18 +  RSS  E-mail
15:26, 29 09 2018

Qirq yilga yaqin qozon qaynatgan soxta diplom


Foto: yandex.ru

Umrning eng goʻzal pallasi — talabalik. Uni oltin davr deyishadi. Biz hikoya qilmoqchi boʻlgan ushbu taqdir aslida kichik emas, bir insonning ish faoliyati, rizqi, uyiga olib kelayotgan osh-noni… qisqasi, roʻzgʻorni tebratayotgan soxta diplomi haqida.

R.N. bundan ancha yillar ilgari Jizzaxda oʻqiyotgan xorazmlik yigit bilan tanishib qolib, 1974 yili vohaga kelin boʻlib tushdi. Oʻshanda  qaynotasi (rahmatli) boʻlajak kelinini “oʻzim oʻqitaman” deb koʻndirgan edi.

Oradan uch-toʻrt yil oʻtib, qaynota soʻzining ustidan chiqishga kirishdi: kelinini Nizomiy nomidagi Toshkent davlat institutiga olib borib oʻqituvchilar bilan tanishtirdi (sudlanuvchining koʻrsatmasidan). Shunda u “Nizomiy” institutiga hujjatlarini topshirdi. Keyin har olti oydan yoki bir yildan oʻqishga borib-kelib yurdi. Farzandli boʻlgach esa hatto ikki yillab oʻqishga qadamini bosmadi. Biron marotaba imtihon ham topshirmadi. Biroq qaynotasi unga 1981 yili institutning pedagogika va psixologiya yoʻnalishini tamomlaganligi toʻgʻrisidagi diplom nusxasini olib kelib berdi. Shunda u diplomning aslini soʻrasa, qaynotasi ham asli oʻzida ekanini aytib qoʻya qoldi…

R.N.ning sudda bergan koʻrsatmasiga quloq tutsak, diplomning aslini umuman koʻrmagan. Ammo diplom nusxasining oʻzi bilan nafaqaga chiqishga ham ulgurgan. Bugun oltmish yoshdan oshgan R.N. ushbu diplom nusxasi bilan fuqarolar yigʻinida maslahatchi lavozimidayam ishlagan.

Oradan qirq yilga yaqinroq vaqt oʻtib, mana, diplomning qalbaki ekanligi aniqlanib turibdi. Aniqrogʻi, joriy yilning aprelь oyida R.N. oʻz mahallasida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassislikka tanlov boʻlib oʻtganida ushbu diplomni taqdim qilgach, uzoq yillik “sir” ochildi.

Mazkur holat yuzasidan sudlanuvchining aybiga toʻliq iq-rorligidan tashqari, oilaviy ahvoli, qilgan ishidan chin koʻngildan pushaymonligi, har bir ishiga masʼuliyat bilan yondashganligi, shuningdek, bu borada guvohlar koʻrsatmalari ting-landi.

Sudlanuvchi R.N. ushbu qilmishi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va kodeksning tegishli moddasi qoʻllanib, jazodan ozod etildi.

Akmal JUMAMURODOV.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.