18 +  RSS  E-mail
9:47, 30 09 2018

Bir banka salatni deb…


Foto: happyfamily-nsp.com

Oʻzini osgan ayolning gunohi kimning boʻynida?!

Muqaddas hadislarda “oʻzingdan ojizlarga kuchingni koʻrsatma” deyiladi. Ojiza deb ayollar va bolalarni tushunish mumkin. Toʻgʻri-da, kuchli odam oʻzi bilan teng vaznda va teng yoshdagi kishi bilan bellashishi va mushtlashishi mumkin. Ammo, oʻzidan ojizlarga kuchini koʻrsatib qoʻyish juda kulguli….

Sudlanuvchi Q.Q. ana shunday kimsalardan boʻlib chiqdi. U ayni paytda ellik olti yoshda boʻlsa ham achchigʻi tez edi. Bor alamini turmush oʻrtogʻidan olishga harakat qildi. Bu alamning kundan kunga kuchayishiga uning onasi ham sabab boʻldi.

Ota-onasining uyidan alohida chiqib  yashayotgan Q.Q. ota uyiga  kirib keldi. Ona uni bu gal boshqacharoq tarzda kutib oldi. Va oʻgʻliga  kelini, yaʼni uning umr yoʻldoshining oʻgʻirlik qilganligini (oʻgʻirlik boʻlganida ham atigi bir  banka pomidor salati edi) aytadi. Q.Q. bu  gapdan  nomus etadi va  uyiga kelib xotinini doʻpposlaydi. Nabirali ayol kelini oldida eridan  oʻgʻrisan degan gapni eshitganligi, haqorat qilinib, kaltak yeganligi uchun juda hijolat boʻladi va oʻgʻirlik qilmaganligini aytadi. Ammo er ishonmaydi.

Q.Q. yana onasining oldiga boradi va zorlanib yigʻlayotgan xotinining holatini, qasam ichib oʻgʻirlik qilmaganligini,  oʻtinayotganligini aytadi. Qaynona esa kichkina kelini  N.ning oʻgʻirligini koʻrganligini taʼkidlaydi.

Er yana uyiga dargʻazab holda keladi. N.  “agar qaynonam va ovsinimga pomidor salati juda zarur boʻlsa, men onamning uyidan olib kelib beraman. Zora ularning jagʻi tinchisa” deydi va aytilgan salatni eltib beradi.

Ammo, er yana gʻazabga minadi. “Aslida oʻgʻirlik qilgandirsan, boʻlmasa nega ota uyingdan keltirib berding” deydi. N. esa qayn tomondagilarning  gap-soʻzlaridan charchab ketganligini aytsa ham eri uni battar kamsitib haqorat qila boshlaydi…

Bunday  ahvolga tushganidan, kelini oldida uyalganidan  ayol oʻzicha bir rejani tuzadi. “Menga  otilayotgan tuhmatlardan oʻlib qutulaman. Agarda dunyodan koʻz yumsam qayn tarafdagilar albatta pushaymon boʻlishadi. Mening gunohim ularning boʻynida qolsin” deydi  oʻz-oʻziga va ogʻilxonaga boradi-da  boʻyniga sirtmoq tortib oʻzini osib qoʻyadi.

Mana sizga narxi juda past turadigan bir banka salat va N.ning haqoratlanishi, peshonasiga oʻgʻri degan tamgʻa bosilishi oqibatida jonidan toʻyib ketib oʻz joniga qasd qilganligi holati.  Juda ayanchli, toʻgʻri emasmi?

Endi kelinining bevaqt oʻlimiga sababchi boʻlgan qaynona va umr yoʻldoshining gunohini boʻyniga olgan er, unga tuhmat qilgan ovsin vijdoni oldida nima deb javob  berishadi?  Nari borsa bir banka salatning bahosi 5 ming soʻm boʻlsin! Ammo N.ning guldek hayotini arzimagan chaqalar qaytib berarmidi?

Toʻrt nafar farzandning onasi boʻlgan ayol tuhmat toshlariga chiday olmasdan hayotdan toʻyib ketadi va oʻzining shirin joniga qasd etadi.

Ha, u oʻlmasligi ham mumkin edi! Ammo sirtmoq boʻyniga tushganida qilayotgan ishining dahshatli ekanligi esiga tushdi va  sirtmoqdan boʻynini boʻshatishga urindi. Inqilladi. Ammo tevarak-atrofda uning  ovozini eshitadigan kimsa yoʻq edi. Ming pushaymonlikda u azob bilan jon taslim  etdi!

Q.Q. esa shu yuzadan sudlandi. Sud hukmi bilan 3 yil-u 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Oydin NURIYEVA.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.