18 +  RSS  E-mail
17:25, 28 09 2018

Telefonomaniya: zararmi yoki foyda?!


Foto: yandex.ru

Uch oy avval 6 million soʻmga iRhone 9 smartfonini sotib olgan edi, bugun uni arzonroqqa sotyapti. Yoqmagani, eskirgani yoki buzilgani uchunmas – iRhone X chiqibdi. Shunisini olmoqchi…

Telefonomaniya koʻrinishlaridan biri boʻlgan yuqoridagi holatni atrofimizdagilar misolida koʻrib, guvohi boʻlyapmiz. Oʻtgan yili taqdim qilingan smartfonning bu yilgi yangi turkumidan farqi judayam katta emas.

Qoʻshimcha ayrim funktsiyalar ekranning biroz kattaligi… aslida bular mobil aloqa foydalanuvchisi hayotini oʻzgartiradigan hech qanday ahamiyatga ega emas.

Biroq, har bir yangi modelni olishga majbur qilayotgan psixologiya yildan-yilga shakllanib, kuchayib boryapti. Buning koʻrinishlari ayrim xorijiy mamlakatlarda yuqori nuqtaga chiqib boʻlgan. iRhone ning yangi turkumi chiqishidan bir necha kun avval rasmiy doʻkonlarda, navbatlar yuzaga kelayapti. Kunlab navbat kutib, smartfon oladigan kishilarning undan qanday “tashnalik” bilan foydalanishini tasavvur qilish qiyin emas. XIX asr oxirlarida oddiy telefonlardan qoʻrqish holatlari (telefobiya) kuzatilgan ekan, bugun esa millionlab kishilar boshqa xastalik — telefonomaniya (mobil telefonga qaramlik)dan aziyat chekmoqda.

Telefonomaniyaning bir qancha belgilari bor. Quyida sanaladigan holatlar sizda qanchalik koʻp boʻlsa, bilingki vaziyat shunchalik tashvishli.

Mobil suhbat — jonli suhbatdan osonroq telefonomanlar tanishlari yoki hamkasblari bilan jonli muloqotda bir gapni qovushtira olmay qiynaladilar. Lekin telefonda allakimlar bilan soatlab gaplashishlari mumkin. Yaqinlari esa boʻlar-boʻlmas qoʻngʻiroqlar bilan bezovta qilaveradilar.

Istalgan boʻsh vaqtini SMS, telegram yoki twit yozishga sarflashga intilish jonli muloqot oʻrnini virtuali egallayotganidan darak beradi.

Oxirgi vaqtlarda AQSh shifokorlari bosh barmoqning noodatiy chiqishi holat-lariga duch kelmoqda. Bu xastalikdan asosan SMS ishqibozlari va mobil internetda “oʻtiradigan”lar aziyat chekarkan. Doimo kimdandir qoʻngʻiroq kutib, mobil qaramlikka chalingan kishi doim havotirda yuradi. Qoʻngʻiroq chalinmasa yoki SMS kelavermasa asabiylasha boshlaydi va “balki eshitmay qolgandirman” degan havotirda telefoni ekranini tekshiraveradi.

Telefoni yoʻqligida oʻzini yomon his qilish. Agar telefonoman telefonini unutib qoldirsa yoki yoʻqotsa, oʻzini qoʻyarga joy topa olmay qoladi. Tushkunlikka, hayot zavqini yoʻqotganidek holatga tushadi. Hatto jizzakilik ham kuzatiladi.

Telefoniga barcha yangi ilovalarni koʻchirishga intilish. Bunday kishilar yangi dastur, musiqa, rasm qidirishga soatlab vaqtini sarflashadi.

Telefon apparatlarini tez-tez almashtirish. Mobil qaramlikda telefon apparati qoʻlqopdek almashtiriladi. Ular uchun asosiysi — mobil doʻstning doim yangi modelda boʻlishi. Qizigʻi, oʻsha telefon imkoniyatlarining yarmidan ham foydalanmay turib, uni “eskirgan” deb hisoblaydi. Va yangi funktsiyalarini qidirishga tushadi. Navbatdagi apparat qimmmatroq va murakkabroq boʻlsa bas. Bunday psixologik holat “gadjet addiktsiya” deyiladi.

Bir nechta sim-karta va telefon tutish. Telefonomanga bitta tarmoq kamdek tuyuladi va boshqa operatorlarning sim-kartalariga ham ulanadi. Baʼzida ulardan umuman foydalanmasligi mumkin. Asosiysi — har bir sim-karta alohida telefonda va u doim yonida boʻlishi kerak.

Agar yuqoridagi belgilar sizda yoki yaqinlaringizda kuzatilsa, demak mobil qaramlik paydo boʻlgan.

Mahbuba  XUDOYBERGAN QIZI.


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.