasida oʻzaro hamkorlikni faollashtirish, jumladan, Jizzax viloyatidagi Suffa platosida yirik radioteleskop tashkil etish loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish maqsadida mamlakatimizda Oʻzbekiston-Rossiya yoshlari forumi toʻrtinchi bor oʻtkaziladi.

Davlatimiz rahbari yana bir muhim masalaga toʻxtaldi. 2020 yilda Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash maqsadida mamlakatimizda maxsus dastur ishlab chiqish va Toshkentda “Gʻalaba” bogʻ-majmuasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu maskan fashizmga qarshi kurashimiz ramzi boʻladi, yosh avlodni tarixga hurmat, vatanparvarlik va xalqlar doʻstligi ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Tomonlar Rossiya Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhidagi keng koʻlamli hamkorlikni yanada rivojlantirishga kuchli surʼat bagʻishlashiga ishonch bildirdi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.