18 +  RSS  E-mail
12:48, 04 10 2018

Xorazmda talabalar uchun industrial sayohat


Foto: baxmal.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ 3514-sonli qarori bilan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, korxona va texnologik jarayonlar tarixini aks ettiruvchi, tegishli ekspozitsiyalarni yaratgan holda oʻzbek, rus va ingliz tillardagi ekskursovod xizmatlarini taqdim etib, yoshlarni yirik sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishtirishga yoʻnaltirilgan industrial turlarini, shuningdek, tashrif buyuruvchilarga esdalik sertifikatlarni taqdim etgan xolda alohida texnologik jarayonlarda ishtirok etishlarini tashkil qilish koʻzda tutilgan.

Prezident qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Urganch shahridagi yirik sanoat korxonalariga oliy oʻquv yurtlari, kasb-hunar kollejlari talabalari uchun 2 ta yoʻnalish — “ URGANCH BAXMAL ” MChJ va  “URGANCH MILLIY TIKUVCHILIK”  oilaviy korxonasi boʻyicha sayohat tashkil qilindi. Ular ushbu korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Tadbir ishtirokchilariga, jumladan kollej bitiruvchilariga tashrif buyurilgan sanoat korxonalaridagi yangi tashkil qilinadigan va boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisida belgilangan tartibda maʼlumotlar berildi.

Sanoat korxonalari faoliyati bilan qiziqqan sayohatchilar amaliyot davrini oʻtash uchun taklif qilindi. Yirik sanoat korxonalariga sayohat uyushtirayotgan bir guruh yoshlar ishlab chiqariladigan mahsulotlar bilan birga har ikkala sanoat korxonasining reklama faoliyati va marketing maʼlumotlari bilan qiziqib, biriktirilgan mutaxassislardan tegishlicha javob oldilar.

Bundan tashqari, yoshlar ishlab chiqarish va tikuv tsexlari bilan yaqindan tanishib, oʻzlari ham ushbu jarayon ishtirokchisiga aylanishdi

Tadbirda 70 nafardan ziyod yoshlar ishtirok qilishdi. Tashkil qilingan sayohat doirasida jalb qilingan rus va ingliz tilidagi ekskursovodlar oʻzgacha ruh bagʻishladi.

Tadbir yakunida faol ishtirok etgan hamkor tashkilot vakillari hamda yoshlarga Xorazm viloyati turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan sertifikatlar va esdalik sovgʻalari taqdim etildi.

Shu bilan birgalikda, tashkil qilingan tadbir “Xorazm xaqiqati” gazetasida xam yoritildi.

R.DAVLETOVA,

Xorazm viloyati turizmni rivojlantirish departamenti boʻlim boshligʻi.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.