18 +  RSS  E-mail
12:53, 18 10 2018

Turmush oʻrtogʻining qotili boshini changalladi


Sh.S.ni bir koʻrgan odam qoʻli qonga botishiga sira ishonmaydi. Kamtar va kamsuqum, sodda va beozor boʻlib koʻringan bu shaxs  oʻzaro oilaviy kelishmovchilik oqibatida  oʻz ayolining joniga qasd etdi. Endigina oʻttiz yoshdan oshgan kelinchak N.P. bevaqt hayotdan koʻz yumdi. Uch nafar voyaga yetmagan farzandlar qon yigʻlab qolishdi…

Foto: ru.photo-ac.com

Xoʻsh, ular qanday qilib tanishib turmush qurishgan edi.  N.P. va  Sh.S.ning otasi harbiy xizmatda birga boʻlishdi. Ikkilasi  juda qalin doʻst boʻlib qolishdi. Agar sogʻ-salomat boʻlsak, albatta quda boʻlamiz, deyishdi ular. Chunki  B.P.ning oilasida qiz farzand,  R.S. ning oilasida esa oʻgʻil farzand dunyoga keladi. Shunday qilib, ikki  qiyomatli doʻst quda boʻlishadi.

Kelin oila muhitiga koʻnikib keta olmadi. Qaynona bilan oralarida tez-tez kelishmovchilik boʻlib turardi. Ammo kelin eri bilan juda ahil yashashardi. Qaynona bilan kelishmovchilik oqibatida u tez-tez otasining uyiga ketib qolardi.

Sh.S turmush oʻrtogʻi bilan bir korxonada ishlardi. Ammo u otasi bilan Rossiya davlatiga ishlash uchun ketib qoldi.  Xorijiy davlatdan kelgach, ayoli bilan ajralish haqida ariza berdi. Ammo sud  ularga yarashish imkoniyatini yaratdi. Shunday qilib ular yana birga yashab ketishdi. Yana orada ikki nafar farzand tugʻildi. Endi ularning farzandi uch nafar boʻldi.

Oiladagi muhit juda yomon edi. Qaynona keliniga gapini oʻtkazishga tirishar, kelin esa oʻz bilganidan qolmas edi. Qars ikki  qoʻldan chiqadi, deganlaridek,  qaynona ham, kelin ham bir gapini ichiga yutib yuborishni xohlamas edilar. Biri biridan qolishmaslikka harakat qilishardi. Sh.S. ning boshi qotib qoldi. “Nima qilsam ekan”, degan oʻy unga tinchlik beramsdi.

Navbatdagi boshlangan janjal kelinning farzandlarini olib otasinikiga ketib qolishi bilan oʻz nihoyasiga yetdi. Yigit uyga sigʻmay qolgandek sezdi oʻzini. Farzandlari boʻlmagani uchun uy unga qabristonni eslatardi. Jim-jit xonadonda u nima qilishini bilmasdi. Ustiga-ustak Rossiyaga ketishi munosabati bilan ishdan ham boʻshagan edi.

Shunday kunlarning birida  Sh.S.  AT Xalq banki Shovot tuman filialiga borib qoldi. Sababi u zarur boʻlganligi uchun bankdan kredit olgan, turmush oʻrtogʻi esa unga kafil boʻlgan edi…

Ota uyida oʻtirgan N.P. ni koʻrgan eri “nima qilib yurganligi” bilan qiziqdi. Ayoli “bundan keyin kreditingizga boshqani kafil qilib oling, men kafil boʻlmayman”, dedi shartta.  Sh.S. hayron boʻlib  xotiniga qaradi. “Ha, shunday, ota-onangizdan boʻlak chiqib alohida yashasakkina siz bilan  er-xotin boʻlaman. Boʻlmasa menga er kerak emas. Umrimni urush-janjal bilan oʻtkazishni istamayman”, dedi.

“Mayli, ixtiyoring. Men ota-onamni tashlab ketolmayman. Yur  mashinada bir aylanib kelamiz”, dedi Sh.S.

Shunday qilib ular xilvat qumlikka chiqib qolishdi. Sh.S. ayoli bilan  harchand yarashishga umid qildi, boʻlmadi. Ayol alohida yashash istagini bildirardi. Er ikki oʻt orasida qolib ketgan edi.

Shu payt uning miyasiga bir fikr kelib qoldi. Shartta  mashinada turgan oshxona pichogʻini bildirmasdan oldi-yu xotinining yoniga orqa oʻrindiqqa oʻtirdi. N.P. bir narsani sezdimi, “menga tegmang” deya oldi xolos.  N.P.ning boʻynini bir zumda kesib oʻtgan pichoq uning hayotiga yakun yasadi.

Yigit xotinining oʻlganiga ishonch hosil qilgach, uni mashinadan sudrab tushirdi va sal chetroqqa olib borib tashladi. Mashinada turgan bir yarim litr baklashkadagi benzinni uning ustiga sepdi-da yoqib yubordi.

Uyiga yetib kelgach, avtomashinadan N.P. ning sumkasini oldi-da, tandirga tashlab yoqib yubordi va qilmishini, boʻlgan voqeani otasiga aytib berdi. Otasi shu zahotiyoq oʻgʻlini oldiga solib ichki ishlar boʻlimiga yoʻl oldi.

Shunday qilib yigit barcha aybini boʻyniga oldi. Xotinini kafillikdan voz kechganligi uchun oʻldirmaganligini aytdi.

Natijada bir oila barbod boʻldi. Qaynona “men kattaman” deya oʻziga koʻproq ishonib yubordi. Kelin esa janjalga toqat qila olmadi. Oila parokanda boʻldi, uch nafar norasida yetim qoldi.

Sh.S.ning ota-onasi qon yigʻlashdi. Oilaviy kelishmovchiliklarning oxiri bunday boʻlishini oʻylamagan qaynona hammadan koʻp yigʻladi…

Sudlanuvchi Sh.S. 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Oydin NURIYEVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.