18 +  RSS  E-mail
14:37, 16 10 2018

Amerikaga ishga yuboraman


deya sodda kishilarni aldab kelgan yigitlarning qilmishlari tarozi pallasida tortildi…

Foto: by.utro.news

Samarqand viloyatining Samarqand shahrida yashaydigan, endigina 23 yoshga kirgan A.N. va A.R. shunday bir reja tuzishdiki, bu orqali ular birdan boyib ketish orzusida “faoliyat” koʻrsata boshlashdi.

Xorazmlik  R.A. tanishi A.R.ga  qoʻngʻiroq qildi va  Amerika Qoʻshma Shtatlariga borish uchun viza rasmiylashtirib berish haqida iltimos qildi. A.R. bu borada juda olgʻir edi. U bu ishni xamirdan qil sugʻurgandek bajarishini aytib qoldi.

Nihoyat  kutilgan kun yetib keldi. A.R. va uning doʻsti A.N. Urganch shahriga kelishdi. Ular kafeda ovqatlanib, AQShga joʻnatish boʻyicha viza rasmiylashtirish tartibini gaplashib olishdi. Doʻstlar birgalikda R.A. ga viza olish jarayonini toʻliq tushuntirib berdi.

Keyin R.A. dan uch kishiga viza toʻgʻrilab berish uchun kelishilgan 12300 AQSh dollarining yarmini, yaʼni 6300 AQSh dollarini oldindan toʻlov sifatida olishdi. Qolgan 6000 AQSh dollarini viza bitganidan keyin olishga kelishishdi.

Mehmon yigitlar katta pulni olib, kayfiyatlari juda aʼlo boʻlib  turgan bir mahalda, ularning yonlariga fuqarolik  kiyimidagi bir necha kishilar kelishib, oʻzlarini masʼul idoralarning xodimlari deb tanishtirishadi va  yonlaridan hujjatlarini olib koʻrsatishadi.

Arosatda qolgan mehmon yigitlar qilmishlariga iqror boʻlishdi.

A.R va A.N biror foydali mashgʻulot bilan shugʻullanmaganligi, ishsiz bekor yurganligi oqibatida ana shunday boʻlmagʻur  “yumushlarga” bosh qoʻshishgan. Agar bir joyda ishlaganlarida bunday koʻchaga kirishga ularning vaqti ham boʻlmas edi.

Sudlanuvchilar A.N. hamda  A.R. larning har biriga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.  Qilmish-qidirmish deb shuni aytsalar  kerak-da!

            Dilfuza BOBOJONOVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.