18 +  RSS  E-mail
7:23, 10 10 2018

15 oktyabr — mol-mulk va yer soligʻi toʻlashning soʻnggi kuni


Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yigʻimlarni toʻlashga majburdirlar.

(Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 51-modda)

Jismoniy shaxslar har yili oʻz egaligidagi mol-mulk va yer uchun soliq toʻlab borishi qonunchiligimizda oʻz ifodasini topgan. Bu toifa soliqlarini toʻlash 15 oktyabrga qadar amalga oshirilishi shart.

Foto: Xorazm viloyati DSB

Soliq tizimi xodimlari tomonidan «Soliq xizmati-insofli soliq toʻlovchilarning ishonchli hamkori» shiori ostida aholi va tadbirkorlar oʻrtasida keng targʻibot ishlarini olib borilmoqda. Tizim tomonidan anoanaga aylangan bunday tadbirlarning oʻtkazilishi barcha tarmoqlarda fuqarolar va xususiy mulkning ahamiyatini oshirish, ishbilarmonlar oʻz faoliyatlari davomida duch kelishi mumkin boʻlgan toʻsiqlarni bartaraf qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga koʻtaradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 272 va 287-moddalariga asosan, egaligida soliq solinadigan mol-mulki hamda yer uchastkalari boʻlgan jismoniy shaxslar mol-mulk va yer soligʻi toʻlovchilari hisoblanadi. Bunda, agar koʻchmas mulk mulkdorining joylashgan yerini aniqlash imkoni boʻlmasa, bu mol-mulk qaysi shaxsning egaligida va (yoki) foydalanishida boʻlsa, oʻsha shaxs soliq toʻlovchi hisoblanadi.

Fuqarolarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida tuman va shahar soliq inspektsiyalari tijorat banklari bilan hamkorlikda fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida doimiy ravishda kassalar oʻz faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

— Mol-mulk va yer soliqlarini toʻlash uchun davlat soliq inspektsiyasiga kelgan edim, bu yerda barcha sharoitlar yaratilgan boʻlib, toʻlovlar masalasida hech qanday toʻsiqlarga uchramadim. Tezda mol-mulk va yer soliqlarini toʻladim, — deydi fuqaro O.Bobojonova.

— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi «Oʻzbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlari toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari belgilangan. Unga koʻra, 2018 yil 1 yanvardan boshlab, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari mol-mulkning kadastr qiymatidan kelib chiqib belgilanadi, — deydi Xorazm viloyati DSB davlat soliq katta inspektori Alisher Otajonov. — Oʻtgan yilda mol-mulkning inventarizatsiya qiymatidan belgilanar edi.

Turar joylar, kvartiralar, dala hovli qurilmalari (umumiy maydoni 200 kv.m dan oshiq boʻlganlari bundan mustasno), boshqa imoratlar, xonalar va inshootlar uchun 0,2 foiz miqdorida, shaharlarda joylashgan, umumiy maydoni 200 kv. metrdan 500 kv. metrgacha boʻlgan turar joy va kvartiralarga 0,25 foiz miqdorida, maydoni 500 kv.metrdan oshiq boʻlgan turar joy va kvartiralar uchun esa 0,35 foiz miqdorida, boshqa aholi punktlarida joylashgan umumiy maydoni 200 kv. metrdan oshiq boʻlgan turar joy va kvartiralar, dala hovli qurilmalari uchun 0,25 foiz miqdorida belgilandi.

2018 yil 1 yanvardan boshlab, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblab chiqarish maqsadida mol-mulkning kadastr qiymati kadastr hujjatlaridan kelib chiqib, biroq 42 million soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda hisoblanadi;

jismoniy shaxslar mol-mulkini baholash boʻyicha organlar belgilagan kadastr qiymati boʻlmasa, soliq undirish uchun viloyat markazlarida 210 million soʻm, boshqa shaharlar va qishloq joylarda 90 million  soʻm miqdorida mol-mulkning shartli qiymati belgilandi.

Mol-mulkka kadastr qiymatidan kelib chiqib soliq solishga oʻtgandan keyin soliq yukining keskin oʻsishining oldini olish maqsadida, kadastr qiymati asosida hisoblab chiqarilgan jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi 2017 yil uchun hisoblangan soliq summasidan 1,2 baravardan ortiq boʻlishi mumkin emasligi belgilandi.

Mazkur qarorga binoan yer soligʻi stavkalari 2018 yil uchun 1,15 baravarga indeksatsiya qilindi.

Jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyati uchun berilgan yer uchastkalaridan soliq yuridik shaxslar uchun tasdiqlangan stavkalar boʻyicha undiriladi.

Taʼkidlash joiz, har bir hududdan undirilgan soliqlar faqat oʻsha hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga, aholining ijtimoiy himoyasiga sarflanadi. Soliq toʻlash har bir fuqaroning davlat oldidagi burchidir.

Roman OTAJONOV,

Xorazm viloyati DSB jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻʼbasi boshligʻi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.