18 +  RSS  E-mail
7:12, 10 10 2018

Oʻzbekiston va Frantsiya Prezidentlarining muzokaralari samarali boʻldi


Yelisey saroyida 9 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Frantsiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati maʼlum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makronga Frantsiyaga taklifi hamda Oʻzbekiston delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan mehmondoʻstlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Oʻzbekiston ishonchli va istiqbolli sherik boʻlgan Frantsiya bilan hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganini alohida taʼkidladi.

Frantsiya davlatimiz rahbari rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropadagi birinchi mamlakat ekanini qayd etib, ikki mamlakatni buyuk ajdodimiz Sohibqiron Amir Temur va Frantsiya qiroli Sharl VI davridan buyon oʻrnatilgan oʻzaro hurmat va savdo aloqalari bogʻlab turganiga eʼtibor qaratdi.

Oʻzbekiston Frantsiyani dunyoning yetakchi davlatlaridan biri, ulkan siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar salohiyatga ega mamlakat deb biladi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan Harakatlar strategiyasi bilan Frantsiya rahbarining islohotlar dasturi siyosiy va iqtisodiy modernizatsiya, qonun ustuvorligini taʼminlash, sud-huquq tizimini takomillashtirish, inson huquqlarini himoya qilish, hokimiyat organlari faoliyatini xalq va davlat manfaatlariga xizmat qilishga yoʻnaltirish jihatidan  oʻxshash ekani taʼkidlandi.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashish muhimligini qayd etdilar.

Frantsiya Prezidenti Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli yangilanishlarni qoʻllab-quvvatlayotganini tasdiqladi hamda mamlakatimiz rahbariyatining doʻstlik, oʻzaro manfaatli sheriklik va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan tashqi siyosatini yuksak baholadi.

Ikki davlatning xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal etishga doir yondashuvlari yaqin yoki mos ekani taʼkidlandi.

Oʻzbekistonning mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoning tinch va izchil taraqqiyotini taʼminlash maqsadida oʻzaro manfaatli hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirishda muhim rol oʻynayotgani alohida taʼkidlandi.

Davlat rahbarlari mintaqada tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning muhim sharti sifatida Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish zarurligini yana bir bor taʼkidlab, bunda oldindan hech qanday shart qoʻymasdan mojaroning barcha tomonlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri siyosiy muloqotni taʼminlash ushbu muammoni hal etishning birdan bir yoʻli ekanini qayd etdilar.

Keyingi yillarda siyosiy muloqot faollashgani va bundan buyon muntazamlik kasb etishi lozimligi taʼkidlandi.

Hukumatlar va vazirliklar darajasida muntazam muloqot amalga oshirilmoqda. Tashqi siyosiy idoralar oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazilmoqda. Parlamentlararo aloqalar izchil rivojlanmoqda.

Savdo-iqtisodiyot, investitsiya, energetika, texnologiyalar, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari batafsil muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Frantsiya hukumatlararo komissiyasi faoliyatiga alohida ahamiyat qaratildi. Oʻzaro savdo hajmini koʻpaytirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq oʻzaro savdoda eng koʻp qulaylik yaratish tartibi oʻrnatilgan, Ikki tomonlama soliq solishga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida konventsiya va boshqa hujjatlar imzolangan.

Shu munosabat bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Frantsiya tadbirkorlari harakati — “MEDEF” bilan birgalikda tashkil etilgan biznes forum yakunida Yevropaning ilgʻor tajribasi, bilimlari va texnologiyalari asosida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, Frantsiya taraqqiyot agentligi bilan umumiy qiymati 600 million yevroga yaqin infratuzilma loyihalarini amalga oshirish boʻyicha hamkorlik dasturi imzolandi.

Frantsiyaning “Eyrbas”, “Total”, “Total Eren”, “Vinchi”, “Orano”, “Veoliya”, “Fivs Shteyn”, “Buig”, “Ranjis” va boshqa koʻplab kompaniyalari bilan hamkorlikda loyihalar amalga oshirishga kelishib olindi.

Uchrashuvda madaniyat va sanʼat, turizm, fan va texnika, taʼlim, sogʻliqni saqlash, arxeologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonga kelayotgan frantsiyalik turistlarga nisbatan vizasiz tartib  joriy etilgani va Frantsiya bu borada Yevropaning birinchi mamlakati boʻlganini taʼkidladi.

Mamlakatimizda frantsuz tilini 300 ming nafar maktab oʻquvchilari va talabalari oʻrganmoqda. Yaqinda Toshkentda Frantsuz tili va madaniyati markazi tashkil etildi.

Iqtisodiyot, muhandislik ishi, qishloq xoʻjaligi, turizm kabi yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlash maqsadida Oʻzbekistonda Strasburg universiteti va Panteon Sorbonna universiteti Parij akademiyasi filiallarini ochish borasida kelishuvlarga erishildi.

Mamlakatimiz tarixiy va madaniy merosiga ulkan qiziqishni hisobga olib, 2021 yilda Luvr muzeyida Oʻzbekiston tarixiga bagʻishlangan koʻrgazma oʻtkazish xususida kelishuvga erishildi. Bu Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlaridan biriga bagʻishlab Luvrda oʻtkaziladigan ilk shunday tadbir boʻladi.

Tashrif doirasida avtomobil transportida tashish, turizm, harbiy-texnikaviy hamkorlik, texnik koʻmak, kosmosni tadqiq etish, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, madaniyat va boshqa sohalarga oid hukumatlararo va idoralararo 10 ta hujjat imzolandi.

Muzokaralar yakunida hujjatlar oʻzaro almashildi.

Davlat rahbarlarining samarali muzokaralari Oʻzbekiston va Frantsiya oʻzaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga, uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga tayyor ekanining yorqin tasdigʻi boʻldi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.