18 +  RSS  E-mail
11:15, 04 10 2018

“Tilla baliq”ni ilintirdim, deb chuv tushdi


Hayotda turli xodisalar roʻy beradi. Baʼzilarini eshitib achinasan, ayrimlarini esa koʻrib tushunmaysan, qanday qilib inson bunday vaziyatga tushishi mumkin deb.

Foto: itd1.mycdn.me

Afsuski, firibgarlarning yolgʻonlari haqiqatdan koʻra quloqqa yaxshiroq eshitiladi. Ular maqsadiga erishish uchun shaytongayam dars berishadi goʻyo.

Sizga notanish yoki siz biladigan inson uch kilogramm qumni ichida 400 gramm tillasi bor, desa ishongan boʻlarmidingiz?

Fuqaro R. Vafoyev (ism-sharifi oʻzgartirilgan) esa ushbu yolgʻon uchun 5000 AQSh dollarni bergan.

Navoiy viloyatida tugʻilgan Oʻ.Saidov yoshi ellikka borib qolgan boʻlsa ham hamyurtlarini aldab, firibgarlik yoʻli bilan oila tebratishni kasb qilib olgan. Ushbu shaxsga ilgari jinoyat ishlari boʻyicha Karmana tuman sudi tomonidan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, Navoiy viloyat sudining ajrimi bilan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi 1 yil 7 oy muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.

Jumladan, ushbu shaxs A.Hamroyev va I.Poʻlatovlar bilan oldindan jinoiy til biriktiradi va “Urganch savdo markazi” binosi oldida fuqaro R.Vafoyev bilan uchrashib, unga uch kilogramm qumni ichida 400 gramm tillasi bor deb, aldaydi. 85 million soʻmga sotishga kelishib, shu vaqtni oʻzida fuqaro R.Vafoyevdan 35 million soʻmga hisoblab 5000 AQSh dollari olishga erishgan.  R. Vafoyev qolgan pullarni qumga ishlov berib, tillasini olganidan keyin toʻlashini aytgan.

Aslida R.Vafoyev zargarlik buyumlari tuzatish bilan shugʻullanib kelgan. Boʻlgan hodisaga Quvonchoy degan tanishi sababchi boʻlgan. U R.Vafoyevning mijozi boʻlib doimiy ravishda narsalarini tuzatib yurgan.  Navoiy viloyatida qarindoshi yashashini, unda tilla aralashgan qum borligini telefon qilib R. Vafoyevga aytgan.

Ertasi kuni qumni olib kelishgan va unda ozgina tilla chiqqanligini R.Vafoyev aniqlagan. Keyin ularga Oʻ.Saidov bu qumdan koʻproq borligini bildirgan. Ular uchrashib oldi-berdi kelishuvini amalga oshirishgan.  Ammo qumga ishlov bergan R.Vafoyev ne koʻz bilan koʻrsinki, undan hech nima chiqmagan. Qumni sotgan firibgarlarning telefon raqamlari esa oʻchirilgan edi.

Sud hukmi bilan Oʻ.Saidovga nisbatan oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 7 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi xamda eng kam ish haqining 400 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Latofat SAILXANOVA.


© 2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali O’zbеkiston matbuot va axborot agеntligi tomonidan elеktron OAV sifatida 2018 yil 1 iyunda 1233-sonli guvohnoma bilan davlat ro’yxatidan otkazilgan.
Dadil.uz dagi materialning bevosita manziliga faol havola qilinib, xat boshida “DADIL.UZ xabar beradi” deb ko’rsatilgan taqdirda ushbu materiallardan qisman yoki toʻliq foydalanishga ruxsat etiladi.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.