18 +  RSS  E-mail
7:17, 03 10 2018

Amakisi va jiyanining qotili 23 yilga “kesildi”


Tuman markaziga yaqin qishloqda yashovchi Komil ota (ism-shariflar oʻzgartirilgan)ning Ilyos hamda Sobir ismli farzandlari ikkita uyni birga qurishdi. Ota jigarlarining  yaqin qoʻshni boʻlib yashagani maʼqul, degan  fikrda edi. Ular koʻp yillar ahil va inoq yashashdi.

Keyin Ilyosning oilasida oʻgʻil farzand dunyoga keldi. Unga xayrli niyatlar bilan Aziz deya nom berishdi. Oradan  bir yil oʻtib Sobirning xonadonida tugʻilgan qizaloqning nomini  Zamira deb qoʻyishdi. Ular birga oʻynab ulgʻayishdi.

Oradan  yillar oʻtdi.

Aziz 18  yoshga kirdi.  Tumandagi fermer xoʻjaligida ishlardi. Ammo u ota-ona  kutganidek vatanning aziz oʻgʻloni  boʻlish oʻrniga… qalbida jinoyatga moyillik hissi bor edi.  Kasb-hunar kollejining oxirgi bosqichida  oʻqiyotgan kunlarning birida qoʻshnisi Z.Ortiqovning uyiga hech kim yoʻqligidan foydalanib, gʻayriqonuniy ravishda kirib,  “alanga” navli sholi uyumidan bir qopni toʻlgʻazdi. Endigina qopning ogʻzini bekitayotganida qoʻshnining oʻgʻli Nodir kelib qolib, oʻgʻrini ushlab oladi. Qoʻlga tushgan oʻgʻri bola Nodirga yalinib-yolvoradi, yigʻlaydi.

“Opam eridan ajralishib, uyga kelib oʻtiribdi, otam bu holdan gʻamgin boʻlib yuribdi, moddiy tomondan qiynalib qolishganligi tufayli  sholini sotib zarur xarajatlarga ishlamoqchiman” dedi. Bu paytda Aziz 16 yoshda edi…

Oqibatli qoʻshnilar uning yigʻlaganligi, bunday ishni ikkinchi marta qilmaslikka soʻz berganligi uchun Azizni kechirishadi.

Oʻsha paytda  bu ishdan mahalla uchastka inspektorini xabardor qilishganida ehtimol jinoyat bu darajaga borib yetmasmidi?! Bir jinoyat ikkinchisini  keltirib chiqaradi, deyishgani toʻgʻriligi Azizning taqdirida yana bir karra  namoyon  boʻladi.

Bir mahallada qoʻshni boʻlib yashaydigan qarindoshlar —  Sobir Azizni chaqiradi va bir shisha  aroq olib kelishini soʻraydi-da qoʻliga 14 ming soʻm pul beradi.

Aziz doʻkonda aroq boʻlmaganligi sababli uch shisha vino ichimligini olib keladi. Amaki jiyan rosa ichishadi. Bazm ustiga kollejda oʻqiydigan  oilaning qizi  Zamira kelib qoladi. U  ham stolga kelib, amaki jiyanning yonida oʻtirib tushlik qiladi va bogʻ tomonga chiqib mollariga suv berib oʻt tashlab yana oʻz xonasiga kirib ketadi.

Shu payt ota ham nima uchundir bogʻ tomonga chiqib ketadi. Endigina 19 yoshga kirgan Aziz  paytdan foydalanib qolishga intiladi. Koʻnglida shum niyat paydo boʻladi.

Sekingina qizning xonasiga kiradi  va uning nomusiga tegishni moʻljallaydi.  Zamira qoʻrqib ketib baqiradi. Ammo, Aziz  qizning ogʻzini yopadi va boʻynidan boʻgʻadi, qiz hushidan ketib yiqiladi. Shu paytda uning kiyimlarini yechib tashlaydi…

Qizining chinqirigʻini eshitgan otaning koʻngli nimadir sezadi va qoʻlida bolta bilan qizining xonasiga kiradi. Aziz  amakisining oyogʻidan tortib yerga yiqitadi. Boltani olib uning bosh  qismiga oʻta shafqatsizlik bilan bir necha  marotaba uradi.

Oqibatda  Sobirning bosh miya ochiq jarohati, ensa suyagi ochik botib sinishi, bosh miya yumshoq va qattiq pardalari ostiga qon quyilishi, miyaning siqilishi kabi hayoti uchun xavfli boʻlgan ogʻir tan jarohatlari yetkaziladi.

Xuddi shu paytda Zamira hushiga keladi. Oʻrnidan turib qochmoqchi boʻladi, ammo Aziz uning boʻynidan boʻgʻayotganida ota hushiga kelib turishga urinadi. Aziz amakisini yana bolta bilan uradi. Zamira amakivachchasining  otasi bilan andorman boʻlayotganidan foydalanib yigitning qoʻlidan  chiqishga urinib dolon tomonga qochadi. Ammo, Aziz bir zumda uning izidan yugurib keladi va oshxonada turgan pichoqni olib uni boʻynidan kesib yuboradi-da pichoqni tomga uloqtiradi.

Aziz amakisini qasddan oʻldiradi va qotilga aylanadi.

Qizning xonasidagi sandiqni titqilab qogʻozga oʻrab qoʻyilgan 4,8 million soʻm pulni olib oʻz uyiga yoʻl oladi.

Hovlisiga kirib tovuqxona ichiga pullarni bekitib qoʻyayotganida shu yerda bir litrlik baklashka ichiga solinib turgan yonilgʻini koʻrib qoladi. Baklashkani olib amakisining uyiga qaytib kiradi. Yonilgʻini avvalo dolonga, keyin Zamirani yotoqxonasiga va oshxona tashqariga chiqadigan yoʻlagiga sepib gururt bilan yoqib yuboradi. Oshxonada turgan suyultirilgan gaz balloni shlankasini pichoq bilan kesib, uni Zamiraning xonasiga kiritib qoʻyadi. “Mabodo gaz ballon portlab ketsa, voqeani hech kim bilmaydi” degan fikr keladi qotilning miyasiga. Keyin sekingina oʻz uyiga  chiqib ketadi va molxonasi ustida boʻlayotgan voqeani kuzatib turadi.

Oradan koʻp oʻtmay  oila bekasi, Sobirning umr yoʻldoshi, Zamiraning onasi ishdan kelib qoladi. Qarasa, uy ichi tutunga toʻlgan. Oshxonada eri Sobir oʻlib  yotardi. Erining kiyimlari yonayotganligini koʻrib darrov yugurib keladi va qiyimlaridagi oʻtni oʻchirishga kirishadi. Ammo, oʻlib qolganligini bilgach, Zamira, deya jon holatda  chaqiradi. Ammo bu dunyoni tark etgan, 17 yoshida  hayotdan koʻz yumgan begunoh va shafqatsizlarcha nomusi bulgʻangan qizning joni tanasi uzra titrab turar, qizning ovozi eshitilmas, tutundan boʻgʻriqib ketgan edi…

Ona ichkariga kiray desa hamma yoq qop-qora tutun bilan qoplangan edi. U zudlik bilan tashqariga chiqib, qoʻshnilarini yordamga chaqira boshladi. Shu vaqtda koʻzi birinchi boʻlib Azizga tushadi. Yigit molxonasi ustida ular tomonga qarab turgan edi.

— Aziz, amaking oʻlib  yotibdi, hammani  tez chaqir, — deya baqiradi va yana ichkariga kirib ketadi.

Ona oshxonadan dolonga oʻtib, bir-ikki metr yurganida pastda Zamiraning yotganligini koʻradi. Qizining boshini koʻtarganida boʻyin qismi kesilganligini, hamma joyi qon boʻlib qolganligini koʻradi. Lekin uni hali joni chiqib ketmagan, xirillab past ovoz chiqarardi.

Goʻyoki yugurib zudlik  bilan yetib kelgan Aziz Sobirni kim bilandir koʻtarib tashqariga chiqarishga urinardi. Onaizor qizining boʻyni uzilib ketmasligi uchun boshini ushlab oʻtirardi.  Yoniga “yordamga” kelgan Aziz Zamiraning oyogʻidan tortadi. Ammo boʻyni kesilganligi sababli ona Azizga shoshilmasdan koʻtarishini aytadi va oʻzi Zamirani boʻynini ushlab, koʻkragiga bosgan holda tashqariga olib chiqishadi va otasini yoniga qoʻyishadi…

Qoʻshnilari “Tez yordam” va “Yongʻin xavfsizligi xizmati”ga telefon qilganligi bois ular darrov yetib kelishgan edi. Qizni “Tez yordam” mashinasiga yotqizishadi. Tuman kasalxonasida uni operatsiyaga tayyorlashadi.  Ona ilhak kutadi. Shu payt shifokor onaning yoniga kelib “Zamira past ovozda “Aziz” degan ismni aytayapti, u kim, deb soʻraydi. Ona darhol  qizining yoniga shoshiladi.

— Zamira, Aziz deb aytayapsanmi, kim u — deydi.

Zamira nimadir deya  pichirlaydi…

Shu yerda turgan ichki ishlar boʻlimi xodimlari bu ishni kim qilganligini yozish uchun Zamiraga qogʻoz va qalam berishadi.

Zamira oʻz qoʻli bilan “Aziz, Ruxshona opani bolasi” deya yozib beradi.

Shu payt qizni zudlik bilan operatsiyaga olib kirib ketishadi. Ammo, ogʻir tan jarohati olgan Zamira operatsiya paytida yorugʻ dunyodan abadiy koʻzini yumadi…

Ertasiga Komilovlar oilasidan ikkita tobut koʻtarildi. Ota va qizning fojeali oʻlimi uchun butun bir qishloq ahli aza tutdi. Aka-ukaning,  ikki nafar tugʻishganning biri – Sobir  hayotdan koʻz yumdi. Ilyosning oʻgʻli amakisi va begunoh qizining qotiliga aylandi. Odam farzandi qilmaydigan vahshiylikka qoʻl urdi. Odamzodga, yaqin qarindoshga yarashmagan shafqatsizlik qurboni boʻlgan ikki begunohning taqdiri juda ayanchli edi.

Ota qizining qismati uchun qoʻliga bolta olib yugurdi. Qizini zoʻravon changalidan qutqarishga harakat qildi, ammo oʻzi ham vahshiylik qurboni boʻldi. Odam qiyofasidan yiroqlashib ketgan qonxoʻr jiyan amakining oilasini vayron etdi, onaizorning yuragini armonga toʻldirdi…

Boʻyi yetib turgan koʻhlikkina qizning umri shamollarga sovurildi, kollejda yaxshi niyatlar bilan oʻqiyotgan qiz umid bilan  chiqib ketgan oʻquv dargohiga ertasiga qaytib bora olmadi…

Birga oʻynab oʻsgan tengqur amakivachchasining vaxshiyligini u tush koʻribdimi axir?!

Bu ishni oʻz vaqtida toʻxtatish mumkinmidi? Aziz qoʻshnisining uyiga kirib sholi oʻgʻirlayotganida bu ishdan profilaktika inspektorini xabardor qilib qoʻyish mumkin emasmidi? Nima uchun  balogʻatga yetgan oʻsmirlar bilan targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmagan? Profilaktika inspektori mahalladagi yigitlar bilan nima uchun  profilaktik  tadbirlarni olib bormagan!

Azizning yurish-turishi shubha uygʻotmaganmidi? Oilasida notinchlik bor ekan, u nega begunohlarning umriga zomin boʻlishi kerak edi?  Oʻsmirlarning qanday ish bilan mushgʻul boʻlib yurganligidan masʼullar bexabar boʻlishganmi? Har bir oʻsmir profilaktika inspektorining nazoratida boʻlganida ehtimol yuqoridagi  jinoyat sodir  etilmagan boʻlardi!

Mahalla fuqarolar yigʻini raisining asosiy vazifasi toʻy-marakalarni oʻtkazish emas, balki birinchi navbatda hududda jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha targʻibot ishlarini olib borish, yoshlarni ichkilikbozlik va boshqa illatlardan asrash, fuqarolarni bir-biriga nisbatan mehr-muhabbatli boʻlishga undash emasmi?

Aziz Komilov fuqaro S.Komilovning juda koʻp miqdordagi mol-mulkini qasddan nobud qilish hamda amakisi va uning qizini yongʻin natijasida vafot etgandek qilib koʻrsatib, sodir qilgan  jinoyatini yashirish maqsadida jabrlanuvchining uyiga oʻt qoʻyib, voqea  joyidan ketib qolgan.  Sudlanuvchida haqiqatdan ham marhum S.Komilovning 136,2 million soʻmlik  uyini qasddan nobud qilish niyati boʻlganligi  jinoyat ishida tasdiqlangan, biroq bu jinoyati oʻziga bogʻliq boʻlmagan  holatda oxiriga yetkazilmagan.

Sobir nima uchun akasining oʻgʻli bilan spirtli ichimlik isteʼmol qildi? Axir bu yigit uning tengi emas edi-ku?!  Oʻzidan 20 yosh katta amaki bilan  aroq ichib oʻtirishlik Azizga qanday tuyulgan ekan?! Endigina mustaqil hayotga kirib kelayotgan yigit nima uchun  spirtli ichimlikka ruju qoʻydi? Nima uchun mastlik oqibatida jinoyat sodir qildi?! Savollar adogʻsiz, savollarga javoblar  esa…

Sudlanuvchi Aziz Komilov Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qancha moddalari bilan aybli deb topildi. Sud hukmi bilan 23 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

U ushbu jinoyatni sodir qilganida 18 yoshda edi. Jazo muddatini toʻliq oʻtab qaytadigan boʻlsa, soch-soqoli oqargan kishi oʻrnida tasavvur qilishning oʻzi ayanchli.

Umrining eng gullagan yigitlik yoshini u qamoqda, panjara ortida oʻtkazadigan boʻldi. Bu yillar unga azob va armon yillari boʻladi…

Feruza TANGRIBERGANOVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.