18 +  RSS  E-mail
13:00, 26 09 2018

Bank va mijoz: Sizga qanday xizmat koʻrsatishmoqda?


Muhim ish yuzasidan “Mikrokreditbank”ning Urganch shahar boʻlimiga bordim. “Kredit boʻlimi”da ikki nafar xodim — bir ayol va bir yigit oʻtirgan ekan. Kirishim bilanoq  erkak kishi menga yuzlanib:” Hoy qiz, svetni  (chiroqni demoqchi) yokib yubor” dedi buyruq ohangida. Men hayron boʻldim.

— Menga aytib turibsizmi,-dedim hayratda.

— Ha… senga,-dedi  erkak xodim qoʻrslik bilan sensirab.

— Sizlar kelgan mijozlar bilan shunaqa ohangda gaplashasizlarmi,- dedim tutaqib…

Erkak indamadi-yu uning oʻrniga  ayol oradagi noqulaylikni yumshatish uchun  muloyimlik bilan gapirdi.

— Bu mijoz-ku, axir, oʻzim yoqib yuboraman,-dedi hamkasbining  muomalasidan uyalinqirab…

Ayol qoʻlimga men soʻragan zarur hujjatni tutqazdi-da  “mana bu xonaga kirib qoʻl  (imzo demoqchi) qoʻydirasiz” dedi.

Ayol  aytgan xonaga kirdim.

Bu yerda oʻtirgan yigit mening kirganimni koʻrdi va :

— Ha, novvi, — dedi.

— Shu…  imzo qoʻyib  berar ekansiz…

U qoʻlimdagi hujjatni oldi va  imzo qoʻyib mensimasdan  oldimga  otib yubordi.

Ovorai sarson boʻlib   muhr qoʻydirish uchun yana bir xonaga oʻtdim. Bu yerda oʻtirgan xodim  qoʻl telefonida nimanidir  tomosha qilayotgan edi. Xonaga kirgan va chiqqan  odam bilan ishi yoʻq,  kim kelayapti, kim ketayapti befarq… Butun diqqat – eʼtibori telefondagi  tomoshada. “Ajabo! Ish paytida… shunaqasi ham boʻlarkan” degan oʻyga bordim.

Xodimning telefondan boʻshashini kutib ancha turdim. Uning eʼtiborini tortish uchun  yoʻtalib ham koʻrdim. Boʻlmadi. Nihoyat, ,  “siz shu yerda ishlaysizmi?” degandan soʻnggina  u  boshini telefondan koʻtarib menga qaradi va “xoʻsh, xizmat” degandek  savolomuz tikildi va hujjatga  muhr bosib berdi.

Men ishimni tugatiboq  ushbu mahkamadan tezroq qochib chiqib ketishga harakat qildim. Bu yerdagi muhit kayfiyatimga  salbiy taʼsir qildi.

Mana sizga nufuzli bir idoradagi mijozlarga boʻlgan sovuqqonlik va loqaydlik, eʼtiborsizlik. “Zarurat boʻlmaganida kelmasdim,  idorangizni yelkamning chuquri koʻrsin” dedim ich — ichimdan va tashqariga chiqqach ancha yengil nafas oldim.

Biz xizmat yuzasidan, gohida shaxsiy yumushlar bilan juda koʻp banklarda boʻlamiz  va  oʻsha joyda ishlovchi xodimlarning yuksak madaniyatli ekanligini koʻrib kayfiyatimiz koʻtariladi.  Yaxshi muomalasi uchun xodimlarga rahmat aytib ketamiz.

Soʻzimizning isboti tariqasida misol keltiramiz. Urganch shahridagi  “Hamkorbank” ka borganimizda kasbiga masʼuliyatli xodimlarning har bir mijozga hurmat-eʼtibor qaratilishini, mijozlarning yuksak qadrlanishini koʻrib quvondim. Muomala madaniyati yuksak boʻlgan bank xodimlari har bir keluvchiga iliq muomalada, tabassum bilan  aʼlo darajada xizmat koʻrsatishadi.  Darhol stul qoʻyib  berib oʻtirishga taklif qilishadi. Shuning uchun ham  yana shu bankka  borishni koʻngil istaydi…

“Ipoteka” bankda va  ayniqsa uning “Tinchlik” filialida ham yuksak madaniyatli, farosatli, kasbini sevgan xodimlar mehnat qilishayotganligiga guvoh boʻldim. Ammo, biz yuqorida  misol tariqasida keltirgan  bankdan  har gal taʼbimiz xira boʻlib chiqadi….

Istagimiz — “Mikrokreditbank”ning Urganch shahar boʻlimi xodimlari murojaat qiluvchilar bilan  muomala qilishda biz yuqorida tilga olgan  banklarning xodimlaridan  oʻrnak olishsa hamda mijozlar bilan  samimiy va hurmat bilan, eʼtiborli holda suhbatlashishni oʻrganib olishsa  ayni muddao boʻlardi!

Feruza TANGRIBERGANOVA.

(“Xorazm haqiqati” gazetasi 2018 yil 22 sentyabrdagi 76-soni)


© 2018-2019 Dadil.uz
DADIL.UZ - axborot-tahliliy portali. 2018 yil 1 iyundagi 1233-sonli guvohnoma.
Sayt materiallaridan qisman yoki toʻliq foydalanganda “Foydalanish shartlari”ga amal qilinishi lozim.
Mualliflik huquqi qonun bilan himoyalangan.