18 +  RSS  E-mail
12:10, 01 10 2018

11 yashar oʻquvchini doʻpposlagan murabbiyga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi


Foto: D.Roʻzmetov

Xorazm viloyati Bogʻot tumanidagi sport  maktab-internatining 5-sinf oʻquvchisi B.X.ni mashgʻulotlar chogʻida “epilipsik  xuruj  tutib qoldi” deya  taʼlim muassasi murabbiylari tuman markaziy kasalxonasiga olib kelishdi. Biroq murabbiylarning  bergan notoʻgʻri koʻrsatmalari  sababli bolakayga birinchi tibbiy yordam muolajalarini toʻliq koʻrsatish imkoni boʻlmaydi. Oqibatda oʻquvchining ahvoli ogʻirlashib koma holatga tushib qoladi.

Ertasi kuni viloyat markazida MRT  va boshqa tahlillar natijasida bemorning miyasiga qon quyilganligi hamda miyaning chap qismini ezilishi holatlari aniqlandi.

Jurnalistlar aralashuvidan soʻng viloyat bosh nevroxirurgi Bahodir Eshchonov bemorni ahvolini nazoratini oʻz zimmasiga oldi. Zudlik bilan Bogʻot tumaniga yuborilgan Hamid Bekchonov boshchiligidagi malakali vrachlar ishtirokidagi konsilium oʻtkazilib, tegishli muolajalar tayinlandi.

Bugungi kunda bemorning ota-onasi va davolovchi shifokorlarning aytishicha, xavf ortda qolib, tez kunlarda bolaning hushiga kelishiga umid bor.

Biz bilan uchrashuvda  Bogʻot tumani prokurori Alisher Roʻzmetov bemor B.X.ning kaltaklanish xususidagi tuman IIBga  otasi tomonidan berilgan arizasini oʻrganish boʻyicha  amalga oshirilayotgan tezkor va surishtiruv ishlarni  shaxsan oʻz nazoratiga olganligi va  ushbu maktab-internatning bir guruh oʻquvchilari bilan psixolog ishtirokida yakkama-yakka suhbatlashgani, shuningdek murojaat asosida olib borilgan surishtiruv ishlari va oʻtkazilgan sud-tibbiy xulosasi natijasida maktab-internatda sport murabbiyi boʻlib ishlovchi, 1982 yilda tugʻilgan R.J. 11 yoshli oʻquvchini qasddan urib tan jarohati yetkazganlikda ayblanayotganligini maʼlum qildi. Shuningdek murabbiy  R. J. ga nisbatan mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani haqida xabar qildi.

Davlatnazar ROʻZMETOV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.